09:14 / 13.06.2019
2 218

Jahongir Mehmonov: "Vadim Abramov men ko‘rgan murabbiylar orasida eng yaxshisi"

Jahongir Mehmonov: "Vadim Abramov men ko‘rgan murabbiylar orasida eng yaxshisi"
Bugungi suhbatdoshimiz «Navbahor» jamoasining sardori Jahongir Mehmonov. Namanganlik futbolchi doim muxlislarning e’tiborida bo‘lib kelgan. U faoliyati davomida shu kungacha faqat ikkita klubda o‘ynadi. Biri «Navbahor» bo‘lsa, ikkinchisi «Neftchi. Vodiydan tashqarida o‘ynamagan ushbu himoyachi endilikda namanganliklarning sardori sifatida katta maqsadlar sari kurashda jamoasiga yordam berib kelmoqda. O‘ziga qolsa, faoliyatining oxirigacha ushbu klub bilan birga bo‘lish niyatida. U bilan suhbat davomida bir qator qiziqarli mavzular haqida ham gap bordi.

- “Navbahor” jamoasida asosiy figuralardan biriga aylangansiz. Orada esa uch yil “Neftchi” uchun o‘ynab keldingiz. Ammo faoliyatingizning asosiy qismini “Navabahor”da o‘tkazib kelyapsiz. Bu jamoa siz uchun qanday ahamiyatga ega?
- “Navbahor” men uchun alohida dunyo desam ham bo‘ladi. Men o‘sha dunyoda futbolga kirib keldim. To‘g‘ri, buning orasida boshqa klubda o‘ynab kelgan bo‘lsam ham baribir “Navbahor” libosida to‘p surish men uchun katta sharaf va mas’uliyat. Bunday jamoaning sardori bo‘lish esa men uchun katta narsa. Bu jamoaning o‘rni ham boshqacha.

- Siz faoliyatingizda hozirga qadar “Neftchi” va “Navbahor” uchun o‘ynab kelyapsiz. Ammo shunday futbolchilar ham borki, ular har yili, kerak bo‘lsa yilda ikki martadan jamoa almashtiradiganlari ham bor. O‘z klubiga sodiq va jamoadan-jamoaga ko‘chib yuradigan o‘yinchilarning qanday farqi bor?

- Balki futbolchi murabbiy yoki rahbarlar bilan kelisha olmay qolishi mumkin. Qolaversa, hamma ham o‘zi uchun o‘yin amaliyoti yetarli darajada bo‘lishini istashadi. To‘g‘risi, nima uchun bundayligini har bir futbolchining o‘zi biladi. O‘zim ham futbolchiman va boshqa hamkasblarimning nomidan gapirishim ham noo‘rin. Balki menda ham kelishmovchilik bo‘lganida jamoamni almashtirishim mumkin edi. Ha, aslida menda ham qandaydir kelishmovchiliklar bo‘lgan. Lekin hech qachon “Navbahor” jamoasini tark etishni xohlamaganman.

Shunday o‘yinchilar borki, ular butun faoliyatini o‘z klubiga bag‘ishlashgan. Misol uchun Stiven Jerrard “Liverpul” uchun borini berdi va klub tarixidan joy olgan. Meni ham shunday futbolchilarga o‘xshagim keladi. Doim bitta jamoa uchun o‘ynashni istaganman. Ammo orada uch yil “Neftchi” jamoasida o‘ynab keldim. Lekin o‘zim uchun jonajon bo‘lgan Namangan jamoasi sharafini himoya qilish uchun yana qaytib kelganman. O‘zim ham hadeb klublarni almashtiraverishga qarshiman.

- Bu yil “Navbahor”ning oldiga aniq vazifa qo‘yildi. Ya’ni, jamoa chempionlik uchun kurashyapti. 10-turdan keyin esa klub oltinchi o‘rinda boryapti. Vaziyatga real qarasak, jamoangizning 1-o‘ringa qanchalik qurbi yetadi?
- Siz aytgandek, vaziyatga real baho berib gapiradigan bo‘lsam, chindan ham hozirgi paytda bizga juda qiyin. O‘z maydonimizda ketma-ket ikki marta “Metallurg” va “Andijon” bilan durang o‘ynab qo‘ydik va bu biz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. O‘zimizga-o‘zimiz muammo yaratib oldik. Endi shuning hisobini o‘ylayapmiz. Shunga qaramay, maqsadimiz bitta: chempionlik. O‘tgan yili chempion bo‘lgan “Lokomotiv”ning mavsumni qanday boshlagani yodingizdami?

Ular chempionatni yaxshi boshlay olishmagan va ketma-ket ochkolar yo‘qotishib, 7 – 8-turlarda ham pastki o‘rinlardan birida yurishgandi. O‘sha paytda biz bu jamoaga ishonib, yana o‘z mavqeiga qaytib, kuchli oltilikka kirishini bilardik. Shunday ekan, biz ham o‘z kuchimizga ishonamiz. To‘g‘ri, hozir “Paxtakor” bilan “Lokomotiv” kuchli. Lekin biz ham ulardan qolishmaymiz. Faqat Namangandagi oxirgi ikkita uchrashuvda g‘alaba qozona olmaganimiz tufayli muammolarimiz ko‘paydi.

- “Navbahor”ga barqarorlik yetishmayapti. Masalan, Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatib, 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatni 2:2 ga aylantira oldinglar. Keyin esa o‘z maydonida hamma namanganliklarning g‘alabasini kutayotgan paytda yana qimmatli ochkolar yo‘qotildi. Balki o‘z maydoninglardagi bahslarda raqiblarning kuchiga yetarlicha baho bermagandirsizlar...

- To‘g‘ri, “Paxtakor” bilan juda qiyin o‘yinni o‘tkazdik. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda borimizni berdik. Biz ham chempionlik uchun kurashayotganimizni maydonda ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak edi. Balki butun e’tibor va kuchimizni o‘sha uchrashuvga qaratganimiz bois o‘z uyimizdagi uchrashuvlarda yana qiyinchiliklarga uchradik. Qolaversa, “Metallurg” va “Andijon” futbolchilari maydonda ko‘p vaqt cho‘zishdi va o‘yin tempini tushirishga harakat qilishdi.

Balki shuning uchun biz ham o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olmagandirmiz. To‘g‘risi, shuning oqibatida ularning o‘yiniga moslashib qoldik. Agar g‘alaba qozonganimizda bunday gaplarni gapirmasligimiz mumkin edi. Hozir esa bahonadek bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin hammasi o‘z qo‘limizda edi. Biroq hali hech nima yo‘qotilgani yo‘q. Biz oxiriga kurashamiz.

- O‘tgan yili “Navbahor” Ilhom Mo‘minjonov boshchiligida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritganida ham jamoa tajovuzkor o‘yinlar ko‘rsatgandi. Ayting-chi, o‘tgan yilgi “Navbahor” bilan bu yilgi “Navbahor” o‘rtasida qanday farq bor?
- Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha o‘yin uslubi bo‘ladi. Masalan, Ilhom Mo‘minjonovning futbolchilarni o‘yinga ruhiy tomondan tayyorlash bo‘yicha uslubi juda kuchli edi. Mashg‘ulotlarda ham doim kayfiyat yuqori darajada bo‘lardi. Bir so‘z bilan aytganda, uning boshchiligida hammaning kayfiyati yaxshi bo‘lardi. Andrey Kanchelskis ham o‘ziga xos. U jismoniy tomondan o‘yinchilarni tayyorlash bo‘yicha kuchli. Baribir u Angliya futbolida o‘ynagani uchun bu narsa mashg‘ulotlarimiz va o‘yinlarimizda ham bilinib turadi.

- “Navbahor” duranglardan keyin Liga Kubogining 1-turida Qarshida “Nasaf”ga yirik hisobda yutqazib qaytdi. Shunday savol tug‘ilyapti: “Navbahor”ga Liga Kubogi musobaqasi kerak emasmi?
- Nafaqat biz, balki chempionatimizda peshqadam bo‘lib kelayotgan “Paxtakor”dek klub ham o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ga 0:4 hisobida yutqazib qo‘ydi. Holbuki, qo‘qonliklar oxirgi o‘rinda borishyapti. Lekin bu haqida hech kim gapirmayapti. Faqat “Navbahor”ning yirik mag‘lubiyati haqida savollar ko‘p bo‘lyapti. Mayli, hammaning e’tibori bizda bo‘layotganidan ham xursandmiz. Lekin yirik mag‘lubiyat albatta bizni ranjitdi. Liga Kubogi bizga kerak.

Birgina mag‘lubiyat bilan musobaqa tugab qolgani yo‘q. Oldinda “Mash’al” va “Andijon”ga qarshi o‘yinlarimiz bor. “Nasaf”ga yutqazganimizning sababiga kelsak, uchrashuvni yaxshi boshlagandik, golli imkoniyatlarga ega bo‘lgandik. Qolaversa, birinchi bo‘lim o‘rtalarida futbolchimiz maydondan chetlatilgach, birin-ketin ikkita gollar o‘tkazib yubordik. Keyin esa yana bir o‘yinimiz ham qizil kartochka tufayli maydondan chiqib ketdi.

- Futbolchilar uchun vodiyda o‘ynash oson emas. Buning ustiga “Navbahor” chempionlik uchun kurashyapti. Muxlislar esa har bir o‘yinda sizlardan faqat g‘alabani talab qilishyapti. Bunday pallada sizlarga bosim ham kuchli bo‘lyaptimi?
- To‘g‘risi, ha, bizga bosim kuchli bo‘lyapti. O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, maqsdimiz chempionlik bo‘lgani uchun ham bizdan ko‘p narsa talab qilinyapti. Shuning hisobiga ham qo‘shimcha bosimlar sezilyapti.

- O‘z vaqtida sizni Vadim Abramov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga jalb qilardi. O‘sha paytlarda imkoniyatlaringiz yuqori baholangandi. Faoliyatingizda yangi bosqich boshlanayotgandek tuyulardi. To‘g‘risi, hozirgi holatingizdan ham ko‘prog‘ini kutgandik. Masalan, legioner sifatida tasavvur qila boshlagandik. Nima deb o‘ylaysiz, o‘tgan vaqt davomida o‘sishdan to‘xtab qoldim deya ayta olasizmi?

- Olimpiya terma jamoasidan birinchi marta chaqiruv olganimda boshim osmonga yetgandi. O‘shanda rahmatli dadamning quvonchlari ich-ichlariga sig‘magandi. Chunki dadam menga seni terma jamoa libosida bir marta bo‘lsa ham ko‘rsam armonim qolmasdi deb gapirardi. Shukrki, ozgina bo‘lsa ham meni terma jamoa libosida ko‘rganlaridan xursandman. To‘g‘ri, balki shundan keyin menda to‘xtalish bo‘lgandir. Hozirgacha nechta murabbiylarni ko‘rgan bo‘lsam, ularning orasida Vadim Karlenovichni eng yaxshisi deb hisoblayman. U bilan olimpiya terma jamoasida birga ishlaganimdan xursandman.

- Shu paytgacha sizda xorijda legioner sifatida to‘p surishga imkoniyat bo‘lganmi?
- Ha. Malayziya, Tailand kabi chempionatlardan takliflar ko‘p bo‘ldi. Bu yil o‘shalardan biriga ketishim uchun katta imkoniyat bo‘lgandi. Tan olish kerak, moliyaviy tomondan ham juda yaxshi taklif bildirishgandi. Agar ketsam ham menga faqat plyus bo‘lardi. O‘sha paytda dadam hayot edi va shu yerda qolib Namagan xalqi uchun o‘ynashim kerakligini aytgandi. Viloyatimiz hokimi Hayrulla Bozorovga minnatdorchilik bildiraman. Bizga har tomonlama yordam berib, qo‘llab-quvvatlab kelyapti. Men legionerlikdan ko‘ra Namangan xalqini tanladim. Qo‘limdan kelganicha “Navbahor”ning chempionligi yo‘lida harakat qilib, o‘zimizdan yaxshi nom qoldirmoqchimiz.

- Andrey Kanchelskis bir qator matbuot anjumanlarida “Navbahor”ning tarkibida jamoa saviyaga mos kelmaydigan ayrim futbolchilar borligi haqida aytib o‘tdi. Jamoa sardori sifatida bu haqida fikringiz qanday?
- Yevropani ko‘rgan shunday inson o‘sha gapni aytibdimi, demak, balki shundaydir. Lekin men murabbiyning gaplarini muhokama qilmoqchi emasman. Har bir futbolchi o‘z o‘yiniga yarasha. Balki bizga to‘g‘ri kelmagan o‘yinchi boshqa jamoada yaxshi o‘ynab ketishi mumkin. Lekin murabbiyimiz aytgan o‘sha futbolchi kimligini bilmadim.

- Umuman olganda, bosh murabbiyga qanday ta’rif berasiz?
- Maydonda juda talabchan. Har bir epizod va mayda detallargacha e’tibor beradi. Uning yordamchisi Belenkov ham talabchan. Ular aytgan ko‘rsatmalari bajarilmaguncha mashg‘ulot tugamaydi. Maydondan tashqarida xushchaqchaq va xazilkash inson. Har biririmiz bilan gaplashib, hol-ahvol so‘raydi.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahongir Mehmonov: "Vadim Abramov men ko‘rgan murabbiylar orasida eng yaxshisi"