
“Rostov” safida Rossiya chempionatida debyut mavsumini o‘tkazgan hujumchi Eldor Shomurodov ayni paytda ta’tilni o‘z uyida – Surxondaryoda o‘tkazyapti. Iqtidorli futbolchining u yerdagi faoliyatini ko‘pchilik qiziqish bilan kuzatib borgani rost. “Bunyodkor”dan “Rostov”ga ko‘chib o‘tganidan keyin Shomurodov faoliyatida oldinga qadam tashladi. Ammo uning yangi klubiga moslashib olishi uchun vaqt kerak bo‘lishi avvaldan ma’lum edi. Shu sababli hamyurtimizning Rossiya chempionatiga ko‘nikishi oson bo‘lgani yo‘q. Ayniqsa, uning gol urishi ancha paytga cho‘zildi. Lekin baribir Shomurodov gol urishni uddaladi. Hisoblasak Eldor “Rostov”da 17 ta uchrashuvda 2 ta gol urdi. Yodingizda bo‘lsa, “Tosno”ga qarshi uchrashuvda hamyurtimiz dublga erishgandi.
- Rossiya chempionatining saviyasi ancha yuqori, u yerdagi taassurotlarim albatta ijobiy, - deya gap boshladi Shomurodov. - U yerga ancha moslashib oldim. Ikkinchi mavsumda yanada ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib jamoamga yordam bera olaman deb umid qilaman. U yerda legioner bo‘lib o‘ynash juda og‘ir. Sizga qo‘shimcha bosim yuklaydi.
“Rostov”ga qo‘shilgan paytingizda u yerga moslashish sizga ancha qiyin bo‘lgandi... Birinchi marta begona chempionatga bordim. Men saviyasi kuchli chempionatga kelganimni bilardim. Shu bois boshida menga ancha qiyin bo‘ldi. Ammo vaqt o‘tgan sari mashg‘ulotlarda o‘z ustimda ko‘proq ishlab ancha o‘zimga kelib oldim.
- “Rostov”da sizga birinchi navbatda yordam bergan va qo‘llab-quvvatlagan inson kim bo‘ldi?
- Alohida bir kishini ayta olmayman. Jamoada barcha bilan munosabatim yaxshi. Kerak paytda qo‘llab-quvvatlashadi. Kim bilandir sen-menga borganim yo‘q.
- Shu vaqt davomida klubda o‘zingiz uchun yaqin do‘st ham orttirgandirsiz?
- Ha, bor. Artur Yusupov va Yevgeniy Makeyev bilan ko‘proq birga bo‘laman va hazil-huzul qilib yuramiz. Qolaversa, Vladimir Dyadyun bilan ham shunday munosabatdaman. Klubdagi legionerlar bilan ham aloqam yaxshi. Ammo ular bilan gaplashish qiyinroq. Chunki rus tilida yaxshi gapira olishmaydi. Asosan ingliz tilida so‘zlashadi.
- Jamoadagi eng jiddiy futbolchi kim?
- Jiddiy o‘yinchimi? Bilmadim. Maydonda hamma jiddiy qiyofaga kiradi. Lekin maydon tashqarisida hamma bir-biriga yaxshi munosabatda bo‘ladi.
- Bosh murabbiy Valeriy Karpin bilan birinchi marta ishlayapsiz. U qanday mutaxassis?
- Albatta, yaxshi murabbiy. O‘zi futbolchi bo‘lgani uchun o‘yinchilarni juda yaxshi tushunadi. Ularga qayerda qanday gapirishni ham biladi. Taktik jihatdan ham Karpin o‘ziga yarasha tajribaga ega. Hujumkor o‘yinni yoqtiradigan murabbiylardan biri.
- “Tosno”ga qarshi o‘yinda siz ikkita gol urib uchrashuv qahramoniga aylangandingiz. Ungacha esa umuman gol ura olmayotgandingiz. O‘sha o‘yin haqida ham eslab o‘tsangiz.
- Baribir bu qachondir yuz berishi kerak edi. Chunki ancha vaqt gol ura olmay yurgandim. Murabbiy meni orqaroqda ham o‘ynatdi, ammo ko‘proq hujumchi sifatida maydonga tushirardi. Hujumchi birinchi navbatda gollari bilan taniladi. Shuning uchun gol ura olmay kelayotganim o‘zim uchun ham noqulay bo‘layotgandi. Ungacha ham boshqa o‘yinlarda menda imkoniyatlar bo‘lardi. Ba’zida darvoza ustunlari, ba’zida darvozabonlarning mahorati gol urishimga yo‘l qo‘yishmasdi. Qayerdadir omad yetishmayotgandi. “Tosno” bilan o‘yinda ham omadim keldi. Birinchi golni urganimdan keyin darhol ikkinchi golni ham urdim. Chunki “ishtaham” ochilgandi. O‘sha uchrashuvdagi g‘alaba “Rostov”ga ham juda muhim edi. Shu bois o‘shanda ikki hissa quvongandim.
- Gol ura olmay kelayotganingizda klubdagilarning sizga bo‘lgan munosabati o‘zgarib qolmadimi?
- Yo‘q. Klub ishchilari va futbolchilari bilan munosabatlarim yaxshi bo‘lgani uchun hammasi menga ishonishgan. Albatta, gol urishimni ular kutishgandi. Dublga erishganimdan barchasi xursand bo‘lishdi va meni anchagacha tabriklashdi. Birortasi mening gol ura olmayotganimdan yomon aloqada bo‘lmagan.
