17:44 / 18.08.2018
3 067

Sanjar Tursunov: “Kuper terma jamoamizni JCHga olib chiqa oladi”

Санжар Турсунов: "Купер терма жамоамизни ЖЧга олиб чиқа олади"
O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod yarim himoyachi Sanjar Tursunov faoliyatini Janubiy Koreya chempionatida davom ettiryapti. Hamyurtimiz K2-liga (bizning Pro-liga bilan teng maqom) vakili hisoblangan “Tedjon Sitizen” klubi bilan shartnoma imzoladi.

U erkin agent maqomida koreyaliklar tarkibiga borib qo‘shildi. E’tiborlisi, Sanjar bu klubda yolg‘izlanib qolmaydi. “Tedjon” sharafini yana bir futbolchimiz Shohruh Gadoyev ham himoya qilib kelmoqda.
“Bunyodkor”ning sobiq yarim himoyachisi avvalroq shu klub a’zosiga aylanib ulgurgandi. Endi o‘zbekistonlik ikki futbolchi “Tedjon Sitizen”ning ikki qanotida javlon urishadi.

Tursunovning debyuti o‘zi uchun omadli keldi. “Tedjon Sitizen” klubi o‘z maydonida “Gvangju” jamoasi bilan durang o‘ynadi. Mezbonlarning yagona javob to‘piga aynan Sanjar mualliflik qildi.

Zaxiradan maydonga tushgan Tursunov 84-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Ungacha 19-daqiqada Jung Yeong Chong hisobni ochishga ulgurgandi.

Biz ushbu uchrashuvdan so‘ng Sanjar Tursunov bilan bog‘lanib, undan eksklyuziv intervyu oldik. Ma’lumot uchun, hamyurtimiz o‘tgan mavsumni Qatarning “Haraytiyat” jamoasi safida o‘tkazgandi.

- Sanjar, Janubiy Koreya klubiga o‘tishingiz qay tarzda amalga oshdi?
- Transfer juda ham tez suratda ro‘y berdi. Muzokaralar 3-4 kun davom etdi. “Tedjon Sitizen” klubi rahbari va yana bir jamoa vakili Toshkentga atayin ushbu transferni amalga oshirish uchun yetib kelishdi.

Aytmoqchi bo‘lganim, ular bu ishga professional va jiddiy tarzda yondashishdi. Yuzma-yuz ko‘rishib, muzokara o‘tkazganimizdan so‘ng shartnomaga imzo chekdik. Koreya klubi rasmiylari Toshkentning o‘zida viza olishimga yaqindan yordam berishdi.

O‘zlari Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga borib, jarayonni tezlashtirishdi. Men bu kabi o‘z ishiga professional yondashgan klub vakillarini birinchi bor ko‘rishim. Ochig‘i, bundan hayratga ham tushdim.

- Oldingizda variantlar yetarli edi. Nima uchun aynan Janubiy Koreya?
- Ha, takliflar yetarlicha bo‘ldi. Lekin bir nechta omillar sabab Janubiy Koreya klubidan tushgan taklifni afzal bildim. Birinchidan, faoliyatimni yana legioner sifatida davom ettiraman. Ikkinchidan, klub rahbarlarining bu transferga professional tarzda yondashgani.

Eng asosiysi esa, rafiqam koreys tilini juda yaxshi biladi. U besh yil davomida Toshkent davlat sharqshunoslik institutining koreys tili bo‘limida tahsil olgan.

Shuncha yil davomida olgan bilimini bevosita Janubiy Koreyada yashab, mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ana shu sanab o‘tgan omillar “Tedjon Sitizen” jamoasi bilan shartnoma imzolashimga sabab bo‘ldi.

- Poytaxtimiz “Tedjon” jamoasi rahbarlarida qanday taassurot qoldirdi?
- Juda katta taassurot bilan qaytishdi. Har bir sohada bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib xursand bo‘lishdi. Ikki mamlakat o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda rivojlanib borayotgan hamkorlik sportda, xususan, futbolda ham ko‘zga tashlanayotganidan quvonganliklarini aytishdi.

E’tiborlisi, shartnoma ham Tedjonda emas, aksincha, Toshkentda imzolandi. Ma’lumot uchun aytishim mumkin, “Tedjon Sitizen” klubi bilan ikki yarim yillik bitimga imzo chekdim. Ular yaqin orada hech bir futbolchiga bunday uzoq muddatli shartnoma taklif qilmaganliklarini aytishdi. O‘zaro ishonch borligidan xursand bo‘ldim.

