00:34 / 16.02.2018
4 102

Terma jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze bilan eksklyuziv intervyu (video)

Terma jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze bilan eksklyuziv intervyu (video)
Temur Kapadze O‘zbekiston terma jamoasiga vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlandi. «Lokomotiv» murabbiylar shtabida ishlab kelayotgan mutaxassis KUN.UZ muxbiriga yangi lavozimdagi ilk intervyusini berdi.

— To‘g‘risi bu o‘zim uchun ham kutilmagan yangilik bo‘ldi. Bugun O‘FAga chaqirishib, menga mana shunday mas’uliyatli lavozimga tayinlash niyatida ekanliklarini aytishib, taklif berishdi. Oldinda turgan uchta o‘rtoqlik uchrashuvda jamoani boshqarib turishimni so‘rashdi. Milliy terma jamoada uzoq yillar o‘ynaganim uchun, ularni yaxshi bilishimni hisobga olishganligini aytishdi.

Ular xorijdan murabbiy kelishini, keyinchalik unga yordamchi murabbiy bo‘lib qolishimni aytishdi. Yangi keladigan murabbiyga jamoani ichidan biladigan mutaxassis yordamchi bo‘lishi kerakligini aytishdi.

Albatta bundan juda xursand bo‘ldim va qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishimni aytdim. Mana shunday ishonch bildirishgani uchun O‘FA prezidenti Ochilboy Ramatovga va 1-vitse-prezident Umid Ahmadjonovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. To‘g‘risini aytsam hozir o‘zimda hayajon ham bor. Chunki bu kutilmagan taklif bo‘ldi. Yaqindagina futbolchilik faoliyatimni tugatib, endi murabbiylikni boshlaganimda mana shunday mas’uliyatli ishni bizga topshirishdi. Har qanday holatda ham bunday lavozimga taklif qilishsa, o‘zingda qandaydir hayajonlarni his qilarkansan. Lekin orqaga yo‘l yo‘q, xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘lishi uchun harakat qilamiz. Hozir murabbiylar shtabini shakllantirib olishim kerak.

Menga O‘zbekiston terma jamoasini bo‘lajak Osiyo chempionati va Qatarda bo‘ladigan JCh-2022 yo‘lida hozirdan tayyorgarlikni boshlashi va o‘rtoqlik o‘yinlariga ham shu musobaqaga tayyorgarlik sifatida asosan yoshlarga e’tibor qaratishimni so‘rashdi. Hozirdan bir narsa deyish qiyin. Chunki bu lavozimga tayinlanganimni endi eshitdim. Buyog‘iga reja tuzib olib ish boshlaymiz. Faqat bir narsani aytishim mumkin: O‘zbekiston terma jamoasi uchun qo‘limdan kelganicha, kerak bo‘lsa, yuragimdan barcha ishni qilishga tayyorman. Chunki bu butun boshli millat jamoasi. O‘zbekiston futboli obro‘sini ko‘tarish va muxlislarni xursand qilish uchun borimni berib ishlayman. Nafaqat men, balki barcha mas’ullar bu yo‘lda mehnat qilishadi deb o‘ylayman. Oldimizga faqat yuqori maqsadlar qo‘yilgan. Har bir musobaqada faqat eng yuqori o‘rinlarni egallashimiz kerak. buning uchun bor kuchim bilan ishlashga harakat qilaman. O‘zbek futboli uchun jonimni jabborga berib mehnat qilishga tayyorman.

— Yangi lavozimga kirishish va murabbiylar shtabini shakllantirish uchun ma’lum vaqt oldingizmi?

— Albatta, menga terma jamoada birga ishlaydigan murabbiylar shtabini shakllantirib olish uchun bir-ikki kun vaqt berishdi. Hozirda bu borada o‘ylashni boshladim. Hozircha o‘zim o‘ylab qo‘ygan bir-ikkita nomzodlar bor. Ular bilan gaplashib olishim kerak. Chunki ularning bu taklifga javobi qanday bo‘lishini bilmayman. Murabbiy sifatida tajribam kam, chunki endi ish boshladim bu yo‘lda. Shu bois yordamchi murabbiy sifatida tajribaliroq mutaxassisni tanlashni ko‘zlab turibman. Shundan so‘ng terma jamoa uchun nomzod bo‘lgan futbolchilardan iborat kengaytirilgan tarkibni qo‘limizga olamiz va shundan so‘ng bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz.

— Bu savolni berishga ertadir, lekin baribir hozirdan o‘ylab ko‘rish kerak bo‘lgan masala. O‘zbekiston terma jamoasi va U-23 terma jamoasi ikki kun oralig‘ida (25 mart kuni U-23, 27 mart kuni milliy terma jamoa o‘ynaydi — Tribuna.Uz izohi) o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi. Buyog‘iga istaysizmi, yo‘qmi milliy terma jamoa o‘zagini shu futbolchilar tashkil qilishi kerak. Ikki kunda bir yo‘la ikki uchrashuvda ishtirok etib bo‘lmaydi. Bunda qanday yo‘l tutmoqchisiz?

— Albatta bu masalani U-23 terma jamoasi murabbiylari bilan birgalikda gaplashib olamiz. Milliy terma jamoaga qaysi futbolchi kerak, yoshlar jamoasiga kimlar kerak. Shunga qarab kimdir milliy terma jamoada, kimdir U-23 safida o‘ynashi mumkin. Milliy terma jamoa safida o‘ynashi mumkin bo‘lgan futbolchilar ko‘p. Bu ortiqcha muammo bo‘lmaydi deb o‘ylayman.

So‘zim so‘ngida menga mana shunday kutilmagan va mas’uliyatli lavozimni ishonib topshirgan O‘FA prezidenti Ochilboy Jumaniyazovich Ramatov va Umid Ahmadjonovga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Ularning yuzini yerga qaratmaslikka harakat qilaman va o‘zbek futboli uchun qo‘limdan kelgancha xizmat qilaman.

Intervyuning to‘liq ko‘rinishini video talqinida tomosha qilishingiz mumkin.

Azamat Murodov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze bilan eksklyuziv intervyu (video)