«Paxtakor» bu yil ancha kuchaydi. Tarkib jihatidan ham va o‘yin bo‘yicha ham. Shu bois ayni paytda klub ichki chempionatda mag‘lubiyatsiz odimlab kelmoqda. Nihoyat, bosh murabbiy Shota Arveladze jamoada raqobatni o‘tgan yilgiga qaraganda yanada yuqori darajaga olib chiqa oldi. Buning mahsuli esa hozircha Superliga doirasida o‘z samarasini beryapti. To‘g‘ri, «sherlar» Osiyo Chempionlar ligasida guruhdan chiqa olmadi. Biroq jamoa ko‘rsatgan o‘yin bilan bemalol keyingi bosqichga munosib edi, ammo endi hammasi tarixda qoldi.
Biz bugungi maqolamizda boshqa jihat haqida so‘z yuritmoqchimiz. Ya’ni, «Paxtakor»da yuqori saviyali futbolchilar to‘p surishyapti. Qolaversa, chempionatimizdagi eng sara legionerlar ham ushbu jamoa sharafini himoya qilayotgani hech kimga sir emas. Ayniqsa, serbiyalik hujumchi Dragan Cheran alohida mavzuga aylanib qoldi. Ushbu futbolchining bu yil «ishtahasi karnay» ekanligi ko‘rinib turibdi. Aytish mumkinki, Cheran faoliyatining eng yaxshi damlarini O‘zbekistonda o‘tkazyapti desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Uning oldingi faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, katta futbolga Serbiyaning «Smederevo» jamoasi orqali kirib kelgan. Shundan so‘ng «Mladi Radnik» (Serbiya), «Vesterlo» (Belgiya), «Xapoel» (Isroil), «Makkabi» (Isroil), «Simurg‘» (Ozarbayjon), «Xajer» (Saudiya Arabistoni), «Vardar» (Makedoniya) kabi jamoalarda to‘p surgan. Cheranning yurtimizdagi faoliyati esa 2016 yildan boshlangan. Hammaga ma’lum bo‘lsa kerak, u Qarshining «Nasaf» klubida 2018 yilning yarmigacha faoliyat olib bordi. Shu vaqt davomida Dragan «Nasaf» tarkibida 48 ta uchrashuvda 34 ta gol urishga erishdi.
O‘tgan yilning yarmidan esa uning faoliyatida yangi sahifa ochildi. Endi u «Paxtakor» uchun to‘p surmoqda. Ayniqsa, serbiyalik futbolchi joriy mavsumni ajoyib ravishda boshladi va shu ruhda davom etmoqda. E’tiborlisi Dragan Cheran may oyi yakunlariga ko‘ra Superliganing eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu esa legioner o‘yinchi uchun munosib baho desak bo‘laveradi. Draganni esa ushbu shaxsiy sovrin bilan tabriklaganimizda bu masala bo‘yicha o‘z fikrlarini shunday ifodaladi:
- Rahmat. Lekin men shaxsiy sovrinlarni ko‘zlayotganim yo‘q. Futbol – bu jamoaviy o‘yin hisoblanadi. Shuning uchun g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham faqat jamoaniki hisoblanadi. Demak, futbolda jamoaviy sifatida qo‘lga kiritiladigan yutuq men uchun muhim.
Uning bu javobi shuni ko‘rsatmoqdaki, avvalo jamoasining manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yayotganidan darak. To‘g‘ri, futbolda muhimi g‘alaba. Lekin har bir o‘yinchida qandaydir shaxsiy sovrinlar ham bo‘lishi mumkin va kimdir bunga ham qiziqadi. Qolaversa, u ayni paytda chempionatimizda birinchi raqamli to‘purarga aylanib oldi. Xo‘sh, futbolchining asosiy maqsadi to‘purarlikka erishishmi? Ammo Cheran bu haqida o‘ylayotgani yo‘q va yuqoridagi fikrlariga qo‘shimcha ravishda yana quyidagilarini ma’lum qildi:
- Shaxsiy sovrinlardan ko‘ra jamoaviy natijalarni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Agar to‘p surayotgan jamoangiz nimanidir yutsa, bu individual sovrinlardan ko‘ra yoqimliroq bo‘ladi, - deya munosabat bildirdi, futbolchi.
Cheran ayni paytda o‘zining yuqori formasida ekanligini o‘yinlari va gollari bilan isbotlab kelmoqda. Shuning uchun ham 13 ta gol bilan Superligada yaqqol to‘purar bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, chempionatning 11-turida safarda “Buxoro”ga qarshi uchrashuv uning uchun unutilmas bo‘ldi. “Paxtakor” 5:0 hisobida g‘alaba qozondi va gollardan uchtasini Dragan Cheran kiritdi. E’tiborlisi, u O‘zbekiston chempionatida to‘p surayotganidan beri ilk bor xet-trikka erishganini ham takidlashimiz kerak.
Aynan shunisi bilan ushbu bellashuv uning uchun unutilmas bo‘lib qoldi. Lekin tan olish lozimki, garchi “Paxtakor”ning g‘alabasi kutilgan bo‘lsa-da, ammo raqib darvozasiga javbsiz beshta gol urilishi kutilmagan hol bo‘ldi deyish mumkin. Balki “Buxoro” kuchsiz o‘ynadimi yoki “Paxtakor” o‘ta kuchli o‘yin ko‘rsatdimi? Dragan bilan muloqotimiz jarayonida esa ushbu o‘yinga ham to‘xtalib o‘tdi.
- Bilasizmi, bu biz uchun hayron qoldiradigan darajada oson o‘tgan o‘yin bo‘ldi. Biz “Buxoro”ga nisbatan juda yaxshi o‘ynadik va shunga mos ravishda haqli g‘alaba qozondik. Dastlabki daqiqalardan ajoyib harakat qildik. Gollarimga kelsak, to‘g‘risi, uchta gol kiritaman deb sira o‘ylamagandim. Ammo futbol – aqlbovar qilmas natijalarni taqdim etadigan o‘yindir.
Chempionatning 11-turigacha u 13 ta gol urishning uddasidan chiqdi. Hali birinchi davraning qolgan uchrashuvlari turibdi va yana butun boshli ikkinchi davra bor. Boya o‘zi aytganidek, futbol chindan ham aqlbovar qilmas natijalar taqdim etadigan o‘yindir. Qizig‘i shundaki, Cheran uchun o‘tgan yilgi mavsum u qadar samarali kechmagandi.
Solishtirish uchun aytamiz, birinchi davrada “Nasaf” tarkibida uchta gol urgan va ikkinchi davrada “Paxtakor”da ham uchta gol urgan, hammasi bo‘lib ikkita jamoada oltita gol muallifiga aylangan. O‘tgan yilgi natijasi bilan bu yil hozirgacha bo‘lgan natijani solishtirayotgandirsiz. Chindan ham unda o‘sish katta, shunday emasmi? Ayniqsa, “Paxtakor”ga o‘tgach, Cheranning o‘yini yana “ochildi”. Bunda esa bosh murabbiy Shota Arveladzening ham xizmatlarini alohida aytish mumkin.
- Men yaxshi mashq qilishga harakat qilyapman. Faqat shundan so‘ng bunday mashqlar o‘yinimga ijobiy ta’sir o‘tkazadi”, deya fikr bildirib o‘tdi Cheran.
“Paxtakor”ning bunday dadil odimlayotgani tufayli ko‘pchilik ushbu mavsumda bu jamoaning chempion bo‘lishini taxmin qilmoqdalar. Chunki hozircha “Paxtakor”ni to‘xtatadigan raqibning o‘zi topilmayapti. Jamoaning muvaffaqiyatli yurishining sababini so‘raganimizda, Dragan bunga o‘ziga xos tarzda shunday javob qaytardi:
- Biz har bir navbatdagi o‘yinga e’tiborimizni qaratamiz va bu bizning kuchimizdir. Raqibning nomi bizni xavotirga solmaydi. Bunday tuyg‘u jamoamizga yot.
O‘tgan vaqt davomida Cheran futbolimizga to‘la moslashib keta oldi. Odatda biror-bir legioner kelsa, uning moslashishi uchun vaqt talab etiladi. Yoki bo‘lmasa jamoadan-jamoaga ko‘chib o‘tsa ham unga ko‘nikib ketishi uchun sabr qilishga to‘g‘ri keladi. Yuqorida aytganimizdek, o‘tgan yili “Paxtakor”da faqat 3 ta gol urgan bo‘lsa, bu yilgi mavsumning birinchi davrasi tugamay turiboq 13 ta golning sohibiga aylandi. Shuning uchun u moslashish jarayonini o‘tab bo‘ldi. O‘z navbatida hujumchi bu masala bo‘yicha ham chiroyli tarzda javob qaytardi:
- Bularning bari insonga bog‘liq. Biz serblar vaziyatga osonlikcha moslashamiz. Shuning evaziga serbiyalik futbolchilar qaysi birinchilikda o‘ynashmasin, darhol o‘zlarini ko‘rsatishga tushishadi. Qolaversa, serb futbolchilari tezkorligi bilan ajralib turishadi. Buning ustiga oilam ham bu yerga moslashib ketgan.
Shuningdek, Cheran O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlarini yuqori baholagan. Qolaversa, bungacha o‘zi o‘ynagan barcha sobiq klublarini kuzatib borishini hamda Zlatan Ibragimovichning o‘yinlarini yoqtirishini ham alohida aytib o‘tdi. 32 yoshli hujumchi o‘ziga bildirilgan ishonchlarni oqlashda davom etar ekan, bu ketishda undan yana ko‘plab gollar ko‘rishimiz tayin.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi