
Moskvaning «Lokomotiv» klubi safida Rossiya chempioni bo‘lgan, ayni payt «Krilya Sovetov»da ijara asosida o‘ynayotgan himoyachi Vitaliy Denisov hamkasblarimiz bilan suhbat jarayonida «temiryo‘lchilar» safiga qaytish imkoniyatlari haqida gapirib o‘tdi.
- Rossiyada jahon chempionati o‘tkazilishi yilning eng muhim voqeasi bo‘ldi. Turnir paytida qayerda edingiz?
- Afsuski, birorta o‘yinga kirishning iloji bo‘lmadi. Ma’lum muddatni O‘zbekistonda, uyimda o‘tkazdim. Keyin «Lokomotiv» bilan yig‘inda qatnashdim, mavsum boshlandi, Samaraga yo‘l oldim. Ayni payt «Krilya Sovetov» safida jahon chempionati o‘yiniga mezbonlik qilgan stadionda o‘ynayapmiz. Ajoyib arena. O‘ylaymanki, yozda ushbu inshoot jahonning eng kuchli futbolchilariga ham ma’qul kelgan.
- Nega «Loko»da yig‘in o‘tkazib, ijara asosida «Krilya»ga o‘tdingiz?
- Yoshim 31da. Bunday paytda zaxirada imkoniyat kutish qiyin, ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni xohlaysiz. Ammo jarohatlardan so‘ng asosiy tarkibdagi o‘rnimni yo‘qotib qo‘ydim. Bu Samaraga yo‘l olishimning asosiy sababi. «Loko»ni janjallarsiz tark etdim. Agentim qo‘ng‘iroq qildi va Tixonov meni o‘z jamoasida ko‘rmoqchi ekanligini aytdi. Bu variant meni qoniqtirdi va klublar tezda kelishib olishdi.
- Sizni Tixonov chaqirgan, hozir esa Bojovich qo‘l ostida o‘ynayapsiz.
- Bu mutaxassis bilan «Lokomotiv» orqali yaxshi tanishmiz. Shu sababli murabbiy o‘zgarishini xotirjam qabul qildim. Maydonga chiqishda davom etayotgan ekanman, demak Bojovich menga ishonyapti.
- «Krilya» sizni mavsum oxirigacha ijaraga oldi. Moskvaga qaytishni istarmidingiz?
- Bu yerda faqat mening xohishim kamlik qiladi. «Lokomotiv» ham shuni istashi kerak. Hammasini bosh murabbiy hal etadi. Ammo oldindan bir narsa demagan bo‘lardim. Ayni payt bor e’tiborim «Krilya Sovetov»ga yordam berishga qaratilgan.
- Hozirgi jamoangiz Premer-ligada jon saqlab qolish uchun kurashadi. «Loko» chempionlik kamarini saqlab qolishi mumkinmi?
- Menimcha, «Lokomotiv» oltin medallar kurashidan hali chiqib ketmadi. Jamoaning mavsum startida bo‘sh o‘ynashi yangi futbolchilarning ko‘pligi bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Ular birdaniga moslashib keta olishmadi. Biroq qishga yaqinlashgani sari «Loko» «Zenit» bilan o‘rtadagi farqni ancha qisqartirdi. Jadval shunday ko‘rinishga kelganki, ikki-uchta turda hammasi tamomila o‘zgarib ketishi mumkin. Bu bizga ham taalluqli. Boz ustiga, «Krilya»ning zaxirada ham o‘yini bor.
- Chempionlar Ligasida «Lokomotiv»ga nima yetishmadi?
- Tajriba bo‘lsa kerak. Jamoa ushbu turnirda ko‘pdan buyon ishtirok etmasdi. Aksariyat o‘yinlarning birinchi bo‘limi ikkinchisiga qaraganda yaxshiroq chiqdi. Jamoaning hattoki Yevropa Ligasiga chiqa olmaganidan qattiq ranjidim. «Loko»dagi jamoadoshlarim bilan doimiy yozishib turaman.
- O‘zbekiston terma jamoasida 2006 yildan buyon to‘p surasiz. Jamoaning yangi bosh murabbiyi - mashhur argentinalik Ektor Kuper bilan tanishishga ulgurdingizmi? U «Valensiya» bilan Chempionlar Ligasi finaliga chiqqan, Misr termasini JCh-2018ga olib borgandi.