- Darvoqe, “Rostov”da moliyaviy tomondan muammolar yuzaga kelayotgani haqidagi gaplar ham qulog‘imizga chalingandi. Bu rostmi?
- Jamoamizda jiddiy tarzdagi moliyaviy muammolar yo‘q. Faqat oldingi futbolchilaridan oz-moz qarzdorliklar bo‘lgan va shu haqidagi ma’lumotlar tarqagandir. Hozir esa deyarli muammo yo‘q.
- “Rostov”da sizni hayron qoldirgan narsa nima?
- U yerda professionallik yuqori darajada. Klubda barcha ishlar a’lo darajada tashkillashtirilgan. Bundan tashqari, klubning muxlislari ham alohida mavzu. Rostov futbolni yaxshi ko‘radigan shahar. Bungacha o‘zim ham eshitgandim, ammo u yerga borganimdan so‘ng hammasiga guvoh bo‘ldim.
- “Rostov” bilan to‘rt yillik shartnoma tuzganingizni hisobga olsak, bundan nimadir ko‘zlangan, shundaymi?
- Ha, bir yili o‘tdi va yana uch yil bor. Birinchi navbatda futbolchi sifatida o‘sishim kerak. Keyinchalik hammasi reja asosida davom etsa, yanada kuchliroq chempionatga ketish niyatim bor. Hamma o‘ziga baland maqsadlarni qo‘yib shunga intilsa, o‘sish bo‘ladi. Men ham shunday yo‘l tutyapman.
- Mavsum yakunlariga ko‘ra jamoangiz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani qanchalik bajardi deb o‘ylaysiz?
- Mavsumni yaxshi boshlagandik. Lekin keyinchalik omadsizlik yuz berdi va ancha payt yuta olmadik. Aslida maqsadimiz jiddiy edi. Biroq ochko yo‘qotaverganimiz tufayli yakunda biroz qiyin ahvolga tushib qoldik. Yilning boshida hech kim “Rostov”ni qiyin vaziyatga tushib qoladi deb o‘ylamagandi. Shuning uchun bu yil vazifa bajarilmadi deb o‘ylayman. Ammo yangi mavsumda Yevropa ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashamiz.
- “Bunyodkor”dagi Shomurodov bilan “Rostov”dagi Shomurodov o‘rtasida farq bor. Bu borada o‘zingizda qanday o‘zgarishlarni sezyapsiz?
- Hali aytganimdek, boshida ancha qiynalganman. Ayniqsa, o‘yin va mashg‘ulotlarda menga qiyin bo‘lardi. Hozir esa moslashib ketdim. Muhimi, oldingiga qaraganda, o‘zimga bo‘lgan ishonchni his qila boshladim. Albatta, o‘tgan vaqt davomida o‘sishga erishyapman deb o‘ylayman. Qolaversa, ilgari hujumchi sifatida doim ham o‘ynamasdim. Endilikda esa sof hujumchi rolida to‘p suryapman. Shu tomonlama ham ko‘p narsa o‘rganyapman.
- Yangi mavsumga tayyorgarlik qachondan boshlanadi?
- 13 iyun kuni Rostovda to‘planamiz. Keyin xorij yig‘iniga ketamiz.
- Milliy terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi raqiblari ham ma’lum bo‘ldi. Qanday fikrdasiz?
- Osiyo Kubogi jiddiy musobaqa. Dastlabki vazifamiz guruhdan chiqish. Hech bir jamoa oson raqib emas. Lekin biz BAAga katta maqsadlar bilan boramiz. Bizda imkoniyatlar katta.
- Hozircha terma jamoamizni vaqtinchalik Timur Kapadze boshqarib turibdi. Uning boshchiligida jamoamiz Senegal, Marokash va Eronga qarshi o‘ynadi. Endi Urugvay bilan ham bellashadi. Umuman, hozirgi jamoamizni ham kuzatib boryapsizmi?
- Albatta, kuzatyapman. Osiyo chempioniga aylangan futbolchilarning hammasi mening do‘stlarim. Ularni milliy terma jamoaga jalb qilib imkoniyat yaratib berishyapti. Bunday yuqori saviyadagi raqiblarga qarshi o‘yinlar futbolchilar uchun juda foydali bo‘lyapti. O‘tkazayotgan o‘yinlarini ham ko‘ryapman. Yigitlar yaxshi taassurot qoldirishyapti. Masalan, milliy terma jamoa safida ilk bor maydonga tushgan o‘yinchilar ham o‘zidan yomon taassurot qoldirishmayapti.
- Hozirda hamma terma jamoaga keladigan yangi murabbiy haqida gapiryapti. Bu savol sizni ham qiziqtiryaptimi?
- Ha, menga ham qiziq tuyulyapti. Qachonki, rasman xabar berilsa, shunda anig‘ini bilib olamiz-da. Ungacha esa kutishdan boshqa ilojimiz yo‘q (kuladi).
- Siz bu borada kim bosh murabbiy bo‘ladi deb o‘ylaysiz?
- Bilmadim. Internet orqali yangiliklarni o‘qib turibman. Bir narsa deya olmayman. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Yana ozroq kutsak hammasini bilib olamiz.
- Sobiq klubingiz – “Bunyodkor”ni ham kuzatib borayotgandirsiz-a?
- Albatta. Chempionatda 1-o‘rin uchun kurashyapti. Jamoadagi futbolchilar borini berib o‘ynashyapti. “Bunyodkor” raqiblarini qiynayapti desam ham bo‘laveradi. Hozirgi kunda klub ancha kuchli.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.
Manba: Sports.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar