09:05 / 07.04.2018
2 610

Yirik masalalarda o‘sish bor. Navbat mayda bo‘lib ko‘ringan muammolarga

Yirik masalalarda o‘sish bor. Navbat mayda bo‘lib ko‘ringan muammolarga
Yana bir yildan keyin Jahon Chempionati, Osiyo Kubogi yoki Osiyo O‘yinlari haqida o‘ylashga hojat qolmaydi. Bu esa Superliga taqvimini ancha yaxshi ko‘rinishda tuzib chiqish imkoniyatini berishi mumkin.

Ha, mavsumni boshlab olish qiyin kechdi. Ketma-ket qur’alar, musobaqa formatlarining o‘zgarishi. Go‘yoki, PFL o‘z fikrida sobit tura olmaydigan tashkilotdek. Biroq tanganing ikkinchi tomoni doim bo‘ladi. PFL ayni damda bu ishni ilojsizlikdan qilayotgani yo‘q. U odamlarning qiziqishlarini qaytarish uchun hamma narsa qilib ko‘rmoqchi. Chunki bu hech narsa qilmaslikdan ancha yaxshi.

Superliga sizga yoqishni boshlagani rost, shundaymi? Tan olaman, APL yoki La Liga formati eng go‘zali. Biroq bunga yetish uchun avval ularga yaqinlashib olish kerak bo‘ladi. Bizda maqsadi mavsumni “kuchli sakkiztalikda” yakunlash bo‘lgan jamoalar bor ekan, bu qiyin masala. Qolaversa, teletranslyatsiyalardan millionlab pul kelayotgani yo‘qki, har bir o‘yin yoki g‘alaba uchun klublarga ma’lum summa bo‘lib berilsa. Biz markaziy o‘yinlar sonini ko‘paytirishimiz kerak edi. O‘z vaqtida chempionlik ishiga “soqqakash klublar” aralasha boshlagach, futbol muxlislarini yo‘qota boshladi. Endi esa chempion zo‘rlar ichida zo‘r bo‘lishga majbur. To‘g‘ri, biror kuchli klub boshqa bir kuchlisiga o‘yinni berib yubormasligiga kafil bo‘lish ilojsiz, format bu borada hech qanaqasiga yordam bera olmaydi. Ammo nazorat kuchli va jazo muqarrar bo‘lsa, balki oldinga qadam tashlash mumkin bo‘lar, yana kim biladi deysiz.

O‘zbekiston Kubogi ham bu yil avvalgilari kabi bo‘lmaydi. Hozir Superliga qancha yoqayotgan bo‘lsa, kubok ham odamlarda qiziqish uyg‘otishiga ishonaman. Ba’zilar aytishyapti, Pro-Ligani xuddi avvalgidek qilib qo‘ysa nima qilardi, deb. Menimcha, natijasi ham xuddi avvalgidek bo‘lardi. Pro-Liga klublari nega tabaqalab qo‘yilgani borasida biroz keyinroq tushuntirish berishga harakat qilamiz Hacker club’da. Hozir esa hammasi oldingidek bo‘lmasligi uchun ham nimadir qilingan.

Mana endi savol qo‘yamiz. Shu vaqtgacha bizda nima yo‘q edi-yu, hozir nimalar paydo bo‘ldi.

a) Mukofot pullari. Mukofot pullari 1 marta berilgan, keyin esa paysalga solingan. Hozir hammaga puli va’da qilingan. Superligada 6-o‘rin uchun ham intilish bo‘lsin uchun, unga ham mukofot beriladigan bo‘ldi. Vaqti kelib ishtirokchi jamoalarning hammasi ma’lum summani qo‘lga kiritar. Buning uchun teletranslyatsiyalar masalasida ham yanada o‘sishimiz kerak.

b) Teletranslyatsiyalar. Bungacha har turning maksimum 2 ta o‘yini ko‘rsatib kelingan. Hozir esa turning hamma uchrashuvini tomosha qilish uchun imkoniyat bor. “Sport” juda katta mablag‘ sarf etyapti bu yo‘lda. Shundan kelib chiqib PFL ham telekanal bilan hamkorlikda ishlashga intilyapti. Axir qars ikki qo‘ldan chiqadi. Umid qilamanki, “Sport” mavsum so‘ngiga qadar chiqimlarga turib bera oladi.

v) Titul homiy. PFL asosan klublarning badal pullari evaziga kun ko‘rib kelgan. Bu yil esa Pepsi Superliganing titul homiysi bo‘lishga erishdi. Endi har doim qaysidir yirik kompaniya bilan mavsum oldidan kelishuvlar silsilasini rivojlantirib borish kerak bo‘ladi. Muhimi — pochin bor.

O‘FA shu yildan boshlab o‘z imidji haqida ham qayg‘ura boshlagani ko‘rindi. Keniya, Senegal, Marokash, Eron, Urugvay kabi raqiblarga qarshi o‘yinlar so‘zimizga isbot bo‘lsin. Va bu hali hammasi emas. Endigi vazifa esa mana shu ishlarni tartibga solish. Aytaylik, o‘zgarmas taqvimni tuza olish, stadionlarga odamlarni qaytarish borasidagi ishlarni to‘xtatmaslik, o‘rtoqlik o‘yinlarini FIFA kunlariga kelishish va hokazo. Buning uchun chamamda 2019 yil as qotadi. Yuqorida aytilganidek, bir qator musobaqalar bunda taqvimga halal bermasligi mumkin.

Nimgadir erishish uchun, boshqa bir nimadan voz kechish kerak. PFL bu yil taqvimini qurbon qilishga majbur bo‘ldi. Evaziga o‘rtoqlik o‘yinlari uchun kuchli raqiblar topildi va o‘zbekistonliklarga JCh—2018 o‘yinlarini bemalol tomosha qilishi masalasi birinchi planga olib chiqildi. Hozir hamma narsa muxlislar uchun. Siz JChni ko‘rishni istaysizmi, marhamat. Siz ish vaqtida futbolga bora olmayapsizmi, marhamat, o‘yinlar 18 dan erta boshlanmaydi. Siz stadionga oilangiz bilan borishni istaysizmi, marhamat, alohida sektor. Klublar do‘konlari ish boshladi (ularning faoliyati PFLni qanoatlantirayotgani yo‘q. Bu masala yanada yaxshilanadi). Yaqin rejalarda stadionlar atrofini odamlar uchun sayilgohga aylantirish masalalari ham bor.

Kamchiliklar? Ular juda ko‘p. Ularni birma-bir bartaraf etib borish kerak. Bu boradagi tanqidiy fikrlarni o‘rinli deb bilaman. Agar uzoqdan yorug‘lik ko‘rinayotgan bo‘lsa, unga intilish oddiy bir holat. Hozir o‘sha kamchiliklarimiz orasidan yorug‘likni ko‘rishning iloji bo‘lyapti. Bu butunlay qorong‘ulikdan yaxshiroq menimcha.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yirik masalalarda o‘sish bor. Navbat mayda bo‘lib ko‘ringan muammolarga