- Terma jamoa bilan bitta yig‘inda ishtirok etib, bitta uchrashuvda maydonga tushdim, keyin jarohat oldim. Shundan so‘ng Kuper yig‘inlarga jalb qilmadi. Hozir terma Turkiyada yig‘in o‘tkazmoqda. Garchi jarohatdan forig‘ bo‘lsamda, milliy jamoa bilan birga emasman.
- Balki Kuper Rossiya chempionatini diqqat bilan kuzatmas?
- Buni yaxshisi, uning o‘zidan so‘rash kerak. Biroq Kuper nafaqat meni, balki Janubiy Koreya chempionatida o‘ynayotgan Sanjar Tursunov, «Orenburg» safida doimiy maydonga tushayotgan Vadim Afoninni ham chaqirmadi. Bizni hattoki, kengaytirilgan tarkibga ham kiritmadi.
- Kuper termani 5 yanvar kuni BAAda start oladigan Osiyo kubogiga tayyorlamoqda. Ushbu turnirni Rossiya ishtirok etgan Millatlar Ligasiga qiyoslasa bo‘ladimi?
- Bu turnirni Millatlar Ligasi emas, balki Yevropa chempionatiga taqqoslagan bo‘lardim. To‘g‘ri, Osiyo termalarida Yevropadagi singari yulduz futbolchilar ko‘p emas, lekin kuchli jamoalar bor. Men Osiyo chempionatida ishtirok etganman, ancha qiziqarli bo‘lgan. Angliya, Fransiya, Germaniya chempionatlarida o‘ynaydigan futbolchilarga qarshi maydonga tushganmiz.
- O‘zbekiston termasining Osiyo chempionatlaridagi eng yuqori natijasi 2011 yili qayd etilgan. O‘shanda to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Hozirda jamoa medallar uchun kurashishga qodirmi?
- Ayni payt Kuper qaysidir ma’noda yangi jamoani shakllantirmoqda. O‘z falsafasini futbolchilarga yetkazish uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Shu bois ham birdaniga natija kutish yaramaydi. Shuningdek, yutuqni hech kim talab ham qilmaydi.
- Endi yaqin o‘rtog‘ingiz Denis Glushakov haqida so‘rayman. Uning oilaviy mojarolar tufayli Andrey Malaxovning ko‘rsatuviga chiqishiga qanday munosabat bildirasiz?
- Menimcha, ajrashish shaxsiy ish. Denis shunga qaror qilibdimi, demak yetarli asosi bor. U katta odam, mening maslahatlarimga muhtoj emas. Faqat shuni aytishim mumkinki, «Lokomotiv»dan «Spartak»ka o‘tib ketganidan keyin ham aloqalarimiz saqlanib qolgan. Denis haqida faqat iliq fikrlarni bildirishim mumkin.
Aytgancha V.Denisovning BAAga bormasligi haqida terma bosh murabbiyi Ektor Kuper quyidagicha fikr bildirdi:
-Futbolchiga baho berganda, uning bir nechta jihatlariga ahamiyat qaratamiz. Vitaliy birinchi yig‘inda ishtirok etdi. Undan keyin ham Rossiya chempionatidagi o‘yinlarini kuzatib bordim. Denisovning tarkibga kiritilmaganiga asosiy sabab — uning hozirgi holatidir. Ayni payt chap qanot himoyasida ixtiyorimizda ikki nafar juda yaxshi futbolchilar bor. Ular — Farrux Sayfiyev va Oleg Zoteyev. Agar Denisovni chaqirganimda, ulardan biri Osiyo kubogidan chetda qolardi. Agar muxlislardan so‘rasak, kimdir Olegni tanlaydi, boshqa muxlis Sayfiyev tarafdori bo‘ladi. Yakuniy qarorni esa murabbiy qabul qilishi kerak. Shuni ham ta’kidlashim lozimki, murabbiyning qarori hamisha to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Agar bu borada men xatoga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsam, ayb faqat menda bo‘ladi. Bu bilan Vitaliyni terma jamoaga boshqa chaqirilmaydi, degan fikrdan yiroqman. Uni JCh saralash bosqichida O‘zbekiston milliy jamoasiga taklif qilishim mumkin. Hozirgi bosqichda esa e’tiborni Sayfiyev va Zoteyevga qaratishga qaror qildim. Shuni aytishim mumkinki, futbolchilar terma jamoada o‘ynashga hamisha shay turishi, kerak bo‘lsa, o‘zidagi ba’zi narsalarni qurbon qilishga tayyor bo‘lishi lozim. Shundagina u terma jamoaga loyiq bo‘ladi.
A.ISROILXONOV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar