12:26 / 25.05.2018
2 975

«Arsenal» yangi davrga qadam qo‘ymoqda. Nega Emeri tanlandi?

«Arsenal» yangi davrga qadam qo‘ymoqda. Nega Emeri tanlandi?
London shimolida inqilobiy harakatlar boshlandi. «Arsenal» uzoq kutishlardan keyin yangi bosh murabbiyga ega bo‘ldi.

Turli yillarda «Lorka Deportivo», «Valensiya», «Spartak», «Sevilya» va «PSJ»da ishlagan ispaniyalik 46 yoshli mutaxassis Unai Emeri endi londonliklar jamoasi bilan kamida 2 yil hamkorlik qiladi. «Arsenal» u bilan «2+1» sxemasida shartnoma tuzgan.

Arteta variantidan nega voz kechildi?

O‘zgarishlar qishdayoq boshlangandi - klubda dunyoning eng zo‘r skautlaridan biri Sven Mislintat paydo bo‘ldi. Ushbu germaniyalik mutaxassis bilan birga klubga «Barselona»ning sobiq sport direktori Raul Sanllexi ham kelgandi. Bularning barchasi ijrochi direktor Ivan Gazidis va bosh murabbiy Arsen Vengerning vakolatlarini qisqartirishga qaratilgandi.

22 yil davomida jamoani boshqarib kelgan Arsen Venger o‘yinlardan tashqari, barcha xarajatlarga, futbolchilar sotib olish va sotishga mas’ul edi. Bu yo‘l «Arsenal» yangi stadion qurilishidan keyin paydo bo‘lgan qarzlardan qutilishni ta’minladi, ammo jamoa sport nuqtai nazaridan ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmadi. Qishdagi o‘zgarishlardan keyin Mislintat va muzokara olib borish bilan shug‘ullanuvchi Dik Lou - transferlar uchun mas’ul bo‘ldi, Gazidis - qog‘ozbozlik ishlariga, Sanllexi esa sport istiqbollariga.

Venger shu yil aprelida o‘z davri o‘tganini anglab yetib, ketishini e’lon qilishi bilan uning o‘rnini kim egallashi bo‘yicha taxminlar bildirila boshladi. Uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lganlar qatorida Luis Enrike, Tomas Tuxel, Karlo Anchelotti, Yulian Nagelsman, Leonardu Jardim, Patrik Viyera, Mikel Arteta, Massimiliano Allegri nomlari sanaldi. Hech kim bo‘lajak murabbiy kim bo‘lishini topa olmadi. Avvaliga Enrike juda ko‘p maosh talab qilgani tufayli ro‘yxatdan tushib qoldi, keyinroq Tuxel va Anchelottida boshqa rejalar bo‘lgani ma’lum bo‘ldi - ular mos ravishda «PSJ» va «Napoli» jamoalarida bosh murabbiyga aylandi, avvalroq «Bavariya»ga ham o‘tmagan Nagelsman «Hoffenhaym»dan ketishni istamadi, Jardim ham «Monako»ga sodiq qoldi, sobiq jamoasini boshqarishni juda istagan Patrik Viyera o‘ziga jiddiy taklif berilmaganidan nolidi, u tez orada vataniga qaytib, «Nitssa»ga yangi bosh murabbiy bo‘lishi mumkin. Jamoani Allegri yoki Artetta boshqarishi kutilayotgandi. Bir necha yildan buyon «Yuventus» bilan ichki chempionatda gegemonlik qilib kelayotgan Allegri Londonda yangi era boshlashi, xuddi Venger kabi «Arsenal»ni uzoq yillar boshqarishi haqida gapira boshlashdi. Ammo «kanonirlar» rahbariyati unga jilovni berib qo‘yishni istashmadi - italiyalik mutaxassis transferlar uchun kamida 200 million funt so‘radi, u barcha transferlar uchun nazoratni qo‘liga olmoqchi edi. Tomonlar kelisha olishmadi, bu orada «Yuventus» navbatdagi chempionlikni nishonladi va Allegri turinliklar bilan Chempionlar ligasida g‘olib chiqish orzusi yo‘lida harakatni davom ettiradigan bo‘ldi.

Shundan so‘ng asosiy planga ayni vaqtda «Manchester Siti»da Xosep Gvardiolaga yordamchilik qilayotgan, 2011-2016 yillarda «Arsenal»ning yetakchi futbolchilaridan biri bo‘lgan Mikel Arteta chiqdi. Uning nomzodi Venger tomonidan ma’qullandi, Gvardiola unga «oq yo‘l» tiladi, tomonlar o‘rtasida jadal muzokaralar o‘tkazildi, og‘zaki kelishuvga erishildi, «kanonirlar» muxlislari istay-istamay uning kelishini kutishayotgandi. Arteta Premer-ligani juda yaxshi biladi, u «Arsenal»gacha «Everton»da uzoq yillar davomida sardorlik qilgan. U «Manchester Siti»da Leroy Sane va Rahim Sterling bilan individual shug‘ullanib, ularning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qildi. Gvardiola chempionlikda Artetaning o‘rni beqiyos ekanini e’tirof etdi.

Foto: Reuters
Ammo so‘nggi lahzalarda bu reja amalga oshmadi. Matbuotda buni ikki xil izohlashmoqda. Bir tomonning bildirishicha, Arteta ham jamoada Venger yo‘lini davom ettirib, Allegri kabi transferlar ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olishni istagan, klubdagilar bunga rozi bo‘lmagach, taklifni rad etgan. Ikkinchi versiyaga ko‘ra esa, «Arsenal» rahbarlari, xususan klub xo‘jayini Sten Kronkening o‘g‘li Josh tajribasiz mutaxassisga ishonch bildirmagan, u klub sport direktori Ivan Gazidisni bu tanlov to‘g‘ri emasligiga ishontirgan, tavakkal qilishni xush ko‘rmaydigan Gazidis uning fikriga darhol qo‘shilgan. Axir Arteta shu kungacha hech qachon, hech qayerda bosh murabbiy sifatida ishlamagan. Qolaversa, klub xo‘jayinlariga menejer-murabbiy emas, faqat maydondagi ishlar bilan shug‘ullanuvchi murabbiy kerak edi.

Kutilmaganda bu istakka to‘la mos keluvchi shunday nomzod topildi. Endigina erkin agentga aylangan Emeri varianti bir haftacha muqaddam paydo bo‘ldi. The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, ushbu bask suhbat uchun maksimal tayyorlangan va juda effektiv taqdimot qilib bergan. U «Arsenal»ning har bir futbolchisi bo‘yicha alohida hisobot tuzgan, futbolchilarning kuchli va zaif jihatlarini keltirib o‘tib, ularning o‘yinini kuchaytirish bo‘yicha maslahatlarini bayon etgan. «U «Arsenal» futbolchilari haqida 10 yillardan buyon shu yerda ishlayotgan klub xodimlaridan yaxshiroq biladi. Karerasini, qachon va qanday jarohat olganini – barchasini! Bunga qanday erishgani hayratlanarli, ammo klub menejerlari uning taqdimotidan gipnoz holatiga tushishgan», – deya «Arsenal»dagi manbaga asoslanib yozdi The Sun.

Nima uchun aynan Emeri?

Unai «PSJ»da muvaffaqiyat qozona olmadi, jamoa Chempionlar ligasida yarim finalgacha ham yetib bora olmagach, rahbariyat u bilan xayrlashishga qaror qildi.

Emerining Londondagi istiqboli bo‘yicha plyuslardan boshlaymiz. Emeri maqtanchoq emas va birinchi o‘rinni olib berishni va’da qimaydi. O‘tish davriga kirgan «Arsenal» uchun u ideal variantdir. Albatta, u «Arsenal» ser Aleks Fergyuson ketganidan keyin ko‘p vaqt avvalgi maqomiga qayta olmagan «MYu» holatiga tushirmasligi ham kerak.

Yuqorida aytilganidek, u injiq emas va transferlar uchun yuzlab millionlar talab etmaydi. U birinchi navbatda «Arsenal»ning himoya chizig‘ini mustahkamlashga harakat qilishi tayin. Vengerning vorisi ham Londonda yoshlar bilan ishlaydi. U «PSJ»da bu borada bir qadar muvaffaqiyatlarga erishdi - 22 yoshli Presnel Kimpembeni jamoaning asosiy himoyachisiga aylantirdi, jingalak sochlaridan boshqa jihati bilan ajralib turmagan, beqaror o‘yin ko‘rsatib kelgan Adriyen Rabo yarim himoyaning ishonchli vakiliga aylandi, argentinalik Jovani Lo Selso terma jamoasining jahon chempionatiga boradigan tarkibidan joy oldi. Kilian Mbappega yulduzli tarkibdan muqim joy topib berdi va uning talantini ochishda davom etdi.

Oxirgi mavsumida Venger ham «Arsenal»ning asosiy jamoasiga Jo Uillok va Eddi Nketiani o‘tkazdi, qishda 20 yoshli gretsiyalik Konstantinos Mavropanos bilan shartnoma imzoladi va u ishonchni oqlamoqda. Umuman, «kanonirlar» tarkibida istiqbolli futbolchilar bir talay. Ektor Bellerindan tortib, Rob Holdinggacha. Emeri diqqat bilan ularni rivojlantirishi kerak.

Qolaversa, «Arsenal»da haqiqiy yulduzlar ham bor. Uzoq vaqtlardan buyon «Arsenal» Angliya top-klublari orasidagi eng «ziqna» klub bo‘lib keldi. Venger oxirgi yilida ikki hujumchi - Aleksandr Lyakazett va Per-Emerik Obameyang uchun 100 million funtdan ortiqroq mablag‘ sarfladi, Aleksis Sanches o‘rniga Genrix Mxitaryan tarkibga qo‘shib olindi. Jamoada o‘zini to‘liq ko‘rsatishga ulgurmagan bu futbolchilar yangi davrda asosiy yulduzlarga aylanadi. Unai Parijda Neymar va Kavani tufayli muammolarga duch kelgandi. Venger ketishidan oldin Olive Jiruni «Chelsi»ga sotib, bir-birini juda yaxshi tushunadigan Lyakezet va Obameyang tandemini hosil qilib ketdi.

«Arsenal» yana tejamkorlik yo‘lini davom ettiradi va bu borada ham Emeri juda munosib murabbiy. U «Valensiya»dagi dastlabki ikki mavsumida transferlar uchun jami 5 million funtga yaqin mablag‘ sarflagan. Uning «Mestalya»dagi butun faoliyati davomida xarid qilingan eng qimmatbaho futbolchining narxi - 9 million funtdan ortiq bo‘lmagan. Shu bilan birga jamoa bu davrda Raul Albiol, David Silva va David Vilya kabi yetakchilarini pullagan, ularning ketishi jamoa o‘yiniga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan, yaxshi natijalar ko‘rsatilishi davom etgan. «Sevilya»da ham xuddi shu holat. Emeri va sport direktori Monchi juftligi mavjud resurslardan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yishgandi. Unai Emeri davridagi eng qimmat transfer «Torino»dan Chiro Immobilening sotib olinishi bo‘lgandi (10 million funt). Ammo bu futbolchi Ispaniyaga moslasha olmadi.

Istiqbol

Oxirgi marta «Arsenal» 14 yil muqaddam Angliya premer-ligasida g‘alaba qozongan. Undan keyingi sovrinlar faqat kuboklarda qo‘lga kiritilgan. Bunday sharoitda muxlislar ham Emeridan ulkan natijalar kutishmaydi. «Arsenal» «juda chuqur o‘ra»ga tushib qolganki, u yerdan chiqish ancha murakkab ish. Qoniqarsiz natijalar tufayli «Emireyts» to‘lmay qo‘ygan.

Endi minuslar haqida. Emeri Angliya chempionatiga moslashishi uchun vaqt talab etiladi. Bu uning uchun butunlay boshqa darajadagi turnir, bu yerda hatto Gvardiola ham qiynalgan, u ilk mavsumida hech narsaga erisha olmagandi.

Ispaniyada Emerining jamoalari «Real» va «Barselona»dan keyingi «uchinchi» jamoa bo‘lgan, unga juda katta vazifalar qo‘yilmagan. Fransiyada uning jamoasi boshqa jamoalardan bir bosh baland edi.

