13:40 / 13.02.2018
3 937

Odilbek Hamrobekov: «Malibu»ni dadamga sovg‘a qildim

Odilbek Hamrobekov: «Malibu»ni dadamga sovg‘a qildim
O‘zbekiston milliy axborot agentligi saytida Osiyo chempioni, Qarshining «Nasaf» klubi yarim himoyachisi Odilbek Hamrobekovdan intervyu e’lon qilindi.

Xitoyda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi shoxsupaning yuqori pog‘onasidan joy olib, g‘oliblik nashidasini surdi. Terma jamoamiz a’zosi Odilbek Hamrobekov xalqaro turnirda nainki terma jamoamizning, balki, turnirning eng foydali futbolchisi sifatida e’tirof etildi. Odilbek bilan suhbatimiz uning faoliyati haqida bo‘ldi.

- Sizda futbolga bo‘lgan qiziqish qachon chinakam maqsadga aylangan? Chunki futbolga barcha bolalar qiziqadi, lekin hamma ham futbolchi bo‘lavermaydi...
- Yoshligimda o‘rtoqlarim bilan har kun futbol o‘ynardik. Kelgusida chinakam futbolchi bo‘lish istagi o‘sha vaqtlardayoq paydo bo‘lgan. Va men shu yo‘lni tanladim.

- Namangan – haqiqatdan ham iste’dodlar makoni. Lekin, Siz Qarshida futbol tahsilini olishni lozim topdingiz?

- Buni tarixi uzun. Futbol sirlarini maktabda ustozim Mahmudjon Rahimov o‘rgatgan. U kishining tavsiyasi bilan To‘raqo‘rg‘onga bordim. «Navbahor» futbol maktabida tahsil olishni rejalashtirgan edim. Lekin o‘yin taktikam ularga to‘g‘ri kelmadi chog‘i, meni maktabga qabul qilishmadi. 2011 yil Qarshidagi «Nasaf» futbol akademiyasiga yo‘l oldim va Qarshida tahsilni davom ettirdim. O‘shandan buyon «Nasaf» klubi sharafini himoya qilib kelyapman.

- Ikki yil avval tibbiy ko‘riklardan so‘ng ancha vaqt futbol o‘ynamadingiz. O‘shanda nima bo‘lgandi o‘zi? Mana shu murakkab vaziyatdan qanday chiqdingiz?

- Juda ko‘p muxlislar o‘sha vaqtlarda turli fikrlar bildirishgan edi, shu masala yuzasidan klubni, shifokorlarni ayblashdi. Bu bo‘yicha keskin tanqidlar ham bo‘lgan. Mavridi kelganda aytay, men bunday fikrdan yiroqman va noo‘rin fikrlarga qo‘shilmayman. Bunday o‘ylaydiganlarga javobim shundayki, meni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgandan so‘ng futbol o‘ynashdan vaqtincha to‘xtatishdi. O‘sha vaqtdagi murabbiy meni olimpiya saralash uchrashuvlariga olib ketishga rosa harakat qildi. Shiforkorlarga ko‘rsatishdi. Davolanib chiqdim, shunda ham shifokorlar ruxsat berishmadi. Shunda o‘zim ham salomatligimga jiddiy shikast yetgan deb havotirga tushdim. «Nasaf» klubiga katta rahmat aytaman, chunki klub rahbarlari meni yolg‘izlatib qo‘ymasdan Germaniyaga tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga yuborishdi. Germaniyalik shifokor menga: «Borib shifokorlaringga rahmat aytib qo‘ygin, seni futboldan vaqtida to‘xtatishibdi. Endi asta-asta o‘ynasang bo‘laveradi» - dedi. Xullas, Germaniyadan yangi umid va ishonch bilan qaytdim, o‘zgacha bir sog‘inch bilan futbol o‘ynashni boshladim, o‘z ustimda astoydil shug‘ullandim.

- Osiyo chempionatining eng foydali futbolchisi sifatida e’tirof etilishingizni kutganmidingiz? Bir tomondan «Malibu» mashinasi, ikkinchi tomondan 20000 AQSh dollari. Bu – mehnat va iste’dodning katta g‘alabasi, Prezident e’tiborining mahsuli! Oilangizdagilar bu holatni qanday nishonlashdi?

- Jamoadoshlarimning barchasiga rahmat! Bilasiz, futbol yakka kurash emas, jamoaviy o‘yin hisoblanadi. Barcha do‘stlarim ko‘magida shu muvaffaqiyatni qo‘lga kiritdik. Shunday Prezidentimiz borligidan faxrlanaman! U kishining «instagram»dagi sahifalarini muntazam kuzatib boraman. O‘sha kuni biz haqimizdagi iliq fikrlarni eshitib, o‘zimga bo‘lgan ishonch yanada kuchaydi. O‘zimga ruhiy dalda, ko‘mak oldim. Oilamdagilar ham juda xursand bo‘lishdi. Oddiy dehqon oilasidanman. «Malibu»ni dadamga sovg‘a qildim. Ota-onamizga qancha sovg‘a bersak shuncha oz.

- Tailand va Xitoydan so‘ng Qarshida ham ajoyib g‘alaba nashidasini surdingiz. Uzoq yo‘l, davomli mashg‘ulotlar va qiyin kechgan turnirdan keyin Qarshidagi o‘yinga ruhan tayyor bo‘lish oson kechmagandir?

- To‘g‘ri, oson kechmadi. O‘yindan keyin erta tongda yo‘lga chiqib, to aeroportga kelguncha charchoq alomatlari sezilayotgan edi. Kechasi 24:00 bo‘lishiga qaramay bizni juda katta tantana bilan kutib olishgandan so‘ng barcha charchoqlar esdan chiqib ketdi. Vatanga g‘alaba bilan qaytish o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Yurtdoshlarimiz bilan quvonchlarimni baham ko‘rganimdan boshim osmonga yetdi. Bu kun bir umr xotiramda qoladi endi. Qashqadaryolik muxlislar ham kutib olishga kelishgan ekan: ertaga Qarshida kutamiz, ertaga g‘alaba qozanamiz, deb dalda berishdi. Shu kayfiyat bilan ertasi kuni yana g‘alaba qozondik.

- Tabiiyki, hozir futbol muxlislari Sizlarning avlodingizga katta umid bog‘lamoqda. Bu ishonchni oqlash uchun shaxsan o‘zingiz qanday rejalar tuzmoqdasiz? Gap shundaki, futbolchi o‘z mahoratini oshirishga individual yondoshmas ekan, u katta marralarni zabt etolmaydi.

- Juda ham to‘g‘ri savol berdingiz. Endi mening maqsadim – erishilgan g‘alabani unutib, avvalgidan ham ko‘proq mehnat qilaman. Oldinda mas’uliyatli o‘yinlar turibdi. G‘alabadan havolanib ketmaslik kerak. Faqat oldinga intilish shart. Prezident va xalqimiz ishonchini oqlashni butun vujudim, jonu jahonim bilan istayman.

- 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi mundialda ishtirok etadimi?
- 30 milliondan ortiq xalqimiz jahon chempionatiga chiqishimizni shuncha yildan beri orziqib kutmoqda. Jamoadoshlarim ham buni his qilib turishibdi. Oldimizda turgan o‘sha marra – Jahon chempionatiga albatta boramiz! Bunga kuchimiz ham imkonimiz yetadi!
Sanjarbek Hamidov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Odilbek Hamrobekov: «Malibu»ni dadamga sovg‘a qildim