date
views 2 742

Kuperga olimpiyachilarimizning yo‘lini bersin!

Kuperga olimpiyachilarimizning yo‘lini bersin!
2019 yil biz uchun juda muhim musobaqa bilan boshlanadi. Hammamizning diqqat-e’tiborimiz BAA maydonlarida o‘tkaziladigan Osiyo Kubogiga qaratiladi. Shuning uchun yangi yil qaynoq futbol harorati ostida boshlanadi. Bu holat bizga roppa-rosa bir yil oldingi voqealarni eslatib yuboryapti. 2018 yilning 9-27 yanvar kunlari Xitoy mamlakatida U-23 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tgandi. Bu safar esa 5 yanvardan 1 fevralga qadar BAAda Osiyo Kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbek futboli tarixida esa eng esda qolarli muvaffaqiyatlarimizdan biri aynan Chin yurti mamlakatida sodir bo‘lganini butun xalqimiz yaxshi biladi. O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgani tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan yozib qo‘yilishga arziydigan muvaffaqiyat edi. Keling, shu o‘rinda Ravshan Haydarov boshchiligidagi olimpiya terma jamoamizning Xitoyda ko‘rsatgan qahramonliklarini yana bir bor eslab o‘tsak. Zero, bu siz bilan bizga yana shirin xotiralarni uyg‘otsa ajab emas.

1-tur, 9 yanvar
Qatar – O‘zbekiston – 1:0
Gol: Almoyez Ali, 55 – 1:0.

2-tur, 12 yanvar
O‘zbekiston – Xitoy – 1:0
Gol: Hojiakbar Alijonov, 14 – 1:0.

3-tur, 15 yanvar
O‘zbekiston – Ummon – 1:0
Gol: Doston Tursunov, 36 – 1:0.

1. Qatar 3 3 0 0 4-1 9
2. O‘zbekiston 3 2 0 1 2-1 6
3. Xitoy 3 1 0 2 4-3 3
4. Ummon 3 0 0 5 0-5 0

Chorak final, 19 yanvar
Yaponiya – O‘zbekiston – 0:4
Gollar: Javohir Sidiqov, 31 – 0:1. Doston Hamdamov, 34 – 0:2. Jasur Yaxshiboyev, 39 – 0:3. Jasur Yaxshiboyev, 47 – 0:4.

Yarim final, 23 yanvar
O‘zbekiston – Janubiy Koreya – 4:1 (qo‘sh.v 3:0).
Gollar: Zabihillo O‘riboyev, 33 – 1:0. Xvang Xyun Su, 58 – 1:1. Aziz G‘aniyev, 99 – 2:1. Jasur Yaxshiboyev, 110 – 3:1. Akrom Komilov, 120+1 – 4:1.

Final, 27 yanvar
Vetnam – O‘zbekiston – 1:2 (qo‘sh.v 0:1)
Gollar:
Rustam Ashurmatov, 8 – 0:1. Xai, 41 – 1:1. Andrey Sidorov, 120 – 1:2

O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo chempionatiga yo‘l olgan tarkibi

Darvozabonlar
Botirali Ergashev
Rahimjon Davronov
Dilshod Hamroyev

Himoyachilar
Rustam Ashurmatov
Hojiakbar Alijonov
Akrom Komilov
Abbos Otaxonov
Islom Qobilov
Doniyor Narzullayev
Xusniddin G‘ofurov
Doston Tursunov

Yarim himoyachilar
Aziz G‘aniyev
Odil Hamrobekov
Jasur Yaxshiboyev
Javohir Sidiqov
Abdujamol Isroilov
Oybek Rustamov
Doston Hamdamov
Otabek Shukurov
Suhrob Nurulloyev

Hujumchilar
Zabihillo O‘rinboyev
Andrey Sidorov
Bobir Abduholiqov

Aynan mazkur 23 talik ro‘yxat O‘zbekistonning chempionligi yo‘lida qahramonlik ko‘rsatishganini hech qachon unutmaymiz. Endilikda milliy terma jamoamizdan ham bir yil oldingi olimpiyachilarimizning yo‘lini tilab qolamiz. Odatda turli yoshdagi terma jamoalarimizning xalqaro maydonlarda javlon urib, xursand qiladigan natijalarni ko‘rsatsa, ularni osmonlarga olib chiqib maqtaymiz. Bu normal holat. Lekin yosh futbolchilarimiz bunday parvozlardan olislarga «uchib» ketadilar. Natijada kelajagi porloq deb qaralgan o‘yinchilarimizning keyinchalik «qorasini» ham topa olmay qolamiz. Lekin Osiyo chempioni bo‘lgan U-23 terma jamoasidagi futbolchilar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Ular katta fubolga kirib kelishgan va o‘z yo‘llarini topib olishgan. Chempion bo‘lgan tarkibdan milliy terma jamoaga munosib o‘yinchilar ham ko‘pchilikni tashkil etardi. Ektor Kuperning Osiyo Kubogiga boradigan yakuniy tarkibidan Osiyo chempioni bo‘lgan futbolchilarning necha nafari joy olishi bizni ham qiziqtirayotgandi. Kutilganidek, Osiyo Kubogida chempion jamoamiz a’zolariga ham joy topildi. Javohir Sidiqov, Odil Hamrobekov, Doston Hamdamov va Doston Tursunov Ektor Kuperning ishonchini qozona oldilar.

Avvalo bizga mana shunday munosib kadrlarni yetishtirib bergani uchun Rayshan Haydarovdan minnatdormiz. Chunki aksariyat futbolchilar uning qo‘li ostida ancha shakllanishdi. Ham inson, ham futbolchi sifatida kamol topishdi. Buning natijasi o‘laroq Kuper ham Haydarov jamoasida o‘ynagan o‘yinchilarga ham katta qiziqish bilan qaragan holda ularni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Ahamiyatli tomoni shundaki, O‘zbekiston sportida 2018 yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimida Ravshan Haydarov boshchilik qilgan U-23 terma jamoasi eng yaxshi jamoa sifatida e’tirof etildi. Bundan tashqari, yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ham Ravshan Akmalovich 2018 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb tan olindi. Shu bois Haydarovdan shu va milliy terma jamoaga jalb etilgan shogirdlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Ravshan Haydarov:
- 2018 yilning yanvar oyida Osiyo chempionatida muvaffaqiyat qozonganimiz sababli yil biz uchun ajoyib boshlandi, - deya gap boshladi Haydarov. - Bu bilan futbolimiz jonlangandek bo‘ldi va hammaga ushbu muvaffaqiyat qo‘shimcha “impuls” berdi. Natijada yilni shu g‘alabamizning ruhiyati ostida o‘tkazdik. Osiyo o‘yinlari va yana boshqa sport turlaridagi ishtirokimizga ham Osiyo chempioni bo‘lganimiz qo‘shimcha turtki bag‘ishladi. Yil yakunlariga ko‘ra olimpiya terma jamoamizning eng yaxshi sport jamoasi deya tan olinganidan boshimiz osmonga yetdi. Jamoamizning vazifalaridan biri albatta muxlislarimizni xursand qilishdan iborat edi. Ammo yanada eng asosiy maqsadimiz iqtidorli futbolchilarimizni milliy terma jamoaga yetkazib berish hisoblanadi. Bungacha bir qator yoshdagi terma jamoalarimiz bilan porlagan futbolchilarning keyinchalik “yo‘qolib” ketgani haqida turli gap-so‘zlar bo‘lgandi. Rostdan ham shunday bo‘lgan, buni tan olishimiz kerak. Lekin biz ushbu yoshdagi jamoamiz bilan asosiy jamoamizga o‘tadigan ko‘prikni saqlab qola oldik. Ko‘rib turganingizdek, milliy terma jamoamiz safida Osiyo Kubogiga bir qator chempionlarimiz ham yo‘l olishdi. Bu futbolchilarimiz hech qachon yo‘qolib qolishmaydi.

- 2019 yilning boshlanishi ham futbol bilan boshlanadi. Ya’ni, milliy terma jamoamiz BAAdagi Osiyo Kubogini boshlab beradi. Terma jamoamiz tarkibida olimpiya terma jamoasi safida muntazam ravishda ishtirok etgan bir qator o‘yinchilarimiz joy olishdi. Milliy termamimiz ijobiy o‘yinlar va natijalar ko‘rsatib, muvaffaqiyat qozonishsa bu hammamizga ijobiy ruhiyat ta’sir ko‘rsatadi. Bosh jamoamizga omad tilayman. Vatan uchun jonini berib o‘ynashlariga ishonaman. Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli qatnashib qaytishsa yilimiz ham shunga yarasha ko‘tarinlik ruhi ostida o‘tadi. Tarkibimizda asosan saviyali futbolchilarimiz bor. Odil Ahmedov, Ignatiy Nesterov, Anzur Ismoilov, Marat Bikmayev kabi yetakchilarimiz butun jamoani birlashtira olishadi va ularning ortidan yoshlarimiz ergashib boradilar, - deya fikrini yakunladi eng yaxshi murabbiy.
Shuhratbek Jo‘rayev
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuperga olimpiyachilarimizning yo‘lini bersin!