date
views 2 784

Rustam Akramov: “Hammasi Kuperga emas, futbolchilarimizga bog‘liq”

Рустам Акрамов: "Ҳаммаси Куперга эмас, футболчиларимизга боғлиқ"
Ayni paytda Indoneziyada Osiyo o‘yinlari musobaqasi bo‘lib o‘tayotganidan xabaringiz bor. Unda ko‘plab sport turlari qatorida futbolchilarimiz ham ishtirok etishayotganini bilasiz, albatta. Aslida ham boshqa sport turlariga qaraganda doimgidek futbol musobaqasiga bo‘lgan qiziqish katta. Qishda U-22 yoshlilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Ravshan Haydarov jamoasi endilikda Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarida qatnashmoqda. Shu boisdan ham xalqimizning ushbu jamoamizdan yana bir bor umidi katta.

Chunki Xitoydadagi musobaqada chempion bo‘lib qaytgan jamoamiz endi Osiyo o‘yinlarida ham javlon urib, o‘zini ko‘rsatishga harakat qilishmoqda. Bu musobaqaning biz uchun yana bir e’tiborli tomoni shundaki, 1994 yili Rustam Akramov bosh murabbiyligidagi terma jamoamiz Yaponiyaning Xirosima shahrida Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgani barchamizning yodimizda. Shundan beri terma jamoamizning xalqaro miqyosidagi g‘alabasini sog‘inib kelyapmiz.

To‘g‘ri, o‘z vaqtida o‘smirlar terma jamoamiz Osiyo chempioni bo‘lishdi. Qolaversa, shu yilning yanvar oyida olimpiyachilarimiz Osiyo chempionatida chempion bo‘lib qaytishdi. Ammo Osiyo o‘yinlari musobaqasida hali Akramov jamoasining qayd etgan natijasi takrorlanganicha yo‘q. Lekin katta ehtimol bilan aynan hozirgi Haydarov jamoasi 1994 yilgi chempionlikni takrorlashi mumkinligi ko‘p gapirilmoqda. Chunki bu jamoamizda har qachongidan ko‘ra motivatsiya kuchli.

“Hammasi Haydarovga bog‘liq”

Futbolimiz professori Rustam Akramovni yuqorida bejizga eslab o‘tmadik. O‘zbek futboli uchun birinchi tarixiy g‘alabani keltirishda juda katta hissasini qo‘shgan. Lekin hozirgacha biror-bir murabbiy uning natijasini takrorlay olgani yo‘q. Akramov ham Indoneziyadagi o‘yinlarni diqqat bilan kuzatib boryapti va terma jamoamizning chempion bo‘lishiga umid qilyapti.

- Terma jamoamiz ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘ryapman. Ha, ular yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishyapti, - deb gap boshladi, Akramov. - Raqiblar haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, masalan Bangladesh termasi bizning saviyamizdagi raqib emas. Lekin Qatarni terma jamoasini ko‘rib hayron bo‘ldim. Albatta, yigitlarimizning yirik 6:0 hisobidagi g‘alabasidan xursand bo‘ldim. Biroq tan olish lozimki, aynan Qatar ustidan mana shunday o‘ta yirik hisob bilan yutishimizni kutmaganim rost. Tailand bilan uchrashuvda ham jamoamiz g‘alabaga erishib, guruhda 100 foizli natija ko‘rsata oldi.

Bungacha keyingi bosqichda O‘zbekistonning qaysi raqib bilan to‘qnash kelishi hammani qiziqtirayotgandi va bu qaysidir ma’noda biz uchun muhim ham edi. Endi navbatdagi bosqichda Gonkong bilan o‘ynaymiz. Shuni unutmaslik kerakki, bu 20 kun davom etadigan musobaqa. Futbolchilarimiz keyinchalik charchab qolishmaydimi, ruhiy tomondan to‘la tayyormi? Bu borada hamma narsa terma jamoamiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarovga bog‘liq desam yanglishmayman. Lekin terma jamoamiz yaxshi tomonlama taassurot qoldiryapti. Chunki jamoamizda iqtidorli o‘yinchilar ko‘p. Har qanday holatda ham vakillarimizdan yana bir bor ijobiy natijalarni kutamiz. Shu bois yaxshi niyat qilamiz.

