09:25 / 26.11.2018
4 233

Kuper super...mi?

Kuper super...mi?
Endi bizda ham dunyo tan olgan top-saviyadagi murabbiy bor. Ha, gap Ektor Kuper haqida ketmoqda. Nihoyat, milliy terma jamoamiz yangicha qiyofaga kirib boryapti. Aniqrog‘i, futbolimizda yangi sahifa ochilmoqda desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Xabaringiz bor, milliy terma jamoamiz yangi bosh murabbiy boshchiligida ilk bor xorij yig‘inini o‘tkazish maqsadida Avstraliyaga borib keldi. U yerda vakillarimiz Livan hamda Janubiy Koreyaga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etishdi. Ammo ko‘ngilni xira qilgani tomoni shundaki, mazkur uchrashuvlardan so‘ng aksariyat muxlislar Ektor Kuperning tajribasiga shubha bilan qaray boshladilar. Boisi, bizdan kuchsiz bo‘lgan Livan bilan nursiz durang o‘ynagan bo‘lsak, Janubiy Koreyaga qarshi bahsda futbolchilarimiz hech qanday qarshilik ko‘rsata olmadilar va yakunda koreyslar darvozamiz tomon javobsiz to‘rtta gol urishdi. Mazkur yig‘in va o‘yinlar haqida hakamsblarimiz tomonidan turli tanqidiy fikrlar aytilyapti va yozilyapti. Ayniqsa, koreyslarga hech qanday qarshiliksiz yirik hisobda boy berilgan o‘yin hech kimga yoqmadi. Shu tufayli bosh murabbiyga jiddiy ravishda tanqidlar bo‘layotgani ham tabiiy.

E’tiborlisi, o‘yindan keyin Kuper garchi jamoasi yirik hisobda yutqazgan bo‘lsa-da, taktik tomonlama futbolchilarning o‘sishga erishayotgani haqida aytgan gaplari ajablanarli bo‘ldi. O‘yinni ko‘rgan muxlis borki, hammaning kayfiyati buzildi. O‘yin to‘liq koreyslarning nazoratida o‘tdi va himoya chizig‘imizni ostin-ustun qilib tashlashgani ham rost. Chindan ham agar raqib yanada yirik hisobda yutishi kerak bo‘lsa, o‘sha kuni ular bu ishni uddalashlari aniq edi. Raqibga 4:0 hisobida yutqazgan bo‘lsagu, futbolchilarning o‘yini taktik jihatdan qanday qilib o‘sishga erishishayotgan bo‘lishi mumkin? Ochig‘i, shuni tushunmadik. Yoki Kuperning bildirgan fikrlarini noto‘g‘ri tarjima qilishganmikin, degan xayolga ham boryapmiz. Bunga bosh murabbiyning o‘zi aniq javob bergani ma’qul.

Ektor Kuper avliyo yoki sehrgar emas. U ham oddiy inson, faqat farqi shundaki, Kuper – murabbiy va unda tajriba chindan ham katta. Ayniqsa, shu paytgacha hayotda ko‘p narsalarni ko‘rdi, o‘rgandi, bildi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, Ektorning murabbiylik malakasi katta. Uning ish prinsiplaridan biri shundaki, asosan oldindan o‘ylagan taktik rejalar asosida o‘yin qurishni yaxshi ko‘radi. Bo‘lsa bo‘ldi, bo‘lmasa yo‘q, qabilida tavakkal ishga qo‘l urmaydi. Bungacha terma jamoamizning o‘yiniga e’tibor bersak, futbolchilar Kuperning taktik rejalari asosida o‘ynashayotgani ko‘rinib turgandi. Lekin Koreya bilan bahsda argentinalik mutaxassisning rejalari “sochilib” ketdi. Ishonamizki, o‘sha bellashuvdagi mag‘lubiyat va o‘yin Kuper uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib xizmat qilishi aniq. Zero, u o‘yinimizda va futbolchilarimizda muammolar qanchalik ko‘p ekanligini aniq-tiniq ko‘rib oldi. Yana bir jihatni ham hisobga olish kerak, bugungi kunda Osiyo futboli bir joyda turib qolmayapti va o‘sishda davom etyapti. Kuper esa faoliyatida ilk bor bizning qit’amizda ishlayapti. Ammo ko‘ryaptiki, hammasi qiyin.

Yana bir gap: Kuper navqiron yoshdagi murabbiy emas. U keksa toifadagi mutaxassislar qatoriga kiradi. Shuni inobatga olib, endilikda Kuperni qarib qolgan, taktikalari eskirgan, deganlar ham topilyapti. Balki shundaydir, ammo unutmaslik kerakki, u shu yili Misr terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqa oldi. U aynan hozirgi taktikalari bilan fir’avnlar yurtini mundial sari yetaklab borgandi. Albatta, mag‘lubiyatdan keyin istagancha tanqidiy fikrlar paydo bo‘lishi tabiiy. Qolaversa, murabbiyning birinchi navbatda himoyadan o‘yinni qurish taktikasi ham ko‘pchilikka yoqmayotgani bor gap. Ammo uning oqargan sochlari murabbiylik hayotida ko‘p narsalarni boshidan kechirganini aytib turibdi. Shunday ekan, u nima qilishni va terma jamoani qanday qilib kuchaytirishni bilsa kerak deb umid qilyapmiz. Balki Avstraliya yig‘inidan so‘ng argentinalik mutaxassis qayerlardadir xatolarga yo‘l qo‘yayotganini ham o‘zi uchun belgilab qo‘ygan bo‘lsa ajab emas.

