07:01 / 11.09.2018
4 718

Yangi davr. “Oltin toʻp” daʼvogarlari haqida (foto)

Yangi davr. “Oltin toʻp” daʼvogarlari haqida (foto)
Rafael Varan - yakunlangan futbol mavsumining eng muvaffaqiyatli futbolchisi. U klubi bilan Yevropadagi eng nufuzli sovrinni, terma jamoasi bilan esa, jahon chempionligini yutib oldi. Bir paytlar Kannavaroni yoki Zammerni eng yaxshi deb atagan jurnalistlar uchun balki shu ham kifoya qilardi, ammo bu sovrin uchun haqiqiy daʼvogarlar talaygina. Eng muhimi, biz nihoyat Messi-Ronaldu davriga yakun yasashimiz va 2007 yildagi Kakadan soʻng ilk bor, dunyoning eng yaxshi futbolchisi turadigan podiumda boshqa futbolchini koʻrishimiz mumkin. Nazarimda, ovoz berish jarayonida ham eng muhim faktor shu boʻladi – axir futbol keyingi qadamini tashlashi uchun ham yangi qahramonlar kerak emasmi?

Nomzodlarni bir-bir saralar ekanmiz, yangi qahramon roli rostdan ham futbol olamida yangi charaqlagan yulduzga emas, biz anchadan beri kuzatib yurgan futbolchiga topshirilishi mumkinligini koʻramiz. Va bu ham tabiiydek tuyuladi, axir Ronaldu va Messi davriga chek qoʻyish qandaydir yosh futbolchi emas, mana shunday tajribali yelkalar zimmasiga tushishi mantiqan toʻgʻri emasmi?

LIONЕL MЕSSI

Jahon chempionati oldidan, Ispaniya chempionati va kubogini yutgan Messi uchun “Oltin toʻp” u qadar uzoq koʻrinmayotgandi. Buning uchun Argentina terma jamoasi mundialda munosib ishtirok etishi talab etilardi. Ammo Messi va uning jamoasi guruh masalasini zoʻrgʻa hal qilib, uyogʻiga bir qadam ham qoʻya olishmadi.

Juft yillarda, yaʼni jahon yoki Yevropa chempionati oʻtkaziladigan mavsumlarda xalqaro sovrin yutmay turib “Oltin toʻp”ni qoʻlga kiritish qiyin. Qizigʻi, mana shunday sharoit ostida soʻnggi yillarda faqat Messi “Oltin toʻp” yuta olgan. 2010 va 2012 yillarda Messi na terma jamoasi bilan turnirni, na “Barselona” bilan Yevropa Chempionlar Ligasini yutgan boʻlishiga qaramasdan, “Oltin toʻp”ga ega chiqqandi (Undan oldin faqat 1994 yildagina Xristo Stoichkov hech qanday xalqaro sovrinsiz “Oltin toʻp”ni qoʻlga kiritgan).

Bu safar unday boʻlmasa kerak. 2010 yoki 2012 yillarda “Barselona” va Messi Yevropadagi eng kuchli futbolni namoyish qilgan, shuningdek, argentinalik hujumchi toʻpurarlik bobida juda yuqori koʻrsatkichlarni namoyish qilgandi. Bu safar esa, har qanday yoʻnalish va oʻlchovda hisoblasak ham, Messi bilan samaradorlik bobida kurashishi mumkin boʻlgan yorqinroq nomzodlar bor.

KRISHTIANU RONALDU

Odatiy yillarda bunaqa paytda Krishtianu Ronaldu katta farq bilan “Oltin toʻp”ni qoʻlga kiritishi kerak edi. “Real” Yevropa Chempionlar Ligasida gʻolib chiqdi, jahon chempioni boʻlgan Fransiya terma jamoasi tarkibida barcha ovozlarni oʻzi toʻplaydigan yaqqol yetakchi yoʻq edi. Ronaldudan boshqa yana kim eng nufuzli individual sovringa daʼvogar boʻlishi mumkin? Yoʻq, yuqorida aytilganidek, bu safar hammasi boshqacha.

Birinchidan, Ronaldu aytaylik, oʻtgan yil kabi “Real”ni bir oʻzi yelkasida finalgacha olib chiqmadi. Yarim final va final oʻyinlarida umuman boshqa futbolchilar – Benzema va Beyl qahramonga aylanishdi. Umuman oʻtgan mavsum “Real”ning Ronaldudan ozod boʻlish davri deb atalishi va ayniqsa, yangi mavsumda “Real” Ronaldusiz ham kuchli oʻyin koʻrsatayotgani, aksincha, Ronaldu Italiyada avvalgi goleadorligini namoyish qila olmayotgani ovoz beruvchilarga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Ikkinchidan, Portugaliya terma jamoasi xuddi Argentina singari, nimchorak finaldayoq mundialni tark etdi. Urugvay kabi u qadar top boʻlmagan raqibga magʻlub boʻlindi. Ronaldu esa, ispanlar bilan oʻyindagi harakatlari bilan yodda qoldi xolos.

Uchinchidan, bu safar “Real” safida Ronaldu soyasidan chiqa olgan va rostdan ham, juda muhim oʻrin tutgan boshqa futbolchi bor. Va oʻsha futbolchi jahon chempionatida ham juda kuchli oʻyin namoyish qila oldi – Luka Modrich.

