23:12 / 20.12.2018
2 941

Oleg Zoteyev: "BAAda boshqacha terma jamoani ko‘rasizlar"

Oleg Zoteyev: "BAAda boshqacha terma jamoani ko‘rasizlar"
“Lokomotiv”ning chap qanot himoyachisi Oleg Zoteyev O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham ushbu pozitsiyasi uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Chunki Ektor Kuper uni doimiy ravishda yig‘inlarga chaqirmoqda. “Lokomotiv”ning chempionlikni qo‘lga kiritilishida ham uning hissasi katta. Endi esa futbolchining legionerga aylanish maqsadi katta. Ammo hozirda bor e’tiborini Osiyo Kubogiga qaratmoqda. U bilan suhbatimizda shu va yana boshqa mavzularda gap bordi.

“Eron va Rossiyadan taklif bor”

- Chempionlikni qo‘lga kiritish biz uchun oson bo‘lgani yo‘q, - deydi Zoteyev. - Yodingizda bo‘lsa, mavsumni yaxshi boshlay olmadik, birin-ketin ochkolarni yo‘qotdik va turnir jadvalida pastlagan paytlarimiz ham bo‘ldi. Lekin vaziyat bunday davom etishiga yo‘l qo‘ymasligimiz va tezroq o‘z o‘rnimizga qaytishimiz lozim edi. Biz omadsiz o‘yinlarimizdan kerakli xulosalarni chiqarib, keyinchalik barqaror o‘yin namoyish etishni boshladik. Yakunda esa oldimizga qo‘yilgan vazifani muvaffaqiyatli tarzda bajarib, chempionlikka erisha oldik. Aytmoqchimanki, mavsum biz uchun og‘ir o‘tdi. Ammo biz yo‘limizdagi qiyinchiliklarni butun jamoa bilan hamjihatlikda yengib o‘ta olganimiz ajoyib bo‘ldi. Qolaversa, bu yilgi chempionat ham yaxshi o‘tdi va ayniqsa, yangilangan Superliganing saviyasi ham ko‘tarilgani sezilib turdi. Shu bois mavsumni o‘zim uchun ham qoniqarli darajada o‘tdi deb hisoblayman.

- Oleg, “Lokomotiv” bilan tuzgan shartnomangiz ham tugab boryapti. Keyingi yili ham ushbu klubda to‘p surishda davom etasizmi?

- Og‘ir o‘tgan mavsumdan keyin hordiq chiqarmasam bo‘lmasdi. Shuning uchun hech nimani o‘ylamasdan faqat oilam davrasida bo‘lishga harakat qildim. Shundan keyin milliy terma jamoamiz bilan Turkiya yig‘iniga ketdik. Oldimizda esa Osiyo Kubogidek jiddiy musobaqa turibdi. Tabiiyki, bunday paytda bor e’tiborimizni BAAdagi turnirga qaratamiz. Agarda u yerda o‘zimizni ko‘rsata olsak, balki xorijdan qiziqarli takliflar tushishi mumkin. Rostini aytsam, agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, keyingi faoliyatimni chetda davom ettiraman. Mabodo, men o‘ylagan ishlar ro‘y bermaydigan bo‘lsa, u holda yana “Lokomotiv”da o‘ynashda davom etaman.

- Darhaqiqat, sizdan aynan xorijda to‘p surish borasidagi qiziqishingiz haqida so‘ramoqchi bo‘lib turgandim. Ko‘pchilik o‘yiningizni ko‘rib, sizda ham bemalol legionerga aylanishi imkoniyat katta deb hisoblashadi...

- “Lokomotiv” bilan shartnomam shu yilning oxirigacha amal qiladi. Hozir aytganimdek, Osiyo Kubogidan keyin ko‘p masalaga oydinlik kiritamiz. Ammo ayni paytda ham menda xorijdan ikkita taklif bor. Erondan va Rossiyaning birinchi divizionidagi jamoadan qiziqish borligini bildirishdi. Lekin hozir bir qarorga kelganim yo‘q.

