13:00 / 07.05.2019
2 471

Salohsiz «Liverpul» «Barselona»ga qarshi mo‘’jiza ko‘rsata oladimi?

Salohsiz «Liverpul» «Barselona»ga qarshi mo‘’jiza ko‘rsata oladimi?
Seshanba oqshomida «Enfild»da Chempionlar ligasi yarimfinali doirasida birinchi javob uchrashuvi o‘tkaziladi. «Liverpul» «Barselona»ga qarshi o‘yinda 3 ta to‘p farqini yo‘qqa chiqarishga harakat qiladi.

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Javob o‘yini
Liverpul – Barselona

7 may. Liverpul. «Enfild» stadioni. 00.00.
Hakam: Juneyt Chaqir (Turkiya).
Birinchi o‘yin – 0:3.

«Turnirni mag‘rur tark etish»
Qisqacha aytadigan bo‘lsak, Yurgen Kloppning ishlari chatoq. Barselonadagi birinchi o‘yinda 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lingach ham jamoa muxlislari umidni so‘ndirishmagandi, ammo so‘nggi hafta ichida «Liverpul» jiddiy yo‘qotishlarga uchradi. Shanba kuni premer-liga doirasida «Nyukasl»ga qarshi kechgan o‘yinda mersisaydliklarning asosiy futbolchilaridan biri Muhammad Saloh raqib darvozaboni Dubravka bilan to‘qnashib ketdi. Boshidan jarohat olgan misrlik futbolchi o‘yinni davom ettira olmadi - uni maydondan zambilda olib ketishdi.

Yakshanba kuni britan nashrlari Saloh «Barselona»ga qarshi o‘yinga tayyor bo‘lish-bo‘lmasligi haqidagi xabarlar bilan to‘ldirildi. Dushanba kuni tashxis qo‘yildi - bosh miya chayqalishi.

Dushanba oqshomida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yurgen Klopp mersisaydlik muxlislar uchun yoqimsiz xabarni e’lon qildi - Saloh ham, Firmino ham «Barselona»ga qarshi javob uchrashuvini o‘tkazib yuborishi aniq bo‘lgandi: «Asosiy hujumchilarimizdan ikki nafari bu o‘yinda jamoaga yordam bera olmaydi. Bu o‘yinda esa «Liverpul» raqibga 4ta gol urishi kerak. Bu oson bo‘lmasligi aniq, ammo biz harakat qilamiz. Agar buni uddalay olmasak ham, turnirni chiroyli tarzda tark etishga urinib ko‘ramiz».

Messi uchun 10 haykal
Saloh uchun tarix takrorlanmoqda. Bir yil muqaddam «Liverpul» uningsiz Ispaniyaning boshqa bir grandi «Real»ni mag‘lub etolmagandi. O‘shanda final o‘yini boshida misrlik futbolchi raqib himoyachisi Serxio Ramos bilan to‘qnashuv oqibatida yelkasidan jarohat olib, maydonni barvaqt tark etishga majbur bo‘lgandi. Hozir ham shunga yaqinroq vaziyat. «Kamp Nou»dagi birinchi o‘yin oxirida Saloh javob goli urish imkoniyatini yo‘qqa chiqargandi - uning bo‘sh darvoza tomon yo‘llagan zarbasi ustundan qaytgandi. Agar o‘shanda hisob 3:1 ko‘rinishiga keltirilganida, Liverpulda mezbonlar optimistik kayfiyatda o‘yinni boshlashlari mumkin bo‘lardi. Lekin Saloh va Firminosiz qolgan mersisaydliklar kerakli hisobdagi g‘alabaga umid qila oladilarmi?

«Biz so‘nggi 6 kun ichida uchinchi o‘yinni o‘tkazamiz. «Barselona» esa dam olish kunlarida rotatsiya qilish imkoniga ega bo‘ldi. Bu katta farq. Ammo mening yigitlarim taslim bo‘lishmaydi», dedi Klopp.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra esa jamoaning yana bir yetakchisi Virjiyl van Deyk jamoaning oxirgi mashg‘ulotlarida qatnashmagan - u Oksleyd-Chemberlen bilan birgalikda alohida shug‘ullangan.

Kataloniyaliklar Ispaniya chempionligi masalasi hal bo‘lib ulgurgach, shanba kuni «Selta»ga qarshi o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirdi va 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘sha o‘yinda «Barselona» sharafini Vage, Fermalen, Todibo, Puig, Alenya, Boateng va Sillessen kabi futbolchilar himoya qildi. Bu futbolchilarning hech biri shu vaqtgacha boshlang‘ich tarkibda tushishmagandi.

Messi va «Barselona»ning boshqa asosiy futbolchilariga Ernesto Valverde dam berdi. «Liverpul»ga qarshi birinchi o‘yinda argentinalik futbolchi yana bir bor o‘zining ulug‘vorligini namoyish etgan va ikki gol urib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirgandi. Shu kunlarda klub prezidenti Xosep Bartomeudan «Barselona»ning yangilangan stadionida Messi haykali uchun joy bo‘lishi ehtimoli haqida so‘rashdi. U esa o‘ylanib o‘tirmasdan shunday dedi: «Messining 10ta haykali bo‘ladi».

«Oltin to‘p» Messiniki
«Enfild»da argentinalik futbolchi uchun haykal qo‘yilmasligi aniq. Harholda u shu vaqtga qadar Liverpulda gol urmagan. Ammo u bugun bu statistikani to‘g‘rilashi mumkin. Angliyadagi top-6 vakillariga Messi 26 gol urib ulgurgan va bu borada u Azar bilan teng natija ko‘rsatmoqda. Bu borada oldingi o‘rinlarda faqat Aguero (43) va Vardi (31) joylashgan. Lekin Messi APLda o‘ynamaydi va bu klublarga qarshi faqat YeChL o‘yinlarida to‘qnash keladi.

Ammo hozirda Messining maqsadi boshqa. U «Oltin to‘p»ga ega chiqib, Krishtianu Ronalduni bu borada ham ortda qoldirmoqchi (ayni vaqtda hisob 5:5). Bartomeu bu borada shunday hazil qildi: «Menga qolsa, «Oltin to‘p»ni Messiga bermasdim. Chunki u butunlay boshqa o‘lchamda».

Yana bir intriga - Suares va Koutinoning «Enfild»ga qaytishi. 2013-14 yilgi mavsumda ular birgalikda «Liverpul» sharafini himoya qilishgan. Ikkisi ham «Barselona»ga transfer bo‘lib, o‘zlari haqida yorqin xotiralar qoldirib ketishgan.

Ha, mersisaydlik fanatlar birinchi o‘yinda urugvaylik hujumchi gol urib, uni nishonlaganidan qattiq ranjishdi. Mersisaydlik muxlislar Messini turnirdan chetlatishni so‘rab, petitsiya ham uyushtirishdi - bunga u birinchi o‘yindagi vaziyatlardan birida Fabinoning yuziga urgani va jazosiz qolgani dastak qilib keltirildi. Ammo UYeFA bu vaziyatni e’tiborsiz qoldirdi.

«Liverpul» hech kimning yordamidan umid qilmasdan, kuchli raqibga javobsiz 3ta gol urishi talab etiladi. Missiya uddalab bo‘lmas topshiriqdek ko‘rinmoqda. Ammo o‘tgan mavsumda «Barselona» chorak finalda «Roma»ga qarshi birinchi o‘yinda 4:1 hisobida g‘alaba qozona turib, Rimdagi javob uchrashuvida ustunlikni boy berib, 0:3 hisobida yutqazgani va turnirni tark etganini eslash mumkin. Yana bir mo‘’jiza sodir bo‘lishi mumkinmi?

Chempionlar ligasi tarixida pley-off bosqichida faqat ikki marta birinchi o‘yinda 3 to‘p farqi bilan yutqazgan jamoa javob o‘yinida vaziyatni o‘nglab, keyingi bosqichga chiqa olgan. 2004 yilda «Deportivo» «Milan» to‘sig‘idan o‘tgan (ispanlar Italiyada 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lgach, o‘z maydonida 4:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi), o‘tgan mavsumda «Roma» «Barselona» xuddi shunday vaziyatdan chiqib ketgandi (1:4, 3:0). Bu boradagi rekord ko‘rsatkich esa kataloniyaliklarga tegishli, jamoa ikki yil muqaddam Parijda «PSJ»ga 4ta to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘lgach, javob o‘yinida 6:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Salohsiz «Liverpul» «Barselona»ga qarshi mo‘’jiza ko‘rsata oladimi?