“Xalqimiz ham, men ham g‘oliblikni xohlayapmiz”

Terma jamoamiz guruhda 100 foizli natija ko‘rsatib, yana bir bor katta imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Osiyo chempionligidan keyin endi Osiyo o‘yinlari g‘olibligini qo‘lga kiritishga bo‘lgan chanqoqlik hammamizda kuchli. Bu borada Rustam Akramov shunday dedi:

- Terma jamoamizning Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lishini hammamiz xohlayapmiz. Agar shunday yuksak natijani ko‘rsatishsa bundan butun xalqimiz xursand bo‘ladi va shu jumladan men ham. Buning uchun bizda yaxshi imkoniyat bor. Ravshan Haydarov esa mening do‘stim va shogirdim. U ilgari mening qo‘l ostimda o‘ynagan. Hozirda xalqimiz terma jamoamizning ushbu Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘lishiga muhtoj. Chunki bunday muvaffaqiyatni anchadan beri kutyapmiz.

“Natija talab qilishning yomon jihati yo‘q”

Yana bir gap: terma jamoamiz uchun natija ustivor vazifaga aylangani hech kimga sir bo‘lmasa kerak. Maqsad aniq: faqat chempionlik! Bu esa futbolchilarimizga qo‘shimcha mas’uliyat yuklashi tayin. O‘ziga yarasha bosim ham bo‘lishi mumkin. Lekin jamoamizda o‘ziga yarasha tajriba ham borligini unutmaslik kerak.

- Har bir natija jamoaga kuch beradi. Shunday ekan, yigitlarimizdan natijani talab qilish fazilatida hech qanday yomon narsa yo‘q. Aksincha, bu foydali bo‘ladi. Futbolchilarimizga qo‘shimcha ishtiyoq va kuch beradi. Ruhini ko‘taradi, - deydi Akramov.

“Kuper tajribali mutaxassis”

Shu o‘rinda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga yangi bosh murabbiy etib tayinlangan argentinalik Ektor Kuper haqida har kim o‘z fikrini bildirmoqda. Shu jumladan bu borada Akramov qanday munosabatda ekanligini bilish ham biz uchun qiziq edi.

- Ektor Kuper? Bilmadim. To‘g‘risi, hammasi Kuperga emas, balki futbolchilarimizga bog‘liq. Agarda terma jamoamiz uchun munosib bo‘lgan o‘yinchilarimiz ko‘p bo‘lsa, bu Kuperga ham yaxshi bo‘ladi. Mabodo, iqtidorli futbolchilarimiz kam bo‘lsa, u holda Kuper bo‘ladimi yoki boshqasimi, yaxshi natija kutish amrimahol. Lekin tan olish kerakki, Ektor Kuper juda tajribali mutaxassis. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

“Hozirgi format bilan uzoq yashab bo‘lmaydi”

Bu yildan e’tiboran yangi formatda o‘tayotgan O‘zbekiston Superligasi chempionatida o‘sish kuzatilayotgandek edi. Ammo kamchiliklar ham yo‘q emas. Xo‘sh, bu format Rustam Akramovichga yoqyaptimi? Buni o‘zidan eshitamiz.

- Hozircha chempionatimiz yaxshi, yomon emas. Superligada nisbatan sifat sezilyapti. Murosasiz, kurashuvchan o‘yinlar bo‘lyapti. Lekin asosiy bahslarni asosan oltita shaharda ko‘rishyapti-da. Agar Angliyani oladigan bo‘lsak, u yerda 80 ta jamoa bor. To‘rtta ligada 20 tadan klubi qatnashadi. Mayli, bir-ikki yil mana shunday tizimda o‘yinlarimiz o‘taversin. Ammo yaqin kelajakda bizga baribir to‘laqonli chempionat kerak. Ya’ni, chempionatimizda 16-18 ta qatnashadigan jamoalar zarur. Hozirgi format bilan esa uzoq qolib bo‘lmaydi. Bu holatni vaqtinchalik deb qabul qilsak yaxshi bo‘lardi.
Shuhratbek JO‘RAYEV suhbatlashdi.

Manba: Sports.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rustam Akramov: “Hammasi Kuperga emas, futbolchilarimizga bog‘liq”