“Chinor” metro bekati ikki oyga yaqin yopiladi

Toshkent metropolitenining “Chinor” metro bekatida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari boshlanishi munosabati bilan bekat 13 iyundan boshlab 50 kun muddatga yopiladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK ma’lum qildi.
Bildirilishicha, loyiha doirasida bekatning kirish va chiqish hududlari kengaytiriladi, aholining barcha qatlamlari uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 4 ta katta sig‘imli zamonaviy lift o‘rnatiladi. Shuningdek, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yaxshilash uchun qo‘shimcha 12 ta turniket o‘rnatish rejalashtirilgan.
Shu sababli rekonstruksiya ishlarini xavfsiz va sifatli amalga oshirish maqsadida “Chinor” metro bekati 13 iyundan 1 avgustga qadar yo‘lovchilar uchun vaqtincha yopiq bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur ishlar Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning 2026 yil 30 aprel kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan yig‘ilishda bergan topshiriqlari asosida amalga oshirilmoqda.
Yo‘lovchilar uchun noqulayliklarni kamaytirish va transport harakatining uzluksizligini ta’minlash maqsadida “Chinor” hamda “Yangihayot” metro bekatlari o‘rtasida maxsus metrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Ular belgilangan jadval asosida harakatlanib, aholining manziliga o‘z vaqtida yetib borishiga xizmat qiladi.





























Izohlar 0
…