14:55 / 28.02.2019
4 521

Sanjar Quvvatov: "Nasaf"dan pul uchun ketmadim

Sanjar Quvvatov: "Nasaf"dan pul uchun ketmadim
«Paxtakor» klubi yangi mavsum uchun bir qator yangi futbolchilarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, qashqadaryolik darvozabon Sanjar Quvvatov ham bu yildan boshlab «Paxtakor» klubida faoliyat olib bormoqda. Katta futbolga «Mash’al» klubining akademiyasi orqali kirib kelgan, keyinchalik «Nasaf»da to‘p surgan Quvvatov uchun joriy mavsum faoliyatida oldinga qadam tashlash bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, u yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoamiz safida Osiyo Kubogi musobaqasiga borib keldi. Bir so‘z bilan aytganda, oxirgi yillarda Quvvatovning o‘yinida o‘sish kuzatilayotgandi. «Paxtakor»ning unga taklif bilan chiqqani ham aslida bejiz emasdi. Uning yangi klubidagi debyuti ham omadli chiqib, Osiyo Chempionlar ligasi ikkinchi saralash bosqichidagi «Eyr Fors»ga qarshi uchrashuvda «Paxtakor» darvozasini munosib himoya qildi va «Sherlar» 2:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Mazkur bellashuvdan so‘ng Sanjar Quvvatov «FE» uchun o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Paxtakor»ga meni Irismetov taklif qildi»
- O‘tgan yilgi mavsum tugaganidan keyin menga «Paxtakor» klubidan Ja’far aka Irismetov qo‘ng‘iroq qilib, «Paxtakor»da o‘ynashga ishtiyoqing bormi, biz sen bilan qiziqyapmiz degandi. Hammaga ma’lumki, «Paxtakor» O‘zbekistonning eng oldi jamoalaridan biri va shubhasiz top-klub sanaladi. Tabiiyki, bunday jamoa tarkibida to‘p surish futbolchi uchun sharafli. Men Ja’far akaga shunday gaplarni aytdim. Xullas, «Paxtakor» tomonidan tushgan taklifdan so‘ng men o‘zimizning murabbiyimiz – Ro‘ziqul aka Berdiyev bilan gaplashdim. Agar «Paxtakor»da o‘ynashga ishtiyoqing kuchli bo‘lsa, mayli borib o‘ynayver dedi. Biz esa o‘zaro kelishgan holda xayrlashishga qaror qildik.

«Arveladze bilan ishlash juda qiziqarli»
- Hech kimga sir emaski, har bir murabbiyning futbolga o‘z qarashlari bor va shundan kelib chiqqan holda ularning taktik uslublari bo‘ladi. Shota Arveladzening mashg‘ulotlari ham juda qiziqarli. Masalan, darvozabonlar ko‘pincha o‘z murabbiyi bilan alohida ishlashadi. U yerda esa darvozabonlarning ham umumiy mashg‘ulotlarda qo‘shilib ishlashi qiziq. Arveladze futbolchilardan tashqari, mashg‘ulotlar jarayonida darvozabonlarga ham o‘zi alohida tushunchalar beradi, qaysi vaziyatdan qanday o‘ynash kerakligi haqida o‘z bilganlarini aytadi. Arveladze jahon darajasidagi murabbiy bo‘lgani uchun uning mashg‘ulotlari Yevropa standartlari asosida o‘tadi. Bu esa biz futbolchilar uchun ham juda foydali.

«Suyunov ham, men ham raqobatdan qo‘rqmaymiz»
- Eldor Suyunov bilan yoshlikdan birga o‘ynab, katta bo‘lganmiz. «Mash’al» akademiyasida u bilan tahsil olganmiz. Keyin «Nasaf»da birgalikda faoliyat olib bordik. Endi esa taqdir taqozosi bilan «Paxtakor»da ham u bilan birgamiz. Ikkalamiz bir-birimizni yaxshi bilamiz, raqobatdan umuman qo‘rqmaymiz. Eldorning imkoniyatlarini hamma biladi, u O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham darvozaboni hisoblanadi. Yana birgalikda ishlash ikkalamiz uchun ham juda qiziq kechadi.

«Nasaf»ni moliyaviy qiyinchilik tufayli tark etmadim»
- Agarda «Nasaf»dan moliyaviy qiyinchilik tufayli ketmoqchi bo‘lganimda bundan oldinroq jamoani tark etgan bo‘lardim. Masalan, shunday bo‘lganida o‘tgan yili birinchi davradan so‘ng ketishim ham mumkin edi. Lekin men jamoada qolib yordam berishga qaror qildim va mavsum oxirigacha o‘ynadim. Agar sizga yaxshi jamoadan taklif tushsa, albatta bunga intilish kerak. Chunki bir joyda to‘xtab qolsangiz ham bo‘lmaydi. «Mash’al»dan «Nasaf»ga o‘tganimda ham faoliyatimda bir pog‘ona ko‘tarilish bo‘lgandi. Chunki hamma yaxshi biladiki, «Nasaf» juda ajoyib jamoa. Bunga u yerga kelganimda o‘zim ham iqror bo‘lganman. Futbolchilar juda ahil. Ro‘ziqul Berdiyevning esa qanday murabbiyligini hamma yaxshi bilib oldi. O‘tgan yili klubdan hamma yetakchilar ketgan paytda biz asosan yosh futbolchilar bilan qolib ketdik. Lekin ular bilan ishlash va o‘yin saviyasini oshirish hamma murabbiyning ham qo‘lidan kelavermaydi. Chunki biz ikkinchi guruhda birinchi o‘rinni oldik. Yana qaytaraman: men «Nasaf»dan moliyaviy qiyinchilik tufayli ketganim yo‘q. Murabbiy va rahbarlar bilan maslahatlashdik va ular bilan o‘zaro kelishgan holda xayrlashdik. «Paxtakor» bilan Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish ham yoqimli. Umuman olganda, o‘zimni ushbu jamoada sinab ko‘rishga qaror qildim.

«Qarshida faoliyatimni yana boshidan boshladim»
- Yuqorida aytganimdek, «Mash’al» klubining akademiyasida tarbiya oldim va terma jamoada ham o‘ynadim. Keyinchalik «Mash’al»da ozgina o‘yinimda pasayish bo‘ldi. Shundan so‘ng klubni almashtirishga qaror qildim. Aleksandr Xomyakovga vaziyatni tushuntirdim va shu payt menga «Nasaf»dan taklif bo‘lgandi. Ushbu jamoada ham ko‘plab do‘stlarim o‘ynashardi. Bilasizmi, faoliyatimni «Nasaf»da davom ettirishga kirishganimdan so‘ng xuddi faoliyatimni yana boshidan boshlagandek bo‘ldim. Chunki u yerda muhit, futbolchilarga bo‘lgan e’tibor va munosabat umuman boshqacha edi. Qolaversa, Ro‘ziqul Berdiyev va darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov bilan birga ishlash ham yoqimli edi. Ular mening «Nasaf»da o‘sishimga katta yordam berishdi. Jamoa bilan birga 3-o‘rinni egalladik, Superkubok sohibi bo‘ldik. Muhit yaxshi bo‘lsa, natijalar ham ijobiylashib boraverar ekan. U yerda mashg‘ulotlarda ham kuchli ishtiyoq bilan ishladim. Charchadim yoki zerikdim degan tushuncha bo‘lmasdi. Har bir kunimiz juda qiziqarli ko‘rinishda o‘tardi. «Nasaf» orqali faoliyatimda burilish bo‘ldi va meni milliy terma jamoaga ham chaqirishdi. Endi «Nasaf» bilan erisha olmagan sovrinlarga «Paxtakor» orqali erishish niyatim bor.

«Paxtakor»dagi debyut o‘yinimda hayajon bilindi»
- «Paxtakor»dagi debyut o‘yinim Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasi orqali va g‘alaba bilan boshlanganidan juda xursandman. Albatta, bunday onlar men uchun hayajonli bo‘ldi. «Paxtakor» libosida maydonga tushish, muxlislarning olqishlashi, birinchi o‘yin…bunday paytda albatta hayajon bo‘ladi. «Paxtakor» jamoasining birgina niyati hamma vaqt faqat g‘alaba. Shu boisdan bizga qo‘yilgan maqsad oldida hayajon unutilib ketiladi. Bu yildagi birinchi o‘yinimiz bo‘lgani bilan jamoamiz yaxshi harakat qildi va muxlislarimizni g‘alaba bilan xursand qildik. Endi keyingi uchrashuvda ham g‘alaba qozonib, Chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqmoqchimiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sanjar Quvvatov: "Nasaf"dan pul uchun ketmadim