09:03 / 30.06.2018
2 549

Vadim Abramov futbolga qaytgach nimalar dedi? (eksklyuziv intervyu)

Vadim Abramov futbolga qaytgach nimalar dedi? (eksklyuziv intervyu)
Kuni kecha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yurtimizdagi tajribali murabbiylardan biri Vadim Abramovni yana o‘z ishi bilan shug‘ullanishiga ruxsat berdi. Ma’lumki, o‘tgan yili “Neftchi”ni boshqarayotgan paytda uning ayrim bildirgan fikrlari sababli O‘FA nomuayyan muddatga futboldan chetlatgandi. Shundan beri Vadim Karlenovich hech qayerda ishlamayotgandi. Nihoyat, u yana katta futbolga qaytmoqda. Shu bois SPORTS.uz muxbiri Abramov bilan bog‘landi.

- Salom, Vadim Karlenovich, avvalo sizni katta futbolga qaytishingiz bilan tabriklashimizga ijozat bersangiz.

- Rahmat.

- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi murabbiylik ishiga qaytishingiz uchun ruxsat berdi. Adolat qaror topdi. Bunday bo‘lishini kutganmidingiz?

- Yo‘q, men uchun bu mutlaqo kutilmagan syurpriz bo‘ldi. Shunday syurprizni hozirlaganlardan minnatdorman.

- Futboldan chetda qolgan paytingizda haqligingizni isbotlash maqsadida rahbariyatga xat bilan murojaat qildingizmi?

- Yo‘q, hech qanday xatni yozmadim. Yozishimdan nima foyda? Qolaversa, qaysi qilmishim uchun futboldan chetlatilganimni hozirgacha tushuna olmayman. Boz ustiga matbuotda shu masala yuzasidan nimalar yozilganini bilmadim. O‘tgan vaqt davomida bu xususida hech qanday izoh bermagandim. Hozir ham shunday yo‘l tutaman. Nima uchun chetlatilganimni tushunmadim. Aytishlaricha, futbolchilarni va boshqa hamkasblarimni hurmat qilishim kerak ekan. Umuman, buning sabablarini oxirigacha anglab yeta olmadim. O‘zingiz ayting, men biror-bir o‘yinchi yoki hamkasbimni behurmat qilganmanmi? Bundan tashqari, har xil mayda-chuydalarga e’tibor beradigan kishilar sirasiga kirmayman.
- Umid Ahmadjonov bilan uchrashdingizmi?

- Yo‘q, uchrashmadim. Qolaversa, uni oldin sira ko‘rmaganman. Aytish mumkin bo‘lsa, bir-birimizni umuman tanimaymiz ham.

- Futbolsiz vaqtingizni qanday o‘tkazdingiz?

- Uyda, dam olish bilan o‘tkazdim. Mana, hozir ham uydaman va jahon chempionati o‘yinlarini tomosha qilyapman.

- Sizning oxirgi ish joyingiz “Neftchi” klubi hisoblanadi. Hozirgacha jamoa qoniqarsiz natijalari bilan ishqibozlarining hafsalasini pir qilib kelmoqda. “Neftchi”dagi ishingizni faoliyatingiz davomidagi eng omadsiz davr sifatida baholash mumkinmi?

- Men jamoada ish boshlagan paytimdayoq “Neftchi”ni qanday oyoqqa turg‘azish mumkinligi borasidagi rejam bilan o‘rtoqlashgandim. Boz ustiga klubni qabul qilib olgan paytimda u juda ayanchli ahvolda edi. “Neftchi”ning oldingi obro‘ini tiklash yo‘lida puxta reja ishlab chiqqandik. Ammo rejani oxirigacha yakunlash nasib etmadi. Jamoadan chetlatilganimdan so‘ng ham vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmay qolgani achinarli. To‘g‘risi, “Neftchi”dan ketganimdan keyin klubning ishlarini kuzatmadim. O‘zimni qonun-qoidalarga rioya qiladigan inson deb hisoblayman. Ishdan chetlatishdimi, demak, futbolga aralashmasligim kerak edi. Shunday ham qildim. Savolingizga kelsak, jamoada olib borgan ishimni faoliyatimdagi muvaffaqiyatsiz davr deb hisoblamagan bo‘lardim.

- Vadim Karlenovich, sizda hozir takliflar bormi?

- Hozircha hech qanday takliflar bilan murojaat qilganlari yo‘q.

- Umuman olganda, keyingi rejalaringiz bilan o‘rtoqlasha olasizmi?