Hech kim uning ishiga aralashmayapti va jamoani o‘zi bilganicha, tajribasidan kelib chiqqan holda shakllantiryapti. Qolaversa, u futbolni o‘ziga xos tarzda ko‘radi. Har kimning dunyoqarashi va fikrlashi har hil. Shu tomonlama olib qaraganda, Kuperning futboldagi nazariyasi boshqalarnikidan farq qiladi. Unda natijaga olib boruvchi yo‘llar bor va bularni futbolimizda amalga tatbiq etmoqda. Doim uning qiyofasiga nazar tashlasangiz, xayollarida bir nimalar yashiringandek bo‘ladi va doim unda rejalar borligi sezilib turadi. Kuper biz uchun super murabbiyga aylanishidan umidvormiz. Ammo bir narsa aniqki, hozirgi tarkibga albatta Odil Ahmedovdan tashqari Vitaliy Denisov va Sardor Rashidov ham kerakligi Janubiy Koreya bilan uchrashuvda yaqqol bilindi. Bundan tashqari, Rossiya prem’er-ligasida yana bir hamyurtimiz Vadim Afonin ham to‘p suryapti. Ammo negadir murabbiy uni biror marta bo‘lsa ham yig‘inga chaqirib sinab ko‘rgani yo‘q.

Terma jamoamizda avgustdan beri ishlab kelayotgan murabbiy shu kungacha futbolimizda ancha-muncha narsalarni ko‘rib o‘rgandi va futbolchilarning imkoniyatlarini ham chamalab oldi. Katta ehtimol bilan u Osiyo Kubogiga boradigan tarkibning negizini aniqlab olgan, albatta o‘zi uchun. Lekin oldinda yana dekabr oyida bo‘ladigan yig‘in turibdi va bu muhim musobaqa oldidan asosiy va oxirgi repetitsiya jarayonini o‘tab beradi. Aynan 2018 yilning oxirgi oyiga chaqiriladigan futbolchilarning aksariyati Kuperning Osiyo Kubogiga boradigan ro‘yxatidan joy olsa ajab emas. Lekin hali murabbiyning oldida qiladigan ishlar ko‘p va u hammasiga ulgurishi kerak. Zero, Janubiy Koreya bilan o‘yin terma jamoamizning asl yuzini ko‘rsatib berdi. O‘z uyimizda Qatar, KXDR singari o‘rtamiyona raqiblarni mag‘lubiyatga uchrata olsak-da, ammo kuchli raqiblarga qarshi, ayniqsa, safardagi bellashuvlarda o‘yin jarayonidagi muammolarimiz bosh murabbiy uchun yanada yaxshiroq ko‘rinayotganiga ishonyapmiz.

Lekin uning qo‘llayotgan taktikasi Osiyo Kubogida qanchalik samara berishi hozircha biz uchun jumboq bo‘lib turibdi. Balki keksa murabbiyning o‘ylab qo‘ygan rejalari bordir, balki BAA maydonlarida umuman boshqa O‘zbekistonni ko‘rarmiz. Bunisini endi vaqt ko‘rsatadi. Ammo havotirlarimiz ham yo‘q emas, buni tan olish lozim. Hayotida o‘ta jiddiy tanqidlarni ko‘rgan va eshitgan murabbiy uchun hozirgi paytdagi tanqidlarimiz bu hech narsa emas. Boz ustiga hali uning boshchiligida rasmiy o‘yin o‘tkazganimiz yo‘q. Hammamiz bilamizki, baribir o‘rtoqlik uchrashuvi bilan rasmiy bahsning farqi katta. Agar terma jamoamiz Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli qatnashadigan bo‘lsa, hozirgi paytdagi holatni va o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi natijalarni faqat yaxshilikka bo‘lgan ekan deb qo‘yamiz. Mabodo, muvaffaqiyatsizlikka uchrasa... Keling, milliy terma jamoamiz haqida gap ketganda muvaffaqiyatsizlik haqida gapirmaylik. Baribir bu bizning Vatanimiz, millatimiz, tug‘ilib o‘sgan ona yurtimiz. Shunday ekan, O‘ZBEKISTONimiz haqida gap ketganda, doim bayrog‘imiz yuqori cho‘qqilarda xilpirashini, muvaffaqiyatlar qozonishimizni tilaymiz va duoda bo‘lamiz.

To‘g‘ri, muammo va kamchiliksiz ish bo‘lmaydi. Ammo qancha muammo va kamchilik bo‘lsa ham bu o‘zimizning ichki ishimiz hisoblanadi, buni hal qilish uchun mas’ullar bor. Lekin xalqaro maydonlarda O‘zbekiston nomini oqlash, uni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash har bir O‘zbekiston fuqarosining burchi hisoblanadi.
Shuhratbek Jo‘rayev tayyorladi

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuper super...mi?