- Chunki siz o‘zingiz ta’kidlaganingizdek, Osiyo Kubogini kutyapsiz va shundan keyingina faoliyatingizni qayerda davom ettirish borasida bir qarorga kelasiz. Shu bois oldingizda turgan ikkala jamoaga ushbu musobaqadan so‘ng javob aytishingizni bildirdingizmi?

- Sizga taklif bilan chiqdimi, ular bu borada uzoq vaqt kuta olishmaydi. Negaki, hammaning o‘z rejalari bor. Javobingizni uzog‘i bilan 10 kuncha kutishlari mumkin. Qachon Osiyo Kubogi tugarkin deb qarab o‘tirishmaydi. Sizdan javob bo‘lmadimi, darhol boshqa variantlarni ko‘rib chiqishni boshlashadi. Men ularga hozirdan aniq javob ayta olmasligimni bildirdim. Qachonki, musobaqa tugaganidan so‘ng bir qarorga kelishimni aytdim. Ungacha esa mening butun fikr-u xayolim milliy terma jamoa bilan band bo‘ladi. Bunday paytda esa boshqa narsalar bilan chalg‘imasligim kerak.

“Kuper biz futbolchilarga ishonyapti”

- Siz Ektor Kuperning barcha yig‘inlarida ishtirok etib kelayotgan futbolchisiz. Ayting-chi, murabbiyning ishonchini qozonish qanchalik qiyin? Bu borada birinchi navbatda nimaga e’tibor qaratyapsizlar?

- Kuper juda professional. Shu bois bizdan ham avvalo professionalizmni talab qiladi. Kuper boshchiligidagi mashg‘ulotlarda ishlash esa juda qiziqarli. Menga u bilan ishlash yoqyapti. Asta-sekin terma jamoamiz o‘yiniga yangiliklarni olib kira olyapti. Umid qilamanki, Osiyo Kubogigacha biz yanada optimal formaga kirib olamiz. Baribir Ektor Kuper tajribali va ko‘p narsani ko‘rgan. Bilimi yuqoriligi sezilib turadi. Asosiysi, bizga ishonmoqda. Shuning uchun mashg‘ulotlarda ham astoydil uning ishonchini qozonish uchun ishlayapmiz.

- Lekin Avstraliyadagi yig‘inda Livan bilan Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlar va natijalar ko‘pchilikning kayfiyatini tushirdi va tanqidlar ko‘p bo‘ldi...

- Bu faqat o‘rtoqlik o‘yinlari. Bunday paytda Kuper futbolchilarning imkoniyatlarini va o‘zining turli taktikalarini ko‘rib olyapti. Bunday natijalardan fojia yasamaslik kerak. Biz Osiyo Kubogiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz va bizning kuchimizga ushbu musobaqa orqali baho berish mumkin. To‘g‘ri, Janubiy Koreyaga yirik hisobda yutqazdik va bu hech kimga yoqmasligi aniq. Lekin, bilasizmi, koreyslar 2005 yilgacha ancha kuchli o‘yin ko‘rsatishgan va shundan keyin ular qo‘rqinchli raqib bo‘lmay qolishgan. Shunchaki, o‘sha o‘rtoqlik uchrashuvida Kuper bizning kamchiliklarimizni ko‘rib oldi va endi shunga qarab yana xulosalar chiqaradi.

- Ammo siz qo‘rqinchli bo‘lmay qolgan deya atayotgan Janubiy Koreyani doim yuta olmayapmiz. Bunga nima deysiz?

- Ochig‘i, bilmadim. Balki bizga qandaydir omadlar yetishmayotgandir. Ayniqsa, Janubiy Koreyaga qarshi o‘tgan yilgi ikkita o‘yinni eslaydigan bo‘lsak, o‘shanda men terma jamoamiz tarkibida emasdim va o‘yinlarni asosan televizor qarshisida tomosha qilganman. Koreyada biz 1:0 hisobida g‘alaba qozonayotib, yakunda ikkita alamli gol o‘tkazib yutqazgandik. Biroq o‘sha bahsda koreyaliklar bizdan kuchli o‘yin ko‘rsatishmagandi. O‘yin bo‘yicha umuman yutqazmagandik. Shunchaki, ularga o‘zimiz gollar urishga imkoniyat yaratib bergandik, ya’ni, o‘z xatolarimiz qurboniga aylangandik. Vaholanki, o‘sha uchrashuvda kamida durang o‘ynashimiz kerak edi. Toshkentda esa 0:0 hisobida durang qayd etdik. O‘shanda ham yutishimiz kerak edi. Ayniqsa, Sardor Rashidov zaxiradan maydonga tushib yaratilgan imkoniyatdan foydalanganida biz yutgan bo‘lardik. Baribir Koreyada yutqazgan o‘yinimiz ko‘proq alamli bo‘lgandi. Ammo hozirgi Janubiy Koreya borasida salbiy fikr bildira olmayman. Ularni Avstraliya termasiga qarshi o‘tkazgan o‘rtoqlik o‘yinini ko‘rib hayron qoldim. Chunki Janubiy Koreya endilikda chindan ham kuchli jamoaga aylanyapti. Paulu Bentu bosh murabbiy sifatida ishga kirishgach, jamoa o‘yinida o‘zgarishlar bilinib turibdi. Endi ular oldingi Koreya emas.

“Finalgacha bora olishimizga ishonaman”

- Ektor Kuperni odatda jiddiy qiyofada ko‘ramiz. Murabbiy bilan ko‘p bor birga bo‘lasizlar va chindan ham u jiddiymi?

- Yo‘q, har doim ham emas. U vaqti-vaqti bilan hazillashishni ham unutmaydi. Kerak paytda kuladi va futbolchilarga hazil qilib turadi. Shunchaki, sizlar matbuot anjumanlarida yoki o‘yin paytlarida uni jiddiy qiyofada ko‘rgandirsizlar. Hamma murabbiy qatori Ektor Kuper ham hazillashib turadi. Masalan, “Lokomotiv”da Andrey Fyodorov ham mashg‘ulotlar chog‘ida biz bilan hazillashishni yoqtiradi.

- Osiyo Kubogida terma jamoamiz qayergacha bora oladi deb o‘ylaysiz?

- Bizning maqsadlarimiz katta. Osiyo Kubogida kamida finalga bora olishimizga ishonaman. Muxlislarimiz ham bizdan ko‘p narsalarni kutayotganini bilamiz. Ular milliy terma jamoamizning muvaffaqiyatlarini sog‘inib qolishgan. Biz hammasini tushunib turibmiz. Shuning uchun bu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Osiyo Kubogida boshqacha terma jamoani ko‘rasizlar. Bosh murabbiyning qo‘llayotgan uslublari albatta ish beradi. Qolaversa, Ektor Kuper ajoyib muhitni ham yarata olgan. Ishqibozlarimizdan esa sabr qilishlarini istagan bo‘lardim. BAA maydonlarida muvaffaqiyat qozonishimiz uchun bizda hamma imkoniyat bor.

- Lekin Kuperning himoyaviy taktikasiga e’tirozlar ham ko‘p bo‘lyapti...

- Kuper nima qilayotganini yaxshi biladi. Unga nimanidir o‘rgatish shart emas. Uning himoyaviy taktika qo‘llayotganida bizni faqat orqa chiziqda o‘ynashimizni bildirmaydi-ku. Bu shunchaki uslub va reja. Faqatgina murabbiyning taktikasiga moslashish uchun vaqt kerak edi va bu jarayonni bosib o‘tyapmiz. Bir jihatni to‘g‘ri tushunish kerak, biz “Lokomotiv”da asosan hujumkor o‘yin ko‘rsatamiz. Bunday paytda esa birdaniga himoyaviy taktikaga ko‘nikish oson emas. Ammo Kuperning nimani xohlayotganini tushunib turibmiz. Biz kerak paytda taktikani o‘zgartirishimiz ham mumkin. Futbolda esa natija ustuvor vazifa hisoblanishini unutmaslik kerak.

