Oqto‘bedagi fojia Namangan viloyatiga qayg‘u olib kelgandi. Zero, halok bo‘lgan o‘g‘lonlarini tuproqqa qo‘yish oson emasdi. Ha, namanganliklar katta yo‘qotishdan juda ezilib ketdilar. Ayriliq ko‘z yoshlari...
2018 yilning 27 yanvar sanasi. Xitoyda yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni aniqlandi. O‘zbekistonlik umidli futbolchilar xushxabar olib kelishdi. Sevinch ko‘z yoshlari...
Garchi bu muvaffaqiyat halok bo‘lgan azamatlarning o‘rnini bosolmasa-da, yosh futbolchilarimizning zafari hammamizga yupanch vazifasini o‘tadi. Baxtsiz hodisadan qattiq iztirobga tushgan Namangan esa qaddini ko‘tardi. Butun dunyo nigohi O‘zbekistonga qaratildi. Bizning yoshlarni milliardlab tomoshabinlar olqishladi. G‘oyat og‘ir vaziyat va noqulay ob-havo sharoitiga qaramay, matonat va jasorat ko‘rsatgan vakillarimiz mislsiz yutuq - mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritdilar. Shu tariqa ular yurtimizga, ayniqsa, Namanganga xursandchilik ulashdilar.
Termamiz a’zosi - Namangan farzandi Odiljon Hamrobekov musobaqa yakunida «Eng foydali futbolchi», deb topildi. Odiljon O‘zbekistonning, Namangan viloyatining, Namangan tumanining, qo‘yingki, Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘ining chinakam faxriga aylandi. Sho‘rqo‘rg‘on - shoirlar qishlog‘i sifatida dong‘i ketgan. O‘ktam Mirzo, Sanobar Bobonazarova, To‘xtaxon Rahimova, O‘ktamoy Xoldorova, Dilorom Sotiboldiyeva, Nosirjon Jo‘rayev kabi ijodkorlar so‘z ixlosmandlariga yaxshi tanish. Shoirlari bilan maqtanadigan sho‘rqo‘rg‘onliklar endi Odiljondek dunyoga mashhur futbolchisi bilan ham iftixorga to‘ladigan bo‘lishdi.
Sho‘rqo‘rg‘onga bahor keldi! «Iye, hali qishning tugashiga bir oy bor-ku?!», deyayotgandirsiz? Atrofda izg‘irin hukm surayotgan bo‘lsada, qishloqdagi manzara ko‘klamni eslatmoqda. Kunlar isishi hamono chumolilar yer yuziga o‘rmalab chiqishadi. Bizda ham shunday bo‘ldi. Odamlar uyidan chiqib, ko‘chani to‘ldirgancha Hamrobekovlarning uyi tomon shoshardi. Kattayu kichik o‘rtasidagi suhbat mavzusi - tarixiy g‘alaba muhokamasi, Odiljonning muvaffaqiyati. Uch yarim yoshli o‘g‘limning ham «O‘zbekiston yutdi! Odil aka chempion bo‘ldi!» deya suyunchilagani meni yanada ilhomlantirdi.
Ularning xursandchiligiga sherik bo‘lib, dildan suhbatlashish maqsadida fayzli xonadonga chiqdim. Kamtargina hovli darvozasi lang ochilgan. Qahramonimiz Odiljonning o‘zi safarda bo‘lsa-da, uni voyaga yetkazgan, kamol topishiga hissa qo‘shgan ota-onasi va ustozlari, o‘rtoqlarini qishloq ahli va uzoq-yaqindan mehmonlar qutlagani kelishmoqda. Odiljonning diplomlari, shoda medallari, kuboklari, esdalik sovg‘alarini ko‘zdan kechirishyapti. Chempionning hamyurti bo‘lish zavqli va sharafli. Fursatdan foydalanib, futbolchimizning bobosi Hamrobek ota, otasi Sohibjon va onasi Ra’noxonlarni suhbatga tortdik.
Hamrobek ota Yusufjonov (chempionning bobosi): - Ismim dunyo bo‘ylab yangraganidan quvonchimning cheki yo‘q. Mahallamizdagi mehmonxonada (qish faslida har kuni palov yeyiladigan, yoshlar va keksalar to‘planadigan joy bizda shunday ataladi) futbolni boshqacha qiziqish va duo bilan ko‘rdik. O‘yin tugashi hamono qo‘shnilar, hamqishloqlar, tanish-bilishlar termamiz g‘alabasi va nabiramning yutug‘i sabab xurchandlikdan yig‘lashganini bildirishdi. Uyimizga kelib tabriklashdi, hayajonlarini yashirishmadi.Sho‘rqo‘rg‘onimizda katta bayram nishonlanyapti. Nasib etsa, nabiramning kelishiga qo‘chqor so‘yamiz, nishonlaymiz! Yana bir gap. Odiljonning dadasi, ya’ni o‘g‘lim Sohibjon ham yoshligida futbolga xo‘b qiziqqan. Oilaviy holatimiz, dala ishlari tufayli yetarli sharoit yaratib berolmaganmiz. Xullas, otasining orzusini farzandi ro‘yobga chiqardi. O‘zbekiston yoshlariga muxlislik qilgan hamma futbol ishqibozlariga mingdan-ming rahmat! Vetnamliklarning «O‘zbeklar kuchli ekan!», degan so‘zlari qulog‘imga o‘rnashib qoldi. Ichimga sig‘may ketyapman. Rahmatli Rahimaxon buvisi shu kunlarni ko‘rmadi-da. U hayotligida «Ko‘rasiz, Odiljondan umidim bor, u mashhur futbolchi bo‘ladi!», derdi va tinmay duo qilardi. Nabiram ajoyibda, har gal safar yoki o‘yindan oldin telefon qiladi, oq yo‘l tilaymiz.
