date
views 2 345

Isroil Madrimovning ertangi jangdagi ustunligi nimada? (Mutaxassislar fikri)

Isroil Madrimovning ertangi jangdagi ustunligi nimada? (Mutaxassislar fikri)
Xabaringiz bor, mahoratli bokschimiz Isroil Madrimov ertaga, professional boksda navbatdagi jangini o‘tkazadi. Ushbu jang avvalida, biz bokschilar va mutaxassislar fikriga qiziqdik.

Zufar Sulaymanov – O‘zbekiston professional boks terma jamoasi murabbiyi
- Isroilda ulkan havaskor boks tajribasi bor. Jismoniy imkoniyati ham mukammal. Qolaversa, o‘ziga xos “Pancher”. O‘ylaymanki, Madrimov jangni muddatidan avval yakunlaydi.

Hasanboy Do‘stmatov – bokschi
- Bilasizmi, Isroil professional boksda o‘zini juda erkin his qiladi. Go‘yoki, shu sport turi uchun tug‘ilgandek. Qolaversa, yosh va iste’dodli bokschi. Isroilning ustunlik jihati shunda. Nasib qilsa, ertaga nokaut bilan raqibini mag‘lub etadi. Isroil yaratganni o‘zi qo‘llasin. Faqat olg‘a!

Mansur Muqimov – murabbiy
- Isroilga havaskor boksdagi poydevor qo‘l keladi. E’tibor bering, u havaskor boksda Kubaning eng nomdor vakillarini mag‘lub eta olgan. Ba’zan hakamlarning adolatsizligi tufayli katta musobaqlarda natija qila olmay qolgandi. Aslida, u o‘sha turnirlarning biz uchun chempioni hisoblanadi. Madrimov ringda jangovar usulni qo‘llaydi. Kutilmaganda xujumlar uyushtirib, raqiblarini esankiratib qo‘yadi. Bir so‘z bilan aytganda boshqa bokschilarda yo‘q bo‘lgan xislatlarga ega. Kamtarin va mehnatkash yigit. Ustunlik tomonlari shunda. Albatta g‘alaba qozonadi. Omad yor bo‘lsin!

Feruzbek Yuldashev – bokschi
- Isroil birinchi nomer bo‘lib, har ikki qo‘l bilan ham mukammal ishlay oladi. Eng asosiysi qo‘rqmay, hayiqmay jang olib boradi. Ustunlik jihati shunda deb o‘ylayman.

Sherzod Ahmedov – boks bo‘yicha hakam
- Shunchaki, uning yaxshi tayyorgarligida.

Farrux Qilichev – murabbiy
- Isroil aqlli bokschi. Qaysi vaqt zarba yo‘llashni va o‘z vaqtida himoyalanishni biladi. Eng asosiysi yaxshi sport formasida. Qolgani yaratganning inoyati.

Jamshid Najmiddinov – bokschi
- Isroilning hozirgi kundagi sport formasi professional boksga to‘la xos va mos. Mashg‘ulotlariga e’tibor qaratganimda bemalol 10-12 raund ishlayapti. Raqibining janglarini ko‘rib chiqdim. U ochiq boks tarafdori. Isroil esa, ringda o‘z o‘rnida birinchi va kerak bo‘lsa ikkinchi raqamli bo‘lib ham ishlay oladi. Bir so‘z bilan aytganda aqlli bokschi. Uning ustunligi shunda. Duo qilamiz va ishonamiz ertaga ushbu ukamiz g‘alaba qozonadi.

Sherzod Yuldashev – bokschi
- Isroil irodali hamda kuchli zarba sohibi sanaladi. Ringda u haqiqiy professional. Umuman olganda aqlli yurishlar qila oladi. O‘ylaymanki, ertaga g‘alaba qozonadi.

Farrux Madaminov – sobiq bokschi, murabbiy
- Isroil yaxshi sport formasiga kirib olgan. Havaskor boksdagi mag‘lubiyati ya’ni Osiyo chempionatidan keyin o‘z ustida jiddiy ishladi. Kamchiliklarni bartaraf eta oldi. Jismoniy tayyorgarlik a’lo darajada deb o‘ylayman. Asosiysi unda havaskor boksda ulkan tajriba bor. Ayni shu jihatlar uning uchun qurol vazifasini o‘taydi.

Bobur Najmiddinov – “Cocky Buffalo” promousheni murabbiyi
- Ochig‘i, Isroilning raqibi janglarini kuzata olmadim. Lekin, Madrimov borasida o‘zimning fikrlarim bor. Isroilning tezkorligi, hujumkorligi va havaskordagi tajribasi unga qo‘l keladi. Lekin raqibga ham past baho bermaslik kerak. Sababi, uning professioanl boksda ulkan tajribasi bor. Profidagi har bitta jang bir yillik mashg‘ulotga teng deya - mutaxassislar tomonidan e’tirof etiladi. Shunday ekan, ertaga yaxshi jang bo‘ladi deb o‘ylayman.

Ahmadbek EShMATOV tayyorladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Isroil Madrimovning ertangi jangdagi ustunligi nimada? (Mutaxassislar fikri)