17:20 / 19.02.2019
2 710

Katta muvaffaqiyatlar kichik g‘alabalar orqali boshlanadi

Katta muvaffaqiyatlar kichik g‘alabalar orqali boshlanadi
O‘zbek klublariga "Al Nasr" degan jamoalar ro‘baru kelayotgan kun.
"Paxtakor" Amirliklarda Dubayning "Al Nasr" jamoasiga qarshi, AGMK esa Saudiya Arabistonida Ar-Riyodning "Al Nassr" klubi qarshiligiga duch kelmoqda.

Bir hafta muqaddam AGMK Olmaliqda qo‘shni Tojikistonning "Istiqlol" jamoasi ustidan irodali g‘alabani tantana qilgan, Toshkentda esa 25 daqiqa to‘xtalish yuzaga kelgan bahsda "Paxtakor" Iroqning "Eyr Fors" klubiga imkoniyat qoldirmagandi. Aynan o‘sha g‘alabalar orqali bizda yangi mavsumga chiroyli start berildi. Ammo hali missiya to‘liq bajarilgani yo‘q. OChL guruh bosqichida ishtirok etish uchun bugungi bo‘ladigan to‘qnashuvlarda jamoalarimiz o‘z kuchlarini ko‘rsatishlari talab etiladi.

Kamida 90 daqiqa yoki 120 daqiqa cho‘zilishi mumkin bo‘lgan bugungi o‘yinlarda jamoalarimiz nafaqat ruhan, balki jismonan ham tayyor turishlari lozim. Aynan mazkur ikki jihatda muammo yuzaga kelmasa, xattoki AGMK ham juda kuchli ko‘rinayotgan "Al Nassr"ga yetarlicha bosh og‘riq tug‘dirishga qodir. "Paxtakor" esa amirliklardan kerakli natija bilan qaytishni yaxshi biladigan jamoa. Ustiga-ustak jamoalarimizda kayfiyat yuqori.

BAA va Saudiya Arabistonida chempionat ayni qizigan palla. Raqiblarimizda o‘yin amaliyoti, jamoaviy o‘yin shakllanib ulgurgan. Bizda esa chempionatga taraddud ko‘rish jarayoni davom etayotgan bir paytda doim OChL o‘yinlari boshlanib qolaveradi :-)

O‘yin amaliyoti, o‘zaro jamoaviy o‘yin ko‘nikmasi to‘liq shakllanmagan bir paytda AGMK yoki "Paxtakor"dan ideal o‘yin kutish mushkul. Shu boisdan ham ko‘proq taktik taraflama yondoshib, asosiy urg‘u natijaga qaratilishi lozim. Hozirgi davrda Arveladze yoki Qosimov jamoada o‘yin sifati qanday bo‘lishini emas, balki qaysi yo‘l bilan natijaga erishish haqida ko‘proq bosh qotirishga haqli.

AGMK deyarli butkul yangilangan jamoa. "Paxtakor"da ham yangi mavsum oldidan juda katta o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Birinchi o‘yinda AGMK nisbatan osonroq ko‘ringan raqibga qarshi ikki marotaba qiyin sharoitga tushib qoldi. Va ikkalasida ham jamoa to‘g‘ri yechim orqali vaziyatni o‘z foydasiga burishga erishdi. Bu ham yomon va yaxshi. Yomon tarafi shuki, AGMK "Istiqlol" bilan shunday qiyin vaziyatga tushib qoldi. Lekin jamoa butkul yangiligi hamda shunday qiyin pallada xarakter va iroda namoyish etgani inobatga olsak, yaxshi tarafi ko‘proq tosh bosib qolayotgandek tuyuladi.

Aynan "Al Nassr"ga qarshi jiddiy raqib to‘sig‘i oldidan qiyin vaziyatni o‘z foydasiga hal etgani AGMKning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni yanada oshirib yuborishi mumkin. Saudiya Arabistonida bugun AGMKga oson bo‘lmaydi. Jamoa esa OChL doirasidagi ilk o‘yindayoq bunday musobaqada hech bir uchrashuv osonlikcha o‘tmasligining guvohiga aylandi. Yaxshi dars.

Ruscha aytganda, "poryadok byot klass". Ya’ni tartib orqali mahoratni yengish mumkin. AGMK bugun aynan tartibli o‘yin orqali Saudiya Arabistonidan muvaffaqiyat bilan qaytishi mumkin. Bu yerda Mirjalol Qosimov faktori birinchi o‘ringa chiqadi.

"Paxtakor" esa birinchi bahsdayoq o‘yin ritmiga tushgandek taassurot qoldirdi. Jamoa ajoyib muhitda va futbolni sog‘inib o‘ynagani uchun ham yanada jo‘shqinroq ko‘rindi. Hujumkor, uchrashuvni nazorat qilib o‘ynashni xush ko‘ruvchi Arveladze bugun ham o‘z uslubidan chekinmasa kerak. Ko‘p narsa uchrashuvni qanday boshlanishiga bog‘liq. Aynan shu masalada qaysiki murabbiyda vaziyatga qarab taktikani o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan zaxira rejasi bo‘lsa, o‘sha jamoaga nisbatan yengilroq bo‘ladi. Bejizga Benyat San Xose kechagi matbuot anjumanida ertaga ko‘proq taktik qarama-qarshilik bo‘lishiga sha’ma qilmadi. "Al Nasr" murabbiyi "Paxtakor" haqida iliq so‘zlar ayta turib, jamoaning jismoniy holati va o‘yin sifatiga alohida urg‘u berdi. San Xoseni "Paxtakor" istalgan bahsda uchrashuvni o‘z nazoratida ushlab turishi havotirga solayotgani kishini quvontiradi. Shu boisdan ham Benyat San Xose bugun ko‘proq raqibdan kelib chiqqan holda o‘yinga reja tayyorlayotgandek tuyulmoqda. Ya’ni, jamoa odatdagi o‘yinini taklif etish orqali emas, balki "Paxtakor"ning kuchli va kuchsiz taraflarini inobatga olgan holda bahsga kirishishi mumkindek taassurot qoldirdi.

O‘yinga har ikkala jamoa o‘z rejasiga muvofiq tushadi, biroq uchrashuv ssenariysi qaysi jamoaning rejasi asosida o‘zgarib ketadi, bu mushkul savol. Aynan shu pallada zaxira rejasini ishga solish va bunga murabbiy taktik taraflama tayyor turmog‘i lozim.

Mirjalol Qosimovning AGMKdagi missiyasi endigina boshlanmoqda. Arveladzeda esa xato limiti deyarli tugagan. Qosimov AGMKga g‘oliblik ruhi, katta jamoalarga xos mentalitetni olib kirayotgani dastlabki o‘yindayoq sezildi. Shota Arveladze esa dastlabki yillarda maksimum natija qayd etmagan bo‘lsada, jamoani o‘z imzosi ostida o‘ynatishga o‘rgatdi. "Paxtakor"da o‘yin chizgisi butkul o‘zgardi. Jamoa avvalgi yillarda bo‘lgani kabi to‘psiz, faqatgina jismoniy kuch va standart vaziyatlariga tayanib emas, hujumkor, tajovuzkor o‘yin qurish orqali o‘ynashni o‘rgandi. Bunday o‘yin qurayotgan murabbiylarga esa natija ko‘rsatish uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Arveladzega aynan o‘sha vaqt hamda imkoniyat berilganiga o‘tgan yili guvoh bo‘ldik. O‘sha berilgan imkoniyat, rahbariyat sabri va murabbiyning mehnatlari samarasining ilk xosilini jamoa muxlislari bugun ko‘rishga haqli.

To‘g‘ri, raqiblar kuchli, jiddiy va xavfli. Lekin bu bizni qo‘rqitmaydi. AGMK rulida OChL havosidan yengil nafas oladigan tajribali mutaxassis Mirjalol Qosimov o‘tiribdi. Shuni o‘ziyoq Saudiya Arabistonidan AGMKdan ham g‘alaba kutishga kichkina bo‘lsa ham ishonch taqdim etishga etarli. "Paxtakor"da esa o‘zbek futboliga hali o‘z ta’siri va foydasini berishi kutilayotgan Arveladze falsafasi o‘zining ilk xosilini beradigan pallaga yaqinlashib qolgan. OChL guruh bosqichiga chiqish olamshumul natija emas, to‘g‘ri. Biroq o‘sha olamshumul natijalar qayd etish uchun avval OChL guruh bosqichiga chiqish talab etiladi. Mirjalol Qosimov aytganidek, birinchi zinaga chiqmasdan turib ikki yoki uchinchisiga chiqib bo‘lmaydi.

Katta muvaffaqiyatlar esa kichik g‘alabalar orqali boshlanadi. Futbol kuni yaxshi niyatlar bilan boshlanmoqda. Yakunda kayfiyatda ham shunga monand bo‘lishiga tilakdoshmiz.
Shahboz Beg‘amov


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Katta muvaffaqiyatlar kichik g‘alabalar orqali boshlanadi
[/banner_pushhouse