19:47 / 27.08.2018
3 382

Kuper uchun ideal turnir: rahmat senga, Indoneziya!

Kuper uchun ideal turnir: rahmat senga, Indoneziya!
Indoneziyadagi futbol turniri, terma jamoamizning u yerdagi ishtiroki menga juda yoqdi. Yoshlarimizning bu turnirda kuchliroq yo kuchsizroq, yaxshiroq va yoki yomonroq emas, farqliroq boʻlishgani, ayniqsa. Aytish mumkinki, Indoneziyadagi termamizni oldingilarga oʻxshatib turgan yagona jihat Zabihillo Oʻrinboyevning tarkibda boʻlgani xolos. Hatto yil boshida chempion boʻlgan jamoamizdan ham boshqacharoq oʻynadi bunisi.

Turli yoshdagi terma jamoalarimiz juda koʻp turnirlarda qatnashishgan, finalda oʻynaganmiz, uch marta chempion boʻlganmiz. Yarim finaldan jahon chempionati yoʻllanmasini hal qilib qaytgan paytlarimiz boʻlgan. Oʻsha muvaffaqiyatli turnirlar bilan taqqoslaganda, bu safargisi juda quruq boʻlgandir, kim uchundir alamlidir, ammo bir jihat bilan men Indoneziyadagi ishtirokimizni avvalgi ikki musobaqaga oʻxshatdim. Birinchisi – yoshlarimiz tariximizda ilk bor jahon chempionatiga chiqqan Qatardagi, oʻsha Geynrix-u Salomovlar porlagan turnir. Ikkinchisi – Inileyev terma jamoamiz boshqaruviga kelishidan oldin, yana Qatarda oʻtgan, Aziz Haydarov kashf etilgan 2006 yilgi Osiyo oʻyinlari... Oʻsha jamoalarimiz boshqalardan farqlanib turardi.

Yosh boʻyicha cheklov oʻrnatilgan terma jamoalar oʻrtasidagi har qanday turnirga men boshqa rakursdan qarashga oʻrganib qolganman. Nazarimda, mutasaddilarimiz murabbiydan koʻpincha, iloji boricha yaxshiroq natija, masalan chempionlik yoki yoʻllanma talab qilishar va qachon qarasa, jamoalarimiz taktik jihatdan oʻta biqiq oʻyin namoyish etishardi. Murabbiyning taktikasidan chiqib ketmaslik, tartibli oʻyin koʻrsatish va xato qilishdan qoʻrqish baʼzi oʻyinlarimizda jamoalarimizga natija olib kelgandir ehtimol, ammo futbolchilarimizning individual mahoratini ochib bermagandek tuyulardi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov
Yoshlar oʻrtasidagi har qanday turnirda men aynan futbolchilarning individual mahorati ochilishini kutaman, aynan mana shu tomondan muvaffaqiyat qozonilsa, keyinchalik, milliy terma jamoamizga foydaliroq boʻladi deb oʻylayman. Chunki maʼlum qolipga yoki murabbiy tomonidan berilgan vazifalarga qattiq bogʻlanib, baʼzi vaziyatlarda erkinligi cheklangan futbolchining haqiqiy mahoratini bilish qiyin. Agar bunday holat klubda boʻlsa, mayli, oʻsha maʼlum vazifa uchun qoʻllanilgan futbolchi keyinchalik ham, xuddi shu yuklama va vazifalarni bajarish uchun murabbiy tomonidan ishlatilaveradi. Ammo vaziyatga, aytaylik, Kuperning koʻzi bilan qarasak, bu turnirda muhimi unga futbolchilarimizning ijro mahoratini namoyish etib berish edi. Menimcha, oʻta pragmatik oʻyinlar bilan finalgacha yetib borgan jamoadan koʻra, har bir futbolchining individual mahoratini maydonda tomosha qilish Kuper uchun foydaliroq boʻldi.

Balki, Haydarovning Ubaydullayev yoki Nuraliyevdan farqli ravishda, oʻta taktik murabbiy emasligi bunga sabab boʻlgandir. Balki bu turnir biror olimpiada yoki boshqa musobaqaga yoʻllanma taqdim etmagani yigitlardan bosimni olib tashlagandir. Nima boʻlganda ham, Ravshan Haydarov mana shunday vaziyatda nima qilish kerak boʻlsa, shuni amalga oshirdi. U futbolchilarga maksimal darajada erkinlik berdi, hujumlarni tashkil qilish, pozitsion oʻyin va improvizatsiya borasida imkon qadar futbolchilarning salohiyatlariga tayandi. Jamoa bilan olib ketilgan yoshi kattaroq futbolchilar ham tajribali himoyachi yoki tayanch futbolchisi, masalan Haydarov yoxud Anzur Ismoilov emas, mana shu ansamblga oʻyin uslubi va falsafasi boʻyicha tushadigan Aliboyev yoki Masharipov ekanining oʻziyoq bundan dalolat qilmoqda.

Foto: Hasan Pirmuhammedov
Aytmoqchimanki, yangi chet ellik murabbiy tayinlangan, oldinda bizni Osiyo kubogi kutib turgan aynan mana shu pallada bu musobaqaga aynan shunday yondashish talab etilardi va bu jihatdan Ravshan Haydarov oʻz vazifasini aʼlo darajada uddaladi, deyishim mumkin. Shu tomondan bu jamoaning ishtiroki yuqorida tilga olingan ikki turnirni eslatib yuboradi. Yaʼni Jakartada futbolchilarning individual mahorati oldingi planga chiqib turdi.

Haydarov shogirdlari 5 oʻyinda 14 gol urishdi. Darvozaga berilgan zarbalar, driblinglar, kombinatsiyalar borasida ham turnirning eng yaxshilaridan boʻlishdi. Masharipov, Aliboyev, Hamdamov, Sidiqov yoki boshqa futbolchilarimizning har biridan chiroyli uzatmalar, gollar va harakatlardan iborat lavhalarni yaxshigina yigʻish mumkin. Qizigʻi, bugungi magʻlubiyatimizga ham koreyslarning kuchli bosimi yoki ularning bizdan yaqqol kuchli boʻlib, yutqazishdan boshqa ilojimiz yoʻqligidan emas, aynan Ashurmatov yoki Ergashevning individual xatolari sabab boʻldi. Bundan boshqa yana qanday oyna kerak bizga, toʻgʻrimi?

Foto: Hasan Pirmuhammedov
Mayli, umumjamoa qanaqadir medaldan quruq qolgan boʻlsin, lekin menimcha, Ektor Kuper bu uchun ideal turnir boʻldi. U mana shu besh oʻyindan oʻz bloknotiga juda koʻp qaydlarni yozib qoʻygan boʻlishi kerak. Bunday foydali oʻyinlar olti yoki yettita emas, beshta boʻlib qolgani biroz xafa qiladi xolos...
Qahramon Aslanov


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuper uchun ideal turnir: rahmat senga, Indoneziya!