Sohibjon Yusufjonov (chempionning otasi): - O‘zbekiston U-23 terma jamoasi a’zolari ishonchni oqlashdi. Ayniqsa, o‘g‘lim Odiljondan ko‘nglim to‘ldi. 13 fevralda u 22 yoshga to‘ladi. Aminmanki, u milliy termamiz tarkibidagi asosiy o‘yinchilar qatorida. Ikki o‘g‘il va bir qizni tarbiyaladik. Farzandim O‘zbekiston iftixori bo‘lganidan bag‘oyat xursandman. Odiljon bolaligidan sportga qattiq mehr qo‘ygandi. 2011 yili Namangandagi musobaqada «Nasaf» futbol akademiyasi murabbiylari e’tiboriga tushdi. Shu tariqa Qarshidagi tayyorlov maktabiga qabul qilindi. Tez orada jamoa kashfiyoti sifatida taqdirlandi. Mana, bugun termaning foydali o‘yinchilaridan biri. Unga futboldagi ilk saboqlarni o‘rgatgan Mahmudjon Rahimov, «Nasaf»dagi ustozi Ro‘ziqul Berdiyev, yoshlar termasidagi murabbiyi Ravshan Haydarovga alohida rahmat aytmoqchiman.
Ra’noxon Yusufjonova (chempionning onasi): - Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning farzandlarimizga yo‘llagan samimiy tabrigidan boshimiz osmonga yetdi. Tabriknomani eshitib, to‘lqinlanib ketdim. «Aziz farzandlarim!» deya boshlangani ayniqsa, e’tiborli. Odiljon nafaqat mening, balki O‘zbekistonning, xalqimizning ham sevimli farzandi ekanligini his qildim. Shunday o‘g‘lim borligidan g‘ururlanyapman. Uni xalqimning duosi asrasin, ilohim, omadini bersin! Boshqa onalarning ham shodligiga sherikman. Ichimdan o‘tayotganlarni o‘zim bilaman. Qor yog‘ib turgan paytda kechgan o‘yinni kuzata turib, Odiljonning bolaligi yodimga tushdi. Qor kechib, to‘p o‘ynaganlarini, futbolni deb bolalik zavqini ham unutgani, oromini yo‘qotgani, bir vaqtlari kasallikka chalingani tufayli maydonga tushishi taqiqlab qo‘yilgani - hamma-hammasini, boshidan o‘tgan qiyinchiliklarni esladim. U jamiki yutuqlariga mashaqqatli mehnati, odobi bilan erishdi. U zabt etgan cho‘qqi shunisi bilan yanada qadrlidir! Ha, eng baxtli onalardan biriman. Ertayu kech qo‘ng‘iroqlar bo‘lyapti, yo‘qlashyapti, muborakbod etishyapti. Xuddi yettinchi osmonda uchib yurgandekmiz. Ishonasizmi, o‘sha kuni uxlolmay chiqdik, quvonch ham kishini bedor qilarkan. Odiljonning yana bir bobosi Sadriddin ota va buvisi Rahimaxon ayalar hamisha ezgu niyat qilishdan charchashmaydi. To‘g‘risi, opa-singillarimizning futbolga qiziqmasliklari barchamizga ayon. Lekin o‘g‘limning hurmatidan qishlog‘imiz, mahallamiz ayollarining ham millionlar o‘yinini tomosha qilishgani meni hayratga soldi. Ko‘pchilik «qor jangi» dedi, mening xotiramda esa ayollarni futbol ko‘rishga undagan qiziq voqea sifatida muhrlanib qoldi.
Shundan so‘ng, Osiyo chempioni, Xitoyda o‘tkazilgan turnirning eng foydali futbolchisi sifatida e’tirof etilgan Odiljon bilan telefon orqali bog‘lanib, uning fikrlarini so‘radik.
Odiljon Hamrobekov (O‘zbekiston (U-23) terma jamoasi va «Nasaf» klubi yarim himoyachisi):
- Mazkur g‘alaba jamoamiz delegatsiyasi, xodimlar va bizni qo‘llab-quvvatlaganlarga ataladi. Birinchi uchrashuvda yutqazganimizdan keyin chempion bo‘lishimizga deyarli hech kim ishonmay qo‘ygandi. Ammo buni uddaladik. Qorli ob-havoda ham muxlislarning sodiqligi, xalqimizning duosi bizni yanada ruhlantirdi, g‘ayrat-shijoatimiz ortdi. «Toyota» kompaniyasi tomonidan eng foydali futbolchiga ajratilgan sovrin - 20000 AQSh dollari faqat o‘zimga tegishli emas. Futbol jamoaviy sport turi, unda 11 nafar o‘yinchi birdek harakat qiladi. O‘ylashimcha, barcha sheriklarim turnirning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga loyiq edilar...
Ota-onasi, ustoz-murabbiylarining ta’kidlashlaricha, Hamrobekov juda yaxshi tarbiya topgan, og‘ir-bosiq va mulohazali. Har qanday vaziyatni chidam bilan yengadi, kattalarning tanbehlaridan o‘rinli xulosa chiqaradi. Eng muhimi, maydonni yaxshi ko‘radi, aql bilan ish tutadi. Muomalasi, tinmay izlanishi, ustozlarining ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishi - bularning bari uning muvaffaqiyatlari asosini belgilab bermoqda, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Orifjon Jo‘rayev
Manba: interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...