- O‘zimizning “Lokomotiv” ham sizni o‘z safida ko‘rish istagini bildirgan ekan. Ushbu ma’lumot qanchalik haqiqatga yaqin?
- Yo‘q, buni tasdiqlay olmayman. “Lokomotiv” bilan hech qanday muzokara o‘tkazmadim. Aksincha, poytaxtning boshqa bir klubi “Paxtakor” tomonidan qiziqish bildirildi. Hatto o‘zaro muzokaralar ham olib borildi.

Yakunda yana bir necha mavsumni xorij chempionatida o‘tkazish hissi ustunlik qildi. “Tedjon Sitizen” rahbarining shaxsan o‘zi qiziqish bildirib, Toshkentga muzokara o‘tkazish va shartnoma imzolash uchun kelgani yakuniy qarorni qabul qilishimda muhim rol o‘ynadi.

- O‘zbekiston chempionatida kam maosh sabab o‘ynamaslikka qaror qildingizmi yoki boshqa omillari ham bormi?
- Ochig‘ini aytsam, maosh bu yerda hech qanday rol o‘ynamadi. O‘zbekiston chempionatida ishtirok etayotgan yetakchi klublarimiz ham futbolchilarga yomon maosh taklif qilishmayapti.

Shunchaki, xorij chempionatida, xususan, Janubiy Koreyada o‘ynash ishtiyoqi menda kuchlilik qildi. Nasib qilsa, hali O‘zbekiston chempionatida ham o‘ynashga ulguraman.

- “Haraytiyat”da ham qolishingiz mumkinmidi?
- To‘g‘risini aytaman, Qatar klubida qolishni unchalik ham xohlamadim. O‘ziga yarasha sabablari bor edi. Oxirgi paytlarda “Haraytiyat”da qaysi chiziqda muammo yuzaga kelsa, murabbiylar meni o‘sha joyda o‘ynatishayotgan edi.

Himoyada o‘ynadim, tayanch zonasida, o‘ng qanot yarim himoyachisi sifatida ham harakat qildim. Faqat markaziy himoya zonasida o‘ynamadim va darvozada turmadim. Bu holat biroz menga yoqmadi. Xuddi o‘t o‘chiruvchiga o‘xshab qolgandim.

- Qatar yoki boshqa arab jamoalaridan taklif olmadingizmi?
- Jiddiy takliflar bo‘lmadi. Shunchaki, quruq qiziqishlar, gap-so‘zlarga unchalik e’tibor qaratmadim. Janubiy Koreya klubi astoydil qiziqqani uchun shu jamoa bilan muzokara olib bordim.

- “Haraytiyat” siz bilan to‘liq hisob-kitob ishlarini amalga oshirdimi?
- Bu borada hech qanday muammo bo‘lmadi. Xabaringiz bor, Qatar chempionatida legionerlarning maoshini milliy olimpiya qo‘mitasi to‘laydi.

Bu narsaga jiddiy e’tibor qaratadi. Xorijlik futbolchi va murabbiylar bilan har doim to‘liq hisob-kitob qilinadi. Klub rahbarlari ham ochiq yuz bilan xayrlashdilar, bir-birimizga omad tiladik.

- Yangi jamoangizdagi ilk taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?
- Hammasi a’lo darajada kechyapti. Hatto o‘ylaganim va kutganimdan ham yaxshiroq taassurotlar qolmoqda. Juda iliq kutib olishdi. Shahar ham menga ma’qul kelyapti. Bu yerda futbolni yaxshi ko‘risharkan. Stadion jahon talablariga to‘liq javob beradi.

Muxlislar o‘yinlarni jonli ko‘rish uchun stadionlarga “oqib” kelishar ekan. Sharoitlar a’lo darajada. Chempionati ham kuchli ko‘rinyapti. Bejizga Rossiyadagi jahon chempionatiga Janubiy Koreya terma jamoasi murabbiylari K2-ligadan ham futbolchilarni olishmagan ekan.

Aytmoqchi bo‘lganim, Koreya birinchi ligasi K-Ligasi bilan katta farq qilmaydi. Chempionatlar o‘rtasidagi saviya va tafovut bir-biriga juda yaqin.

- “Tedjon”dagi sharoitlar o‘ylaganingizdek bo‘lib chiqdimi?
- Aytib o‘tganimdek, sharoitlar a’lo darajada. Klub bazasi bilan ham yaqindan tanishib chiqdim. Bir so‘z bilan aytganda, hammas super. Futbolchilar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilib qo‘yilgan. Bu yerda faqat futbol o‘ynash haqida o‘ylaysiz.

- Qayerga joylashdingiz? Rasmiy taqdimot marosimi o‘tkazildimi? Nechanchi raqamni tanladingiz?
- Oxiridan boshlayman. To‘qqizinchi raqamli futbolkani tanladim. Taqdimot marosimi va fotosessiya o‘tkazildi. Hammasi a’lo darajada bo‘ldi. Hozircha Shohruh Gadoyevning uyiga joylashganman.

Bu vaqtinchalik holat. Bir-ikki kun ichida yangi xonadonga ko‘chib o‘taman. Hozirda klub rahbarlari Shohruhning uyiga yaqinroq joydan kvartira izlashyapti.

- Bu klubni tanlashingizga Shohruh Gadoyevning shu jamoada o‘ynayotgani ham sabab bo‘ldimi?
- Albatta. Bu ham asosiy omillardan biri bo‘ldi. Adashmasam, ikki o‘zbekistonlik futbolchining Janubiy Koreya chempionatidagi bir jamoa tarkibida o‘ynashi birinchi marta ro‘y berdi.

Shohruhning o‘zi bilan ham bu borada ko‘p gaplashdik, maslahatlashdik. Gadoyevdan yaxshi fikrlarni eshitganimdan so‘ng kichik ikkilanishlar ham qolmadi.

- Rafiqangiz koreys tilini biladi. Shu ma’noda til borasida muammo bo‘lmasa kerak?
- Xuddi shunday. Qolaversa, turmush o‘rtog‘im ingliz tilini ham yaxshi biladi. Lekin bu yerda tarjimonimiz bor. Klubda Shohruh ikkimizga yordam berib turadi.

- Jamoangiz oldiga aniq vazifa qo‘yilganmi?
- Bilishimcha, bu yilgi vazifa imkon qadar chempionatni yuqoriroq o‘rinlarda yakunlash bo‘ladi. Hozirgi turnir jadvalidagi holatimiz qoniqarli darajada emas. Lekin vaziyatni o‘nglash uchun imkoniyatlarimiz yetarli.

Jamoa rahbariyati tarkibni kuchaytirish uchun astoydil harakat qilibdi. Kelasi yili “Tedjon Sitizen” Janubiy Koreya chempionati oliy ligasiga chiqish uchun kurash olib boradi.

- Debyut o‘yiningizdayoq raqib darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldingiz...
- Murabbiylarimiz bilan suhbatlashganimizdan so‘ng meni ikkinchi bo‘limda maydonga tushirishlari ma’lum bo‘ldi. O‘zim ham birdaniga boshlang‘ich tarkibda o‘ynashni istamayotgandim. Har qanday klubda ham shunday holat bo‘ladi. Sekin-asta yangi jamoa o‘yiniga moslashib borasiz.

Birinchi uchrashuvdayoq darvozani ishg‘ol qilganimdan va mana shu gol jamoamni mag‘lubiyatdan qutqarib qolganidan xursand bo‘ldim. O‘sha vaziyatda jamoadoshlarim bilan bir-birimizni tushunib o‘ynadik. Nasib qilsa, keyingi o‘yinlarda g‘alaba to‘plarini kiritishga intilaman.

- Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyligiga Ektor Kuperning tayinlanishiga qanday munosabat bildirasiz?
- Kuper jahon futbolida katta obro‘-e’tiborga ega mutaxassis. Faoliyati davomida Yevropaning ko‘zga ko‘ringan klublarida ishlagan. “Valensiya”, “Inter” jamoalarida faoliyat yuritgani va bu klublar bilan erishgan yutuqlari murabbiyning qanday darajada ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Oxirgi ishlagan joyi Misr termasi bo‘ldi. Muhammad Saloh boshchiligidagi jamoa bilan Rossiyadagi jahon chempionatida ishtirok etdi. Endi unga to‘laqonli bahoni milliy jamoamizdagi faoliyatiga qarab berish mumkin. Oldinda Osiyo kubogi va keyingi jahon chempionatining saralash uchrashuvlari bor. Birinchi galda Osiyo kubogida sinovdan o‘tadi.

Ilk bahoni aynan 2019 yilning yanvar oyida BAAda o‘tkaziladigan turnirdan so‘ng berish mumkin bo‘ladi. Assotsiatsiya rahbarlari katta ishonch bildirib, 3+1 ko‘rinishida shartnoma imzolashdi. O‘ylaymizki, Ektor Kuper bu ishonchni oqlab, terma jamoamizni orziqib kutilayotgan jahon chempionati final bosqichiga olib chiqadi.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz






arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sanjar Tursunov: “Kuper terma jamoamizni JCHga olib chiqa oladi”