21:38 / 30.07.2018
3 775

TOP-10: Yozning "qaynoq" transferlari...

ТОП-10: Ёзнинг "қайноқ" трансферлари...
Jazirama yozning issiq taftidan hatto transferlar ham qaynab ketmoqda. Bu mavsum bir qator ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan, hatto ba’zi futbol muxlislarining yetti uxlab tushiga ham kirmagan transferlarga guvoh bo‘ldik. Keling ushbu maqolamizda ayni pallagacha bo‘lgan transferlarning eng shov-shovli 10 tasini ajratib olsak.

Roja Naingollan. “Roma”dan “Inter”ga
Roberto Martines JCh uchun tanlagan Belgiya terma jamoasida ushbu yigitga joy topilmadi. Ha, u katta iqtidor egasi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. ChL chorak finalida “Barselona” ustudan qozonilgan g‘alabada Naingollanning xizmati katta bo‘ldi. “Inter” ushbu futbolchining xizmatlaridan foydalanishni lozim topdi va 38 million yevro evaziga belgiyalik yarim himoyachini o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.

Fabino. “Monako”dan “Liverpul”ga
Ushbu fransuz klubining seletsionerlari ajoyib ishlaydi. Dunyoning turli burchaklaridan noyob iqtidor egalarini shu qadar terib kelishadiki, qisqa fursat ichida o‘sha topilmani katta summa evaziga sotib yuboradi. Fabino ham shunday topilmalardan biri. Segundadan 6 millionga olib kelingan futbolchi yaqinda 50 million yevroga sotildi. Bu bilan “mersisaydliklar” Emre Janning o‘rnini to‘lidirish niyatida. Braziliyalik futbolchi ayni paytgacha qator o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushib ulgurdi.

Jerdan Shakiri. “Stok Siti”dan “Liverpul”ga
“Stok Siti” chempionshipga tushib ketgach, Shakiri bu divizionni o‘zi uchun mos deb bilmadi. Jahon chempionati yakuniga yetgach, “Liverpul” “Stok” uchun yaxshi taklif bilan chiqdi va shveysariyalik hujumchini atigi 13 million yevro evaziga sotib oldi. Ana endi shundoq ham raqib himoyachilariga vahima soladigan “Liverpul” hujumi yanada daxshatli ko‘rinish ola boshladi. Klopp bu bilan ichki raqobatni yanada kuchaytirish, qolaversa, turli musobaqalar uchun alohida tarkib ham qila olishi mumkin.

Duglas Kosta. “Bavariya”dan “Yuventus”ga
“Yuventus” rahbari yaqin orada xazina topib olgandek, jamoa tarkibini kuchaytirish uchun katta pullar sarflamoqda. Eng asosiysi haqida keyinroq. Ha, Kosta o‘tgan mavsum ham turinliklar sharafini himoya qilgan edi, lekin ijara asosida. 1 mavsumni yuqori saviyada o‘tgazgach, shartnomada belgilanganidek turinliklar “Bavariya” hisob raqamiga 40 million yevro o‘tkazib berdi.

Fred. “Shaxtyor”dan “Mancheter Yunayted”ga
Braziliyalik ushbu futbolchi garchi hamyurtlari bilan jahon chempionatiga borgan bo‘lsa ham mashg‘ulotdagi jarohati sabab mundialda maydonga tusha olmadi. “Qizil iblislar” tayanch zonasini kuchaytirish uchun Ukraina jamoasi bilan keldishuvga erishdi. Ushbu transfer 59 million yevroga baholandi.

Riyad Mahrez. “Lester”dan Manchester Siti”ga
“Shaharliklar” yarim himoyasi shundoq ham tobida. Biroq puli oshib-toshib yotgan “Siti”ga yana bir mahoratli xavbekni sotib olish sira ziyon qilmaydi. Bundan yutsa yutadiki, yutqazmaydi. Ayniqsa, qaysidir asosiy tarkib o‘yinchilari jarohat olib yoki dam olishi kerak bo‘lganida Gvardiola uni qo‘rqmasdan Mahrezni asosiy tarkibda tushirishi mumkin.

Toma Lemar. “Monako”dan “Atletiko”ga
“Monako”ning yana bir mega transferlaridan biri. 2015 yil “Kan” jamoasidan 4 million yevroga sotib olingan ushbu yigit bu mavsum “Atletiko” Madridga 65 million yevroga sotildi. Fransiya terma jamoasi tarkibida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Lemar Madrid klubida Grizman bilan yelkama-yelka Ispaniya chempionligi uchun bahs olib boradi. Uning o‘yin uslabi Diyego Simone taktikasiga qanchalik mos tushishini yaqin kunlar ichida bilib olamiz.

Paulino. “Barselona”dan “Guanchjou”ga
Bizni oldinda ayni pallagacha bo‘lgan eng katta 3 transfer kutib turibdi. Ulardan biri Paulinoning Xitoyga qaytishi. Braziliyalik futbochlining transferi o‘tgan yili ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘layotgandi. Ayrim mutaxassislar tomonidan “o‘xshaymagan” trasnfer, deya baholangach mavsum bu fikrlar homhayol ekanini ko‘rsatib berdi. Kataloniyaliklar bilan ajoyib mavsum o‘tkazgan Paulinoni “Guanchjou” darhol qaytarib oldi.

Alisson. “Roma”dan “Liverpul”ga
E’tiborimiz markazida yana braziliyalik futbolchi. Aniqrog‘i, darvozabon. Rim klubi safida yorqin mavsum o‘tkazgan Alisson “Liverpul”ning yarasiga malham bo‘lishi uchun sotib olindi. Bu malhamning narhi esa 67 million yevroga baholandi. Ayniqsa, YeChL finalidan keyin “Liverpul” rahbariyatining ko‘ziga bu pul ko‘rinmagan bo‘lsa ham kerak. Shu tariqa Alisson futbol tarixida eng qimmat sotilgan posbon bo‘ldi. Ha, u katta iqtidor egasi. Biroq buncha summaga u uchun ko‘p emasmikan?

Krishtianu Ronaldu. “Real”dan “Yuventus”ga
Yerda o‘ynayotgan o‘zga sayyoralikning biri Turinga keldi. 9 yil Madrid klubi safida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishgan Krishtianu uchun bu to‘g‘ri qarordir balki. “Real” murabbiylar shtabi almashgach, erishish mumkin bo‘lgan barcha yutuqlarni qo‘lga kiritgach, o‘zini boshqa chempionatda ham sinab ko‘rgisi keldi. Ronalduning transferi uchun “Keksa sinora” 117 million yevro sarf qildi va qo‘shimchasiga 30 million yevroni tashkil qiluvchi yillik maosh ham to‘laydigan bo‘ldi. Kim bilsin Ronalduning Italiyaga kelishi bilan “A” seriyaga bo‘lgan e’tibor 90-yillardagi kabi yana qaytar.

Manba: sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » TOP-10: Yozning "qaynoq" transferlari...