15:25 / 10.02.2018
3 081

Asl sabab yoxud O‘FA prezidentining ilk matbuot anjumani haqida

Asl sabab yoxud O‘FA prezidentining ilk matbuot anjumani haqida
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Achilbay Ramatov tashkilot rahbari sifatida o‘tkazgan ilk matbuot anjumanida ko‘plab savollarga javob berdi. Hattoki, o‘rtaga tashlanmaganlariga ham.

O‘FA prezidentiga biror masalada savol berishga hojat qolmadi, zero, u shu vaqtga qadar hech qaysi mutasaddi tomonidan aytilmagan barcha muammolarni ochiq-oydin ko‘tardi.

Kelishilgan o‘yinlar, noxolis hakamlik, bolalar futbolidagi illatlar - hech nima chetda qolmadi. Ajablanarlisi, bularga e’tiroz bildiradigan odam topilmadi.

Aksincha, hamma ma’qullab o‘tirdi. Vaholanki, shu vaqtga qadar o‘sha «ma’qullovchi»lar biror marta biror aybni tan olishmagan...

Keling, endi bitta holatni aniqlashtirib olsak. Mana, Ramatov kelishilgan o‘yinlar borligi haqida gapirdi, mutasaddilar esa bosh irg‘ab o‘tirishdi. Tashkilot rahbari noxolis hakamlik bo‘yicha so‘z ochdi va bunisini butun dunyoga dong‘i ketgan referimiz ham ma’qulladi.

Bolalar futboliga mas’ul sanalganlar esa murabbiylar 300 ming so‘mgina maosh olishlarini endi bilgandek hayron qolishdi. Vaholanki, majlisda o‘zbek futboliga u yoki bu lavozimda boshchilik qilib kelayotgan barcha mutasaddilar jam bo‘lishgandi. Ammo hech kim Ramatovga qaysidir masalada e’tiroz bildirgani yo‘q.

Endi o‘ylab ko‘raylik, agar shu gaplarni oddiy jurnalist yoki muxlis aytganida, nima bo‘lardi? Yomon bo‘lardi, juda yomon... Kamida «Isboting bormi?» qabilida savol tashlanardi. Hattoki, tuhmatchiga chiqarib qo‘yishlari hech gap emasdi. Qiziq, bir yilgina oldin isbot talab qilganlar nega endi barcha tanqidiy fikrlarga qo‘shilishmoqda?

O‘zbek futbolida kelishilgan o‘yinlar borligini har doim sezganmiz, bilganmiz. Shuningdek, ba’zi hakamlar o‘ziga yarasha «stavka» asosida ishlashlariyu, «o‘lpon» to‘lashni istamagan klub boshiga qanday kunlar solinishi haqida ham bot-bot eshitganmiz. Ammo balo shundaki, hech qachon qo‘limizda isbot bo‘lmagan.

Axir qing‘ir ishga qo‘l urgan kishi isbotni tutqazib qo‘yarmidi? Yo‘q, albatta. Ramatov «maynavozchilik» sifatida baholagan «Paxtakor» - «Metallurg» (3:2) o‘yinida qanday voqealar ro‘y berganini hammamiz ko‘rganmiz. Avvalgi mavsum «Paxtakor» - «Bunyodkor» (1:0) uchrashuvini boshqargan hakam darvozaga kirmagan to‘pni gol o‘rnida qabul qilganiyu, keyin qarorini o‘zgartirganini ham ko‘rganmiz.

Jurnalistlar tomonidan bu haqda qanchadan-qancha savollar berildi. Ammo javobini faqat endi eshitdik. Haytovur, O‘FAning navbatdan tashqari hisobot-saylov yig‘ilishi bor ekan, aks holda, yopiqlik qozon yopiqligicha qolardi. Nima, Ramatovning gaplarini ma’qullashgan mutasaddilar o‘sha «o‘yin»lardan bexabar edilarmi?

Jurnalistikaga kirib kelganimdan buyon juda ko‘p majlislarda qatnashdim. Ammo 10 yil badalida birinchi marta matbuot anjumanidan ko‘nglim to‘ldi, barcha savollarga javob oldim. Vaholanki, loaqal 1ta savol ham berganim yo‘q. O‘FA prezidenti barcha muammolarni bizdan yaxshiroq bilar ekan, ochiq-oydin ochib tashladi.

Rahmat! Ilgari bunday yondashuvni faqat orzu qilardik. Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Shuncha gaplardan so‘ng ijobiy o‘zgarishlarni ko‘ramizmi? Yodingizdami, futbolimizda ilgari ham shunga o‘xshash voqelik kuzatilgandi.

Ya’ni Mirabror Usmonov yuqorida tilga olingan «Paxtakor» - «Metallurg» (3:2) o‘yini haqida gapirgan va 2015 yilgi mavsum yakuniga yetganidan so‘ng aybdorlarga jazo tayinlanishini aytgandi. Biroq...

Gapning qisqasi shuki, futbolimizda muammolar borligi rasman tan olingan ekan, endi ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni paysalga solmaslik lozim. Kelishilgan o‘yinlar va noxolis hakamlikni yo‘qotishning yo‘li bitta - huquq-tartibot organlarini ishga solish.

Aks holda, «kelishuvchilar» biroz vaqt chetda pisib turishadi-da, yana avvalgi «karamsho‘rva»ni boshlab yuborishadi. Kelishilgan o‘yinda ishtirok etish jinoyatmi? Jinoyat. Demak, jazosini olishi shart.

Mayli, shu vaqtga qadar bo‘lgan ishlar uchun kimdir javob bermasin, rozimiz. Ammo bundan keyin hushyor turaylik. Bilasiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasining shu kunga qadar jahon chempionatiga chiqolmaganiga ko‘plab sabablar keltirganmiz: murabbiy yaxshi emas, futbolchilar dangasa, o‘rtoqlik o‘yinlari sifati past va hokazo...

U yog‘ini so‘rasangiz, aybni bolalar futboliga taqab, mundial yo‘llanmasi boy berilganiga shuni sabab qilib ko‘rsatganlar ham bor. Ammo oliy va birinchi ligadagi qing‘irliklar sabablar negizi ekanligini ochiq aytadigan kishi topilmayotgandi.

Kim yutishini qo‘ya turing, qanday hisob qayd etilishiyu, kimlar gol urishi oldindan aniq tuyulgan o‘yinda «toblangan» futbolchilar jahon chempionatiga chiqa olishadimi? Javobini 20 yildan buyon ko‘ryapmiz.

Ishoning, bunday qing‘irliklarni birdaniga yo‘qotish mushkul. Balki ancha kamayar, ammo uchrab turadi, baribir. O‘rgangan ko‘ngil, o‘rtansa qo‘ymas. Yangilangan O‘FA esa aynan shunga qarshi kurash oldida turibdi.

Butun mavsum davomida bittagina kelishilgan o‘yin bo‘lsa ham, fosh etilishi va aybdor jazolanishi kerak. Aslida hammasi «bitta-bitta»dan boshlanadi. Vaqtida boshini yanchmasangiz, keyin o‘z-o‘zidan ko‘payib, urchib ketishi hech gap emas...
ABDULLOH


Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Asl sabab yoxud O‘FA prezidentining ilk matbuot anjumani haqida