17:20 / 18.05.2019
2 778

Denis Ivankov: "Zanetti O‘zbekiston terma jamoasiga omad tiladi"

Denis Ivankov: "Zanetti O‘zbekiston terma jamoasiga omad tiladi"
Yurtimizda darvozabonlar murabbiylari orasida Denis Ivankov alohida ahamiyatga ega. Boisi u bir nechta darvozabonlarni yetishtirib chiqardi va bu jarayon hali hamon davom etmoqda. Qolaversa, Denis Aleksandrovich o‘tgan yildan boshlab O‘zbekiston milliy terma jamoasida bosh murabbiy Ektor Kuperga darvozabonlar murabbiyi sifatida yaqindan yordam berib kelmoqda.

Buning uchun u “Nasaf”dagi faoliyatini tugatishga majbur bo‘ldi va endi bor e’tiborini terma jamoaga qaratgan. Ivankov haqida gap ketganda shuni aytish joizki, u hozirgi rivojlanib borayotgan futboldagi zamonaviy murabbiylardan biri sanaladi. Hech qachon o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaydi.

Shu maqsadda Denis Ivankov yaqinda Italiyaga borib Milanning “Inter” klubida malaka oshirib qaytdi. Bu esa uning faoliyatida asqotishi turgan gap. Mutaxassis Milandan qaytib kelganidan so‘ng safar taassurotlari bilan qiziqib ko‘rdik.

- Malaka oshirish maqsadida “Inter” klubida amaliyotda bo‘ldingiz. Aytishlaricha, safaringizni milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper tashkillashtirgan. Aslida ham shundaymi?
- Kuni kecha Milandan uyga qaytdim. Ha, “Inter”da amaliyotda bo‘ldim. Bu borada janob Kuper “Inter” klubining vitse-prezidenti Xaver Zanetti bilan hammasini kelishib qo‘ygandi. Chindan ham safarimni terma jamoamiz bosh murabbiyi uyushtirdi.

- Xo‘sh, Italiya safaridan qanday taassurotlar bilan qaytdingiz?
- Taassurotlarim bir-biridan zo‘r! Murabbiylar bilan tanishdim, suhbatlashdim. Ayniqsa, darvozabonlar murabbiyi bilan juda chiqishib ketdik. Butun mashg‘ulot jarayonini diqqat bilan kuzatdim. U yerda odamlar juda samimiy ekan.

- Agar sir bo‘lmasa Xaver Zanetti bilan nimalar haqida gaplashganingizni aytib bera olasizmi?
- Asosan Kuper haqida suhbatlashdik. Shuningdek, u menga jamoadagi ishi borasida ham gapirib berdi.

- Zanetti sizdan o‘zbek futboli haqida ham so‘radimi?
- Xaver Zanetti mendan janob Ektor Kuperning terma jamoadagi ishi qanday kechayotganligini bilmoqchi bo‘ldi. Albatta, u terma jamoamizga katta muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini va jahon chempionatiga chiqishni tilab qoldi.

- Siz shundoq ham o‘ziga yarasha tajribali murabbiysiz. Italiya safari chog‘ida yana nimalarni o‘rgandingiz?
- Albatta, o‘rganaman-da... Axir o‘qish va o‘rganishning chek-chegarasi bo‘lmaydi. Qolaversa, hamma vaqt nimadir yangi narsadan xabardor bo‘lish juda yoqimli. Bunday imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslikka harakat qilaman. Bilasizmi, endi Kiyevning “Dinamo”siga boraman. Chunki u yerdan menga taklif kelib tushgan.

- “Inter”da darvozabon Samir Xandanovich jamoa sardori hisoblanadi. Ushbu ijrochi sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Ha, gapingiz rost. U klub sardori vazifasini bajarib kelmoqda. Nafaqat Xandanovich, balki “Inter” futbolchilarining ishga bo‘lgan munosabati meni juda hayron qoldirdi. Jumladan, darvozabonlar ham.

- Yuqorida Kiyev “Dinamo”si tomonidan taklif olganingizni aytdingiz. Qiziq, ular aloqaga o‘zlari chiqishdimi yoki bu yerda kimdir vositachilik qildimi?
- Men Aleksandr Xatskevich va albatta Maksim Shatskix bilan yaxshi tanishman. Aynan ular meni Kiyevga chaqirishdi.

- Sizning Italiyaga tez-tez borib turishingizdan xabarimiz bor. Italiya siz uchun doimiy yashash joyi hisoblanadimi?
- Ha, mening Italiya va Ukrainada o‘z uyim bor.

- Yaqinda Ignatiy Nesterovni diskvalifikatsiya qilishdi. Ayting-chi, bunday qaror sizni hayron qoldirdimi?
- Ha. Ignatiy bilan yuz bergan holatdan xabarim bor. Uning nima sababdan taqiqlangan moddalar sirasiga kirgan dorini bilgan holda qabul qilganidan ajablandim. Ammo kuni kecha bu ish yuzasidan hukm chiqarildi. Umid qilamanki, oktyabrda u safda bo‘ladi.

- Bu xususida uning o‘zi bilan gaplashdingizmi?
- Bo‘lmasam-chi! Men nafaqat Nesterov bilan, balki boshqa darvozabonlar bilan ham doim aloqada bo‘lib turaman.

- Nesterovning terma jamoadagi o‘rni qay darajada? Qaysi darvozabon uning vorisiga aylanishi mumkin: Quvvatovmi yoki Suyunov? Yo yana boshqa nomlar ham bormi?
- Albatta, Nesterov katta harflar bilan yozilishga munosib darvozabon. U o‘zbek futboli uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshirgan. Ayni chog‘da uning termadagi kelajagi xususida biror narsa deyishga hali erta. Bizda darvozabonlar o‘rtasida sog‘lom raqobat bor va kim kuchli bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi.

- Chempionatimizdagi qaysi yosh darvozabonlar sizda yaxshi taassurot qoldirmoqda?
- Bundaylar yetarlicha topiladi. Masalan, Botirali Ergashev, Nizomiddin Ziyovuddinov va Abduvohid Ne’matovni ko‘rsatishim mumkin. Xususan, Ne’matov “Nasaf” tarkibida oxirgi uchta o‘yinni juda yaxshi o‘tkazdi. Umuman aytganda, bizda yaxshi yigitlar ko‘p. Faqat ular bilan to‘g‘ri ishlashni bilish kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Denis Ivankov: "Zanetti O‘zbekiston terma jamoasiga omad tiladi"