Emeri «PSJ»dan, yuzlarcha millionlar bilan birga ko‘plab maqsadlar qo‘yiladigan jamoadan keldi. Ammo bu maqsadlar jamoaviy o‘yinni tashkil qilishdan chalg‘itardi. «Arsenal»da esa u bosimdan xoli ishlashi mumkin. Uning oldidagi vazifa jamoani Chempionlar ligasiga qaytarish.

«Arsenal» Angliyada uchinchi bo‘la olishi uchun juda ko‘p ishlash kerak.

Emeri ishlashni xush ko‘radi. «Arsenal»ning barcha futbolchilarini turli-tuman va uzoq davom etuvchi mashg‘ulotlar kutib turibdi. «To‘p yorilgunicha ishlaymiz» - Unaining shiori shunday. Arsen Vengerdan oldingi murabbiy Jorj Grem ham futbolchilarni mashg‘ulotlar bilan qiynashi orqali ma’lum edi. Jamoa hozir shunday holatdaki, futbolchilar tish-tirnog‘i bilan mehnat qilishi kerak.

Emeri ishlashni sevadi va qanday ishlashni biladi. Har bir o‘yinni u 12 soat tahlil qiladi. U videolar tomosha qilish fanati. U «Arsenal»ga fizioterapevt va videolar bo‘yicha mutaxassisi bilan kelgan.

«Emeri juda ko‘p videolar ko‘rsatardi, mening pop-kornlarim tugab qolardi. U futbol jinnisi, bu aniq tashxis», degandi «Valensiya»da Emeri qo‘li ostida o‘ynagan Xoakin. «Arsenal»ning yangi bosh murabbiyi mayda detallargacha e’tibor qaratadi va juda talabchan. U shuningdek... uy vazifalarini ham tekshiradi. Valensiyada shunday voqea ro‘y bergan. Emeri futbolchilardan biri uyida murabbiy fleshkaga solib bergan videolarni ko‘rmayotganidan shubhalangan. Keyingi kuni u futbolchiga bo‘sh fleshkani berib yuboradi va ertalab har kungi savolini so‘raydi. «Ha, hammasi joyida. Video zo‘r ekan, boss», - deya javob beradi va futbolchi va keyin u boshlang‘ich tarkibda tushmay qo‘yadi.

U bitta videoni futbolchilar raqibning xatolari va zaif nuqtalarini ko‘rmagunicha qayta-qayta aylantirib qo‘yib beraverardi.

Yulduzlar bilan muammolar

Emeri o‘z taqdimotida Aaron Remzi va Obameyangga alohida urg‘u qaratgan. U bu futbolchilarni jamoaning asosiy yetakchilari sifatida ko‘rmoqda. Uning fikricha, London jamoasining turnirlardagi ishtiroki gabonlik futbolchining qanchalik yaxshi harakat qilishiga bog‘liq bo‘ladi.

Rossiyada u til borasidagi to‘siq tufayli qiynalgan, hatto ingliz tilini yaxshi bilmagani uchun jamoa bilan yaxshi munosabatlar o‘rnata olmagandi. Natijada, unga o‘sha vaqtdagi «Spartak» yulduzi Artyom Dzyuba «trenerishka» laqabini qo‘ygandi.

«PSJ»da unda jamoaga Neymar kelishi bilan muammolar boshlandi. Braziliyalik yulduz o‘ziga alohida e’tibor qaratilishini xohladi, rahbariyat uning barcha istaklarini qondirdi. Jamoaning eski futbolchilari esa, xususan, Edinson Kavani bunga rozi bo‘lmadi. Natijada Emeri nazoratni yo‘qotdi.

May oyi boshiga kelib ketishi aniq bo‘lib ulgurgan Emeri bu jamoani «Neymarning jamoasi» deb atagandi. U buni avvalboshdan, xo‘jayinlar 222 million yevro sarflashganidayoq anglab bo‘lgan, bunga qarshilik qilib o‘tirmagandi ham.

Londonning ham o‘z Neymari bo‘ladimi? Katta ehtimol bilan bu rol Mesut O‘zilga mos tushardi. Ammo bu futbolchi fevral oyida moliyaviy tomondan juda ajoyib yangi shartnomaga ega bo‘ldi va u endi bor kuchi bilan o‘zini ko‘rsatishga, ishonchni oqlashga harakat qiladi.

Emeri 46 yoshida Venger shu yoshda qo‘lga kiritganidan ko‘proq sovrin yutib olgan. U 13 yillik faoliyatida 6 klubda ishlab, 5ta ichki chempionatlardagi sovrinlar hamda 3ta yevrokubokka (Yevropa Ligasi) ega chiqqan. Venger 46 yoshida 3 klubdagi 12 yillik faoliyati davomida 4 marta ichki chempionatlarda sovrindor bo‘lgan, xalqaro kuboklarni bir marta ham qo‘lga kiritmagandi.

Emeri qatorasiga 3 mavsum «Sevilya» bilan Yevropa Ligasida g‘olib bo‘lgan, ammo u har safar yozda tarkibni yangilashga majbur bo‘lar, ammo jamoaning o‘yin uslubi saqlanib qolardi.

Emeri Angliyadagi bo‘lajak asosiy raqiblari Gvardiola va Mourino bilan eski tanishlardir. APL murabbiylaridan birinchi bo‘lib Xosep Gvardiola Emerini tabrikladi. Ular ikkisi Ispaniyada ishlashganida qalin munosabatlar o‘rnatishgan. Gvardiola uni ko‘p marta bir butilka vinoni birga ichib, futbol haqida mushohada qilishga taklif etgan. Mourino bilan munosabatlar esa aksincha, bir safar Emeri portugaliyalik murabbiyni yig‘loqi chaqaloqqa qiyoslagandi: «Uning o‘zini tutishi menga yig‘layotgan chaqaloqni eslatadi. Biz bilan o‘yinlardan keyin u har safar hakamlardan shikoyat qilar, bizda ham bunga asos bo‘lsada biz bunday qilmasdik».

U bu murabbiylar bilan qarama-qarshiliklarda hamisha ojiz kelgan. Xosep jamoalariga qarshi u 10 marta, Jozega qarshi 5 marta o‘ynagan, bu o‘yinlarda biron marta g‘alabaga erishmagan (5 durang, 10 mag‘lubiyat).

Lekin Emeri «Arsenal»da yiliga 5 million funt atrofida maosh oladi, Gvardiola va Mourino o‘z klublarida yiliga 15 million funtdan ishlaydi.

O‘nlarcha murabbiy nomini «Arsenal» bilan bog‘lashayotganida Unai ingliz tilini o‘rganish kurslariga qatnayotgan, Angliyada ishlash uchun o‘zini ruhan tayyorlayotgan va bo‘lajak klubi futbolchilariga doir tadqiqotlar o‘tkazayotgandi.

Hafta oxirida Unai Emeri ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi va yangi murabbiy o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashadi. Shu kuni «Arsenal» rosmanasiga yangi davrga qadam qo‘yadi.

Dunyo futbolidagi asosiy turnirga qaytish - «Arsenal» oldidagi asosiy vazifa. Emeri o‘zi uchun sevimli bo‘lgan turnirda - Yevropa Ligasida g‘olib bo‘lish orqali bu vazifani bajarishi mumkin. Ammo klub xo‘jayinlari va muxlislari undan Premer-ligadagi zafarlarni ham kutishga haqli. Hech bo‘lmaganda u Maurisio Pochettino va Yurgen Klopp «Tottenhem» va «Liverpul»da qilayotgan ishlarni takrorlay olishi kerak. Agar rahbariyat kerakli futbolchilar uchun kerakli pullarni ajratsa, Emerining taktik mahoratini uyg‘unlashtirgan holda «Arsenal» yana top-klubga aylanishi mumkin. O‘shanda jamoa Chempionlar ligasini nimchorak finaldayoq tark etishni bas qilishi ham mumkin. Hozircha bu juda murakkab, lekin haddan tashqari qiziq vazifalar. Shunisi aniqqi, «kanonirlar» uchun barchasi yangidan boshlanmoqda.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Arsenal» yangi davrga qadam qo‘ymoqda. Nega Emeri tanlandi?