22:22 / 09.12.2018
2 820

Osiyo kubogi tobora yaqinlashmoqda

Osiyo kubogi tobora yaqinlashmoqda
Bugun, 9 dekabr. Roppa-rosa bir oydan keyin – 9 yanvar kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAAning Sharja shahrida Ummon termasi bilan ilk turda to‘qnash keladi. Aslida esa Osiyo Kubogi 5 yanvarda boshlanishini bilsangiz kerak. O‘sha kuni mezbon – BAA terma jamoasi Bahrayn bilan o‘ynaydi va shu tariqa Osiyo Kubogiga rasman start beriladi. Musobaqada oltita guruh bo‘lib, terma jamoamiz eng oxirgi - “F” guruhidan o‘rin olgan. Shu sababli 1-turning so‘nggi uchrashuvlari 9 yanvar kuniga belgilangan.

Milliy chempionatimiz bahslari ham tugagan va endi barchaning diqqat e’tibori terma jamoamizga qaratilishi shubhasiz. 6 dekabr kuni bosh murabbiy Ektor Kuper bilan matbuot anjumani tashkil etildi. Chunki Avstraliyadagi yig‘indan keyin jurnalistlarning murabbiyga savollari yig‘ilib qolgandi. Ayniqsa, ikkita nursiz o‘yindan keyin xavotirlar yanada ortdi. O‘zbekiston Osiyo Kubogida hattoki guruhdan chiqa oladimi, degan savollar ko‘paya boshladi. Kuperning himoyaviy o‘yin uslubi yanada tanqidlar girdobida qoldi. Kuper esa hammasini bilib, eshitib turgandi va shu bois uning o‘zi ham ushbu matbuot anjumani tashkil etilib, bir qator ko‘ndalang turgan masalalarga o‘z fikrlari bilan barham berishni lozim topdi. Kuperning matbuot anjumanida aytgan bir gapi e’tiborimni tortdi. Ya’ni, u jurnalistlar pessimistik ruhiyatidagi savollarni berishyapti, men esa optimistik ruhdagi insonman deya fikr bildirdi. Doim jiddiy qiyofadagi murabbiy terma jamoamizdagi ishi orqali futbolchilarga o‘zidagi optimistik ruhiyatni singdirishga harakat qilayotganini sezish qiyin emas. Shu sababli u hammani shunday ruhiyatda bo‘lishga undamoqda. Chunki hozirgi paytda futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash muhim ekanligini murabbiy juda yaxshi tushunib turibdi.

Qolaversa, u faoliyati mobaynida o‘zi ishlagan jamoalarda doim natija ko‘rsatish uning uchun ustivor vazifaga aylangan va aksariyati buning uddasidan chiqqan. U O‘zbekistonga nima maqsadda kelganini yaxshi biladi. Hozirgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlaridagi himoyaviy uslubi muxlislarga va jurnalistlarga u qadar yoqmayotganini ham bilib turibdi. Lekin Ektor Kuper terma jamoani muvaffaqiyat sari yetaklashda qanday uslubni qo‘llashni o‘zi biladi va shu ma’noda aytganda, Kuperning ishiga aralashish kerak emas. Buning ustiga u chuqur himoya taktikasining tarafdori ham emas. Shunchaki, hozirgi zamon futbolida natija ustivor vazifaligini u juda yaxshi biladi. Shuning uchun ham hadeb pessimistik ruhiyatida qolib ketishimizni u istamayapti. O‘zi aytib o‘tganidek, futbolchilarning imkoniyatlarini ancha-muncha o‘rganib oldi va BAA safaridan oldingi so‘nggi yig‘inda tarkibda yana ayrim yangi nomlar ham paydo bo‘ldi. Aslida Fozil Musayev biz uchun yangi o‘yinchi emas. Biroq Ektor Kuper uchun aksincha. Jarohatidan qutilgan o‘yinchining optimal formasiga kirishi uchun vaqt kerak. U qanchalik Osiyo Kubogiga qadar tiklanishini vaqt ko‘rsatadi. Shuningdek, yana bir yarim himoyachi Dilshod Rahmatullayev ham oxirgi paytlardagi o‘zining ishonchli o‘yinlari orqali argentinalik mutaxassisning e’tiborini qozondi va uni terma jamoaga chaqirdi. Shu bilan birga nihoyat Sardor Rashidovning ham yana qaytgani muxlislar uchun xushxabar bo‘ldi desak mubolag‘a qilmaymiz. Aslida esa tarkibga kimlarning chaqirilgani va chaqirilmaginini ortiqcha muhokama qilmoqchi emasmiz. Biz har qanday holatda ham murabbiyning qarorlariga hurmat bilan yondashamiz.

Endi 15-30 dekabr kunlari terma jamoamiz Turkiyada shug‘ullanadi. Ushbu tayyorgarlik bosqichi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Kuper esa ushbu yig‘indan so‘ng yakuniy tarkibni e’lon qilishini aytdi. Katta ehtimol bilan ro‘yxatga kiritilgan 27 nafar futbolchilarning orasidan yakunda 23 tasi tanlab olinadi. Shuning uchun o‘yinchilarning o‘zlari uchun ham mazkur yig‘in juda muhim hisoblanadi. Ular yakuniy ro‘yxatga tushish uchun ham endi yanada ko‘proq mehnat qilishadi va Kuperning ishonchini qozonishga harakat qilishadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu safar bitta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi. Demak, bu yig‘inda asosiy e’tibor, ko‘proq taktik uslublar ustida ishlashga qaratiladi. Avstraliyadagi yig‘indan so‘ng ko‘zga ko‘rinib qolgan kamchiliklarimizni bu safar Turkiyadagi mashg‘ulotlarda bartaraf etish ustida ishlashadi. Balki shuning uchun bu safar bitta o‘yin kifoya qilar. Hozircha hammasi murabbiyning rejasi bo‘yicha amalga oshmoqda. Umid qilamizki, bir oydan so‘ng terma jamoamizning Osiyo Kubogini g‘alaba bilan boshlab olganini birgalikda nishonlaymiz. Kuper aytganidek, optimistik ruhiyati doim ustun kelsin.
Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Osiyo kubogi tobora yaqinlashmoqda