“Milliy” stadion maydonining qumi ko‘p”

- Siz dastlab yarim himoyada o‘ynagansiz va keyinchalik himoyachiga aylangansiz. Buning tarixi qanday yuz bergan?

- Ha, men aslida yarim himoyachi bo‘lganman. Himoyachi bo‘lib qolganimga kelsak, bunga Mirko Yelichich sababchi. U “Lokomotiv” bosh murabbiyi etib tayinlangach, jamoa o‘yinini o‘zgartirishga qaror qildi va mening imkoniyatlarimni ko‘rgach, sen ko‘proq himoyada foydaliroqsan, deya chap qanot chizig‘iga qo‘ydi. Natijada meni hujumkor himoyachiga aylantirdi. Aynan ushbu uslubni “Loko”da ilk bor Mirko qo‘llagan. Ikkala qanot himoyachilari tezkorlik bilan hujumlarga ham qo‘shilishlari talab etiladi. To‘g‘ri, boshida himoyachi sifatida o‘ynashga ko‘nikishim oson bo‘lmagan. Qolaversa, hujumdan himoyaga qaytishga ham qiynalganman. Ammo keyinchalik bu uslubga juda yaxshi moslashib ketdim. Endilikda o‘z pozitsiyamda bemalol o‘ynay olaman. Masalan, Shuhrat Muhammadiyev “Nasaf”dan “Lokomotiv”ga o‘tganida bizning o‘yin uslubga moslashishi qiyin kechgandi. Faraz qilaylik, men “Navbahor”ga o‘tsam, ularning o‘yiniga ko‘nikishim oson kechmaydi. Chunki hamma jamoaning o‘yin uslubi turlicha bo‘ladi.

- Darvoqe, terma jamoamizning “Milliy” stadionda o‘tkazgan o‘yinlarida futbolchilarimiz maydonning holatida norozi bo‘lishganini bildirishgandi. Siz ham shu fikrdamisiz?

- Ha. Aziz Haydarov ham maydonning holati haqida o‘z fikrlarini aytib o‘tgandi. “Milliy” stadionning maydonida qum ko‘p aralashgan. Bu esa futbolchilarning jarohat olishini osonlashtiradi. Agarda mikrojarohati bor o‘yinchilar bu yerda o‘ynashsa, 40-50 daqiqadan so‘ng o‘sha jarohatlarini qaytalatib olishlari oson bo‘lib qoladi. Shuning uchun “Milliy” stadion maydonida o‘ynash bizga juda og‘ir. “Lokomotiv” stadioni maydoni juda sifatli va unda to‘p surish futbolchilarga nihoyatda qulay. E’tibor bersangiz, u yerda o‘ynasak, aytarli jarohat olmaymiz. Men ham oyog‘imdagi jarohatni “Milliy” stadionda o‘ynab orttirib olgandim.

- Pozitsiyangizda o‘ynaydigan qaysi futbolchilarning o‘yini sizga yoqadi?

- Men bu masalada kimnidir alohida ko‘rsatib o‘tirmoqchi emasman. Bunday o‘yinchilar ko‘p va ularning o‘yinlarini hurmat qilaman. Ammo xorijda mening pozitsiyamda o‘ynaydiganlardan o‘zimga yoqadigani – bu “Real” himoyachisi Marselo.

- Oleg, shu o‘rinda qayerda tug‘ilib o‘sganingizga ham oydinlik kiritsangiz. Ba’zi manbalarda Olmaliq ko‘rsatilgan, yana ayrimlarida Samarqand. Shuningdek, sizni andijonlik deydiganlar ham bor.

- Samarqandda tug‘ilganman. Keyin Andijonga ketganmiz. Chunki dadam ham futbolchi bo‘lgan va Andijonda o‘ynagan. U yerda 43-maktabda o‘qiganman. Keyinchalik Andijon davlat universitetining jismoniy madaniyat fakultetini bitirganman.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oleg Zoteyev: "BAAda boshqacha terma jamoani ko‘rasizlar"
ePN