- Qanaqa rejalar? Hozircha hech qanday o‘zgarish yo‘q. Takliflar bilan chiqqanlar kuzatilmayapti. Uyimda dam olishni davom ettirmoqdaman.

- Lekin oxirgi yangilikdan so‘ng sizga albatta takliflar bilan murojaat qilishlariga aslo shubhalanmaymiz...

- Bu masalada biror narsa deyishim qiyin. Axir o‘zimga-o‘zim taklif qila olmayman-ku?! Lekin tez orada biror yangilik bo‘lib qolar. O‘zim ham shundan umid qilyapman.

- Ayting-chi, yangi formatdagi Superliga sizga yoqyaptimi? O‘yinlarning saviyasi oshganmi?

- Futbolda ishlamay qo‘yganim bois bu xususida fikr bildirishim amrimahol.

- Harqalay chetdan bo‘lsa ham o‘yinlarni kuzatayotgandirsiz?

- Yo‘q, deyarli kuzatmadim. Faqat bir marta OKMKning “Nasaf”ga qarshi o‘yinini tomosha qildim xolos. Shunda ham uchrashuvning bir bo‘limini kuzatdim va yumush bilan ko‘chaga chiqib ketdim. Kechirasiz, yangi Superliga va uning saviyasi borasida bergan savolingizga to‘liq javob qaytara olmayman. Futbol – bu mashaqqatli mehnat deganidir. Bir kun yoki yarim yil davomida nimadir o‘zgarishiga o‘zingiz ham ishonasizmi? Jarayon o‘zgarishi uchun bir muncha vaqt o‘tishi kerak bo‘ladi.

- Agar sir bo‘lmasa, Rossiyada davom etayotgan jahon birinchiligida qaysi terma jamoaga muxlislik qilmoqdasiz?

- Avvalo chiroyli futbol uchun. Televideniyeda namoyish etilayotgan uchrashuvlarni kuzatib boryapman. O‘zim uchun nimadir olishga harakat qilmoqdaman. TVda o‘yinlarni uzluksiz namoyish etayotgan bizning bugungi kunimizda bu juda qo‘l keladi. Uchrashuvlarni kuzatib borar ekansiz, mutaxassis sifatida o‘zingiz uchun nimanidir kashf etasiz.

- Jahon chempionati finalini bevosita Moskvada, “Lujniki” stadionida kuzatish xohishingiz bormi?

- Bilmadim, bu savolingizga ham javob qaytarishim mushkul. Ustiga-ustak tayinli ish bilan band bo‘lmaganim tufayli xohish imkoniyatga to‘g‘ri kelmaydi.

- Agar yodingizda bo‘lsa, “Neftchi”dan ketmasingizdan oldin aynan biz siz bilan suhbatlashgandik. Buni qarangki, futbolga qaytishingizga ruxsat berilgach, yana gaplashib turibmiz...

- Ha, esladim. Bu juda yoqimli, albatta. Lekin meni bezovta qilayotgan jihat ham yo‘q emas. Gazetada suhbat chop etilgach, ba’zi gaplarim uchun meni yana jazoga tortishmasmikin, degan xavotir ham yo‘q emas. Chunki o‘zbek tilida chop etiladigan nashrlarda gaplarim qay tariqa tarjima qilinganidan bexabar qolaman. Chetlatilishimga nima sabab bo‘lganini tushuntirish chog‘ida keskin fikr bildirganimni aytganlar ham bo‘lgan. Hatto noto‘g‘ri fikr yuritishimni yuzimga solishgan. Qiziq, 55 yoshga kirgan mendek odam shu choqqacha qanday qilib to‘g‘ri fikr yuritishni bilmasa?! Juda g‘alati.

- Aytgan gaplaringizni sal boshqacha talqin qilishimiz mumkinligi borasida bizdan xavotir olmasangiz ham bo‘ladi.

- Men sizlardan emas, balki ko‘proq o‘zimdan xavotirlanyapman. 55 yoshdagi mendek kishiga to‘g‘ri fikrlashni kim o‘rgatarkin, deya ba’zida o‘ylanib qolaman. Suhbatimiz yakunida samimiy tabrigingiz uchun sizga yana bir bor minnatdorchilik bildirib qolaman.

- Suhbatlashish uchun vaqt ajratganingizdan biz ham minnatdormiz. Kelgusi ishingizda omad tilab qolamiz.

- Rahmat.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov futbolga qaytgach nimalar dedi? (eksklyuziv intervyu)