3 668
«Hayot guruhi»dagi O‘zbekiston va futbol birlashtirgan koreyslar – JCh-2022 saralashi intrigalari
O‘zbekiston milliy jamoasi 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati 2-saralash bosqichidagi raqiblarini bilib oldi. Kuper jamoasi Saudiya Arabistoni, Falastin, Yaman va Singapur bilan birga «D» guruhidan o‘rin oldi. So‘nggi yillarda FIFA reytingida pastlab ketgan O‘zbekiston qur’a oldidan o‘zining ahvolini og‘irlashtirgani bor gap, chunki 1-savatga tushmagan har qanday jamoa qiynalishi aniq.
O‘zbekiston qit’aning eng kuchli 8 jamoasi qatoriga kirmadi va 2-saralash bosqichidayoq Saudiya Arabistoni kabi kuchli jamoaga duch keldi. Mantiqan olib qaralganda, aslida biz 1-savatchada bo‘lib, boshqalar O‘zbekistonga tushishdan xavotirlanishi kerak edi, ammo futbolimizda inqiroz kuzatilayotgani, bu esa milliy jamoa reytingiga bevosita ta’sir qilganini tan olish kerak. Muxlislar qulay guruhga tushganimizdan xursand bo‘lishmoqda. Xo‘sh, O‘zbekiston chindan ham «hayot guruhi»dami?
Avvalo taqvim haqida ikki og‘iz. Demak, JCh-2022 Osiyo saralashining 2-bosqichida 40 ta jamoa 8 ta guruhga bo‘lingan holda qatnashadi. Guruh g‘oliblari to‘g‘ridan-to‘g‘ri 3-saralash bosqichiga yo‘l olishadi. 2-o‘rindagi 8 ta terma jamoaning ko‘rsatkichi eng yaxshi bo‘lgan to‘rttasi hal qiluvchi saralashga yo‘l oladi. 12 jamoa ikki guruhga bo‘lingan holda 3-saralash bosqichini boshlaydi. 6 jamoadan iborat bo‘lgan ikkita guruhda dastlabki ikki o‘rinni qo‘lga kiritgan 4 jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Guruhlardagi 3-o‘rin sohiblari esa o‘zaro ikkita o‘yin o‘tkazishadi. G‘olib jamoa xalqaro pley-off orqali Qatar Mundialiga yo‘llanma olish huquqini saqlab qoladi.
Ko‘rib turganingizdek faqat guruh g‘oliblarigina o‘zlarini erkin his qilishlari mumkin, aks holda ahvol jiddiylashib ketadi. Guruh g‘olibi bo‘lish uchun asosiy da’vogar esa shubhasiz, Saudiya. Saudiya Osiyo Kubogida muvaffaqiyatsiz qatnashgan bo‘lishiga qaramay, ayni damda O‘zbekistondan kuchliroq. Bu terma jamoa muntazam ravishda jahon chempionatlarida qatnashib keladi, jumladan 2018 yilgi Rossiyadagi mundialda ham. Bu ikki jamoaning oxirgi o‘zaro o‘yinidan so‘ng saudiyaliklar faqat oldinga siljishdi, o‘zbek futboli esa orqaga ketdi, buni mard bo‘lib tan olish kerak.
Avvaliga milliy jamoa tajriba maydoniga aylanib qoldi, keyin Kuperning moslashishini kutdik, bu orada mamlakat futbolidagi o‘ta samarasiz o‘zgarishlar bosh jamoa reytingiga ham salbiy ta’sir qildi. Bugungi kunda esa milliy jamoaning holatini ancha yaxshi deyish mumkin, chunki Kuper nihoyat futbolimiz bilan tanishdi, milliy jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsata boshladi. Futbol rahbariyati ham o‘zgardi, endilikda futbolni kimsan Ravshan Ermatovning shaxsan o‘zi boshqaradi va kimsan DXX raisining shaxsan o‘zi barchasini nazorat qiladi.
Demak, guruhlar haqida gaplashsak. Guruh favoriti albatta 1-savatchadan tushgan jamoalar bo‘lishi aniq edi. Chunki ular FIFA reytingida osiyoliklar orasida yetakchilik qilayotgan jamoalar. Biz guruh favoriti deb e’tirof etayotgan Saudiyada oxirgi yillarda juda ko‘p murabbiy o‘zgardi. Qizig‘i, Saudiyadan ketgan murabbiylarning ketishi uchun aytarli sabab ham yo‘q. Masalan, Bert van Marveyk Saudiya Arabistonini 2018 yilgi jahon chempionatiga olib chiqqaniga qaramay, iste’foga chiqarilgandi.
Jamoani ayni damda Marokash jamoasining sobiq ustozi fransiyalik Erve Renar boshqarmoqda. Boshqarmoqda deyish ham qiyin, u 10 iyul kuni jamoani qabul qilib oldi va hali yig‘in ham o‘tkazgani yo‘q.
Saudiya JCh-2018’ga juda noto‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rdi. Mamlakat futbol ittifoqi La Liga bilan kelishib, bir necha futbolchisini Ispaniya klublariga yubordi. Ularning ispan klublarida shug‘ullanishi uchun katta pul sarfladi, lekin futbolchilar rasmiy o‘yinlarda maydonga tushishmadi. O‘yin amaliyoti yo‘qligi esa maydonda yaqqol sezildi. Shunday bo‘lsa-da, Saudiyada futbol yana oldingi mavqeyini tiklamoqda deyish mumkin. Fahad al-Muvallad kabi texnikasi kuchli futbolchilar ko‘payib qoldi.
Guruhdagi qolgan jamoalar O‘zbekistonga qarshilik qila olmaydi deyish ham to‘g‘ri emas. Yamanni oxirgi marta Toshkentda qanday qiynalib mag‘lub etganimizni unutmang. Falastin ham Chili chempionatida o‘ynovchi futbolchilari bilan (falastinlik ko‘plab oilalar Chiliga ko‘chib ketgani uchun Janubiy Amerikaning bu davlatida tug‘ilgan ko‘plab falastinlik futbolchilar tarixiy vatani sharafini himoya qilishadi) yaxshi jamoaga aylanganini Osiyo Kubogida ko‘rdik.
Raqibga hurmatni saqlagan holda to‘g‘risini aytish kerak, guruhdagi faqat Singapurga qarshi o‘yinlarni oson o‘tadi, deyish mumkin. Chunki bu jamoa hech qachon O‘zbekistonga qarshilik qila olmagan. O‘zbekiston milliy jamoasi Singapurga oxirgi marta borganida 7:3 hisobida g‘alaba qozonganini eslasangiz kerak.
Kuperning eng muhim vazifasi nima?
Odatda 2-bosqich biz uchun qiyin o‘tmagan, ayniqsa oxirgi yillarda. Oldin 2-bosqichda guruhdan ikkita jamoa chiqardi. Endi esa faqat guruh g‘oliblari hal qiluvchi bosqichga yo‘l olishadi. 2-o‘rindagi jamoalardan faqat 4tasi 3-bosqichga o‘tishi 2-o‘rin xavfsiz emasligini anglatadi.
Kuper bir yil davomida o‘zbek futbolini yetarlicha o‘rgandi va o‘zining jamoasini tuzishga erishdi. Endi bu jamoa yanada shakllangan holda yangi bosqichga ko‘tarilishi kerak. Guruhda faqat Saudiyaning Osiyo top-jamoalaridan ekani esa bu uchun ayni muddao. To‘g‘ri, barcha jamoaning kuchiga to‘g‘ri baho berish kerak, ammo ba’zan kuchli jamoa o‘z kuchini to‘g‘ri his qilgan holda o‘ynashi ham zarar qilmaydi.
Xullas, Kuper saralashning bu bosqichida eksperimentlar qilishni to‘xtatib chinakam kuchli jamoani muxlislarga ko‘rsatishi kerak. 3-saralash bosqichiga Saudiyani ortda qoldirib yo‘llanma olsa, O‘zbekiston chinakamiga Osiyo grandlari qatoriga qaytishi mumkin.
Xitoy va Suriya yetakchilik uchun kurashadi
«A» guruhida Xitoy va Suriya yetakchilik uchun kurash olib boradi. Guruhda 1-savatchadan qo‘shilgan jamoa Xitoy bo‘lsa-da, Lippi (darvoqe Lippi yana Xitoy bosh jamoasiga qaytdi) jamoasini yaqqol favorit deb bo‘lmaydi. Chunki Suriya ham jiddiy jamoa. Suriyaliklar Osiyo Kubogida muvaffaqiyatsiz qatnashdi, buning ustiga oxirgi o‘rtoqlik o‘yinlarida juda yomon o‘ynadi (Eronga 0:5, O‘zbekistonga 0:2 hisobida yengildi). Bundan tashqari kichik xalqaro musobaqada Hindiston bilan durang o‘ynagan suriyaliklar Tojikistonga imkoniyatni boy berishdi.
Umar as-Soma va Umar Harbin negadir milliy jamoaga chaqirilmay qo‘yishdi, balki shu sabab Suriya kuchsizlanib qolgandir. Ammo O‘zbekistonga kelgan suriyaliklar murabbiyi jamoa har qanday futbolchidan baland turishini aytgandi. Bu esa futbolchilar bejizga «muddatsiz ta’til»ga yuborilmaganini ko‘rsatadi. Bu futbolchilar Suriya bosh jamoasiga qaytishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Suriya yetakchilikka da’vo qiladi deb bu jamoaning kuchidan kelib chiqib aytmayapmiz, shunchaki Xitoy ham hozir yaxshi holatda emas. Shu bois imkoniyatlar teng deyish mumkin. Filippin, Maldiv va Guam bu ikki yetakchiga qarshilik ko‘rsatishini kutish qiyin.
Darvoqe, bu bosqich Osiyo Kubogiga ham saralash vazifasini o‘tagani uchun Xitoy qit’a chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritsa, yo‘llanma boshqa jamoalar orasida taqsimlanadi. Chunki Xitoy 2023 yilgi Osiyo Kubogiga mezbon sifatida qatnashadi. Shu bois Xitoy yo‘llanmani qo‘lga kiritgan yo‘llanma boshqa guruhlardagi 2-o‘rindagi jamoalar orasida taqsimlanadi (ya’ni eng yaxshi 2-o‘rindagilar orasida).
Avstraliya va Iordaniya yana «bir-birini topib oldi», Kuvayt katta sahnaga qaytdi
«V» guruhida Iordaniya va Avstraliya yana o‘zaro to‘qnash keladigan bo‘ldi. Bu jamoalar so‘nggi yillarda ko‘p marta to‘qnash kelib, prinsipial raqibga aylanib ulgurishdi. Bu jamoalar endi 3-bosqich yo‘llanmasi uchun ham kurash olib borishadi. Guruhdagi yana bir qiziqarli jamoa Kuvayt. Bir necha yil oldin hukumat organlari futbolga aralashuvi sabab xalqaro o‘yinlardan diskvalifikatsiya qilingan Kuvayt yana katta futbolga qaytdi. Saralash oldidan Kuvaytning qanday holatda ekani ma’lum emas va bu boshqa jamoalarga muammo tug‘dirishi aniq.
Qur’a Eron va Iroqni ayirgisi kelmadi...
Osiyo Kubogida bir guruhdan o‘rin olgan Eron va Iroq JCh-2022 saralashining 2-bosqichida ham «uchrashadigan bo‘lishdi». Bu ikki qo‘shni juda ko‘p marta rasmiy o‘yinlarda to‘qnash kelgan. Ularning bir guruhdan o‘rin olgani Osiyo futboli muxlislarini «S» guruhida kamida ikkita super o‘yin kutib turganini anglatadi. Bu guruhdagi Bahrayn qo‘shnilarga jiddiy qarshilik qilishi tayin.
Qatar ham saralashda qatnashadi
Osiyoning amaldagi chempioni va shubhasi tengsiz jamoasi Qatar ham JCh-2022 saralashining 2-bosqichida («Ye» guruhida) qatnashadi. Chunki bu bosqich Osiyo Kubogi-2023 uchun ham saralash vazifasini o‘taydi. Qatar guruhda g‘olib bo‘lsa (bunga hech kim shubha qilmasa kerak), tartib biroz o‘zgaradi. Ya’ni, 8ta guruh g‘olibi hamda 4ta 2-o‘rin sohibi emas, 7ta g‘olib va 5ta 2-o‘rin sohibi keyingi bosqichga yo‘l oladi. Shu bois, Qatar guruh g‘olibi bo‘lishini barcha 2-o‘rinni olganlar xohlasa kerak.
Qatarning guruhidagi Ummon Osiyo chempionlariga jiddiy qarshilik qilishi mumkin. Ummon Osiyo Kubogida mazmunli o‘yin ko‘rsatgandi. Kurashuvchanligi bilan yodda qolgan ummonliklar guruhdan maksimal darajada ko‘p ochko bilan chiqishga harakat qilishi kerak, chunki Qatar guruh g‘olibi bo‘lsa, 3-bosqich yo‘llanmasini 2-o‘rindagi guruhdoshiga «meros qilib ketmaydi», aksincha yo‘llanma barcha 2-o‘rinlar orasida teng taqsimlanadi.
O‘rta Osiyo yomg‘iri Yaponiyaniki
«F» guruhida Yaponiya yaqqol favorit. Bu guruhdan O‘rta Osiyoning ikki terma jamoasi ham o‘rin olgan. Tojikiston va Qirg‘iziston ikkinchi o‘rin uchun kurashishlarini taxmin qilish qiyin emas. Myanmar va Kombodja esa bu bosqichda faqat tajriba orttirish uchun chiqishgan desak, bu jamoalarning muxlislari xafa bo‘lishmas...
BAAning umri parvozlarda o‘tadi
«G» guruhiga janubiy-sharqiy Osiyoning birato‘la 4 ta jamoasi tushib qoldi. Indoneziya, Malayziya, Tailand va Vetnamga 1-savatchadan BAA qo‘shildi. Guruh favoriti BAA deyishga shoshmaslik kerak. Chunki Vetnam futboli so‘nggi yillarda Osiyo miqyosida eng tez o‘sayotgani hisoblanadi. Tailand ham o‘tgan safar JCh saralashining hal qiluvchi bosqichiga yetib borgandi. BAAning barcha raqiblari janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari vakillari ekanini inobatga olsak, amirliklar futbolchilarining juda ko‘p vaqti parvozlarda o‘tadi. BAA safardagi o‘yinlarda o‘rtacha 16 soat uchishini inobatga olsak (borish va kelish uchun), bu jamoa futbolchilarining 64 soat atrofida vaqti samolyotda o‘tadi.
Ikkita Koreya «N» guruhida birlashadi
«N» guruhida Janubiy Koreya ortiqcha qiyinchilikka duch kelmasa kerak. Guruhda Son Xyon Min jamoadoshlaridan tashqari Shimoliy Koreya, Turkmaniston va Shri-Lanka ham bor. Guruhning asosiy intrigasi ikkinchi o‘rin uchun kechadi. Livan, Turkmaniston va Shimoliy Koreya 2-o‘rin uchun kurash olib boradi. Guruhdagi yana bir intriga bu ikki Koreya bilan bog‘liq. Janubiy va Shimoliy Koreya o‘zaro o‘yinlarni o‘z maydonlarida o‘tkazarmikin? Yoki har ikki o‘yin ham neytral maydonda (masalan Xitoyda) o‘tadimi? Bu jamoalar saralashning bir guruhidan o‘rin olgani ikki mamlakat o‘rtasida yaqinlashuvga ham xizmat qilishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, bu sportning g‘alabasi bo‘lardi. Ko‘rdingizmi, JCh-2022 saralashi muxlislarga qanchadan-qancha intrigalarni taqdim etdi...
O‘tkir Jalolxonov
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi