09:50 / 20.12.2018
3 255

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi turniriga tayyormi?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi turniriga tayyormi?
Tunov kuni futbolga qiziquvchi bir akaxonimiz: «O‘zbekiston milliy jamoasining Osiyo kubogida guruhdan chiqishiga va muvaffaqiyatli ishtirok etishiga ishonasanmi?», deb so‘rab qoldi. Men biroz ikkilanib «Ha» deb javob berdim. Termamizning so‘nggi paytlarda ko‘rsatayotgan o‘yini va ayni damdagi holati yaxshi bo‘lmasada, taqdirning bizga kulib boqishidan umidvorman. Shu ishonchni yo‘qotmagan holda, bosh jamoamizning ayni damdagi holatiga nazar tashladim. Bu mavzu ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz. Ektor Kuper qo‘l ostidagi yigitlar termamiz kelajagini hal qilishlari lozim. Yo yana avvalgidek, bir-ikki tajribali futbolchilarimizga bog‘lanib qolamiz yoki yosh iqtidorlar bilan kelajakni quramiz. Ular uchun kelajak joriy Osiyo kubogidan boshlanadi. Xo‘sh, termamiz qit’aning yirik musobaqasiga tayyormi? Tarkib qay darajada o‘zini oqlaydi? O‘tgan hafta Ektor Kuper shu oy Turkiyada o‘tkaziladigan yig‘inda qatnashadigan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi. Natijada, termamizning har bir chiziqdagi imkoniyatlarini yana bir bor chamalab ko‘rish imkoniyati tug‘ildi.

Kuz oyida o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlari ko‘rsatdiki, muammolar yetarlicha. Va bu har bir chiziqda kuzatilmoqda. Eng achinarlisi, mazkur uchrashuvlar jamoada o‘yinni boshqaruvchi - dispetcher yo‘qligini isbotlab berdi. Ektor Kuper Odil Ahmedovning o‘rnini bosa oladigan, yetakchilikni qo‘lga oladigan futbolchini topolmadi. Oldinda muhim o‘yinlar kutib turibdi. Xo‘sh, Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etishga termamiz a’zolari tayyormi?

Darvozabon

Bu borada ko‘nglimizni to‘q qilsak bo‘ladi. Ignatiy Nesterovning tajribasi va mahoratiga shubhamiz yo‘q. Eldor Suyunov va O‘tkir Yusupov (Turkiya yig‘iniga Sanjar Quvvatov va Javohir Ilyosov ham chaqirilishdi) Nesterovga raqobat qilishadi. Kuper esa hozircha darvoza chizig‘ida asosan tajribali posbonga ishonch bildirmoqda. Shunday ekan, asosiy o‘yinlar payti bu pozitsiyada jiddiy yangilik ko‘rmasak kerak.

Himoya

Avstraliyada o‘tkazilgan yig‘in himoya qay darajada bo‘sh ekanini, bunday mudofaa chizig‘i bilan Osiyo kubogida qiynalib qolishimiz mumkinligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston milliy jamoasi himoya chizig‘ida deyarli o‘zgarish kuzatilayotgani yo‘q. Markazda Ismoilov va Krimets, qanotlarda esa Zoteyev, Hoshimov. Ularga zaxira varianti sifatida To‘xtaxo‘jayev, Tursunov, Shorahmedov, Kozak harakat qilishdi. Lekin «yashil qit’a»da bo‘lib o‘tgan yig‘in shuni ko‘rsatdiki, terma jamoada Vitaliy Denisovga ehtiyoj borligi sezilmoqda. Shuningdek, mudofaa markazida ham ba’zi o‘zgarishlarni amalga oshirish zarur, ya’ni ikki xil uslubdagi himoya-chilardan foydalanish kerak. Masalan, Anzur hujumga o‘tganida, uning zonasini yopib turadigan o‘yinchi darkor. Esingizda bo‘lsa, Abramov va Qosimov davrida mana shunday uslub qo‘llanilgan. Shavkat Mullajonov va Anzur Ismoilovdan iborat ajoyib juftlikning o‘yinlariga guvoh bo‘lganmiz. Aftidan, Kuper rasmiy o‘yinlarda ham Ismoilov - Krimets juftligidan voz kechmaydigan ko‘rinadi.

Ha, himoyamizda muammolar yetarli, ularni to‘g‘rilash uchun esa vaqt oz. Osiyo kubogi boshlanishiga ham hech qancha vaqt qolmadi. Muhimi, Kuper ixtiyoridagi futbolchilardan metin himoya qo‘rg‘onini qura olsa, bas.

Yarim himoya

O‘zbekiston milliy jamoasi yaqin tarixda Osiyodagi eng kuchli yarim himoya chizig‘iga ega edi. Buni nafaqat biz, balki xorijlik mutaxassislar ham e’tirof etishardi. Hozirgi kunda termamiz yarim himoyasida to‘p surayotgan futbolchilarni tanqid ostiga olishga shoshmaylik. Ular ham nima qilishsin, axir harbiy xizmatdagi askar ham boshlig‘ining buyrug‘iga bo‘ysunadi. Futbolchilarimizni askar deb olsak, ularning boshlig‘i - Ektor Kuper.

E’tibor qarating, Odil Hamrobekov, Otabek Shukurov, Javohir Siddiqov, Ikrom Aliboyev. Aksariyati hujum tashkil qiluvchi futbolchilar. Ular Kuperning himoyaviy uslubida to‘p surishga qiynalishmoqda. Buni ochiq aytishimiz mumkin. Livan va Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvlarda maydonda Odil Ahmedovning o‘rni qay darajada bilindi? U chiziqlar orasida zanjir vazifasini bajaradi, o‘yinni boshqaradi. Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik bahslarida Odil maydonda darvozada turishdan boshqa hamma ishni qildi: gol urdi, pas berdi, himoyalandi. Lekin, ayting-chi, qachongacha faqat bir futbolchiga bog‘lanib qolamiz? Avvallari Qosimov, Shatskix, Jeparov, Geynrix... Endi esa Ahmedov! Bu termamizning davomiy kasalligi.

Milliy jamoa boshiga Ektor Kuper kelganidan so‘ng o‘yin falsafasi ham o‘zgardi - gol o‘tkazib yubormasdan, to‘psiz o‘ynash va imkon tug‘ilishi hamono hujumga o‘tish. Hozircha bu uslub o‘zini oqlaydimi, yo‘qmi, buni Osiyo kubogida bilib olamiz.

Hujum

Ektor Kuper shu kungacha Igor Sergeyev, Ivan Nagayev, Marat Bikmayev kabi hujumchilarni sinovdan o‘tkazdi va ular orasida faqat Bikmayev o‘zini oqlamoqda. Igor yaxshi formada emas, Ivan Nagayevda barqarorlik va sermahsullik yo‘qolgan. Tan olib aytish kerakki, Bikmayev ayni damda ajoyib sport formasida. Undan boshqa nomzodni ko‘ra olmayapman. Eldor Shomurodov ba’zi o‘yinlarda hujumchi sifatida maydonda harakat qildi, lekin u sof forvard emas, vinger. Vaziyatlarni yaratishi mumkin, ammo hujumga nuqta qo‘yishni sheriklariga qo‘yib beradi. Albatta, bir hujumchi bilan Osiyo kubogida harakat qilish mushkul. Ektor Kuper loaqal Ivan Nagayevni zaxira varianti sifatida olib ketishi tarafdoriman. Darvoqe, Turkiya yig‘inida qatnashadigan futbolchilar ro‘yxatining hujumchilarga atalgan qismidan «Lokomotiv» vakili Sardor Rashidov ham o‘rin oldi. Aftidan, Kuper tezkor vingerni hujum chizig‘ida sinab ko‘rishga ahd qilgan ko‘rinadi. Ishonchimiz komilki, Rashidov bu vazifani ham uddalaydi.

Xullas, taqdir bizga kulib boqsa, o‘ylaymanki, Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etamiz. Buning uchun terma jamoamiz a’zolaridan mehnat, bizdan esa faqat qo‘llab-quvvatlash talab etiladi.
Abdulaziz YuSUPOV

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi turniriga tayyormi?
ePN