Toʻrtinchidan esa, futbol jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari, hatto La Liga ham Messi va Ronaldu qarama-qarshiligidan zerikkandek. Bu safar ularning ikkisini ham tanlamay turib, adekvat qaror qilish mumkin boʻlib qolgani ovoz beruvchilar uchun ajoyib imkoniyat.

Bu safar Ronaldu “Yuventus” darvozasiga urilgan goli bilan “Pushkash mukofoti”ni oʻziniki qilishi mumkin. U bu sovrinni 2009 yilda ham qoʻlga kiritgandi. Oʻsha gol ham YECHL chorak finalida urilgandi. Qizigʻi aynan oʻsha yili u oʻz jamoasi almashtirgan va aynan oʻsha yili “Oltin toʻp”ni egasi sifatida, bu sovrinni Messiga boy berib qoʻygandi.

MUHAMMAD SALOH

Jahon chempionati oldidan Muhammad Saloh “Oltin toʻp” uchun eng asosiy nomzodlardan biri boʻlib turgandi. Angliya chempionatida va Yevropa Chempionlar Ligasida eng koʻp gol urgan hujumchi Misr bilan birgalikda mundialda biror natija koʻrsatishini hech kim kutmagan boʻlsa-da, aynan mundial tufayli Salohning baʼzi raqiblari oʻz imkoniyatini oshirib olishdi. Bundan tashqari, Saloh “Liverpul”dagi sermahsulligini biroz yoʻqotib qoʻygandek. Klopp jamoasida avgustdagi oʻyinlarda Sadio Mane asosiy ishlarni bajardi.

Umuman olganda, Saloh kabi terma jamoasi u qadar kuchli boʻlmagan futbolchilar uchun koʻproq toq yillarda “Oltin toʻp”ni kiritish imkoniyati oshadi. Balki Muhammad Salohning yulduzli onlari va uning eʼtirofi navbatdagi mavsumlarga toʻgʻri kelar?

ANTUAN GRIZMANN

Hali “Oltin toʻp”ga uzoq, ammo FIFA tomonidan yilning eng yaxshilariga nomzodlar orasida jahon chempionlarining yoʻqligi koʻpchilikning, ayniqsa fransuzlarning gʻazabini qoʻzitdi.

Ammo tan olish kerak, agar eng yaxshilar jahon chempioni boʻlgan terma jamoadan qidirilishi kerak boʻlgan taqdirda ham, Fransiya tarkibida ovozlar bir necha futbolchi orasida boʻlinib ketgan boʻlardi. Mbappe juda yorqin oʻyin koʻrsatdi, bir qator muhim gollar urdi, ammo terma jamoani bemalol usiz tasavvur qilish mumkin. Pogba maydon markazida va maydon tashqarisida yaqqol yetakchilik qildi, ammo klub safidagi beqaror oʻyinni nima qilamiz? Ular orasida Yevropa Ligasini ham yutib olgan Grizmann nomzodlikka yaqinroqdek koʻrinadi, balki “Oltin toʻp” soʻrovnomasida u yuqori oʻrinlardan birini olar.

Ammo quyidagi futbolchining klub darajasidagi yutuqlari va terma jamoa gʻalabalaridagi taʼsiri Antuannikidan ancha katta boʻlganini hech kim inkor etmasa kerak.

LUKA MODRICH

Yevropaning oʻtgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchilari aniqlandi va bu ruyxat toʻligʻicha “Real” vakillaridan iborat boʻldi. Ramos, Ronaldu kabi futbolchilar oʻrin olgan daʼvogarlar ichida bosh sovrin Luka Modrichga topshirildi. Bu hamma uchun oddiy holdek tuyuldi, hech kim hayron boʻlmadi. Aynan shu omil Modrichning “Oltin toʻp” uchun ham asosiy daʼvogarga aylantiradi.

Xorvatiya terma jamoasi koʻpchilik uchun kutilmaganda, finalgacha yetib bordi. Fransiya tarkibidagi Grizmann yoki Mbappe emas, aynan Modrich koʻproq favorit boʻlib qolayotganining sababi faqat Chempionlar Ligasi emas. Xorvatlar tarkibida shundoq ham top yulduzlar kam edi va agar qidirilsa, eng birinchi nazar albatta Luka Modrichga tushardi. Modrich koʻp gol urmadi, golli paslari soni ham katta emas, ammo maydonning har bir xududida toʻp uchun kurashishi, jamoasi oʻyinini nazorat qilishi, umuman yetakchilik xususiyati bilan barchaning eʼtiborini oʻziga qaratdi. Umuman, gollari yoki hujumning yakunidagi ishtiroki uchun emas, aynan oʻyinni tashkil qilishdagi mahorati (Zidan, Nedved) yoki yetakchiligi (Kannavaro) evaziga eng yaxshi deb topilish mumkin boʻlgan davrlarga ham ancha yillar boʻlib ketdi.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, Ronaldu va Messidan boʻshab qolgan taxtga katta ehtimol bilan Luka Modrich, yaʼni ancha tajribali va yoshi katta futbolchi chiqishi haqiqatga yaqinroq. Bu nima degani? Bu kelasi mavsumda bu taxtning yana boʻsh boʻlishini va unga oʻzini koʻrsata olgan har kim, balki hatto yana oʻsha Ronaldu yoki Messi ham chiqishi mumkinligini bildiradi. Hozircha esa, biroz erta boʻlsa-da, Modrichga qarsak chalib turamiz.
Q.Aslanov tayyorladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yangi davr. “Oltin toʻp” daʼvogarlari haqida (foto)