Barchaga ma’lumki, 5 sentyabr kuni qit’amizda jahon chempionatining ikkinchi saralash bosqichi raundi start oladi. Shu munosabat bilan hozirda barcha terma jamoalar qizg‘in tayyorgarlik jarayoniga kirishishgan. Aytish mumkinki, jahon chempionati biz uchun azaliy orzuga aylangan va uni ro‘yobga chiqarish uchun jiddiy qadam tashlanayotgani barchaga ma’lum. Shunday ekan, ushbu orzuimizni amalga oshirish uchun taklif qilingan Ektor Kuper uchun ham zimmasidagi asosiy vazifani bajarishdek muhim palla boshlanmoqda. Chunki argentinalik mutaxassisning oldiga asosan O‘zbekistonni 2022 yili Qatarda o‘tadigan mundialga olib chiqish vazifasi yuklatilgan. Shu sababli Kuper 5 sentyabr kuni asosiy maqsadi yo‘lidagi ilk qadamni qo‘yadi. Shu kuni vakillarimiz Al Ram shahrida Falastin terma jamoasi bilan o‘ynaydi.
Bugun, erta va indinga Superliganing 18-tur bellashuvlari o‘tkaziladi. Shundan keyin barcha e’tiborimiz o‘z-o‘zidan milliy terma jamoamizga qaratilishi shubhasiz. Ertaga esa Ektor Kuper ishtirokida jahon chempionati saralash bahslari oldidan matbuot anjumani tashkil etilishi haqida xabaringiz bo‘lsa kerak. O‘tgan haftada esa bosh murabbiy Falastinga qarshi o‘yin uchun chaqirilgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, murabbiyning ro‘yxatidan 24 nafar o‘yinchi o‘rin olgan.
Avvalo darvozabonlardan boshlaydigan bo‘lsak, Kuper uch nafar posbon – Sanjar Quvvatov, Eldor Suyunov hamda Botirali Ergashevni taklif qildi. E’tiborlisi, «Paxtakor»ning ikkala darvozaboni ham Kuperning nazariga tushgan. Shu bilan birga «Dinamo» darvozaboni Ergashevning ham yig‘inga chaqirilgani uning uchun o‘ziga xos motivatsiya bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda aytish joizki, bungacha terma jamoa yig‘inlarida muntazam ishtirok etib kelgan «Lokomotiv» darvozaboni Javohir Ilyosov bu safar tarkibdan chetda qoldi. Buning sababi esa bizga qorong‘u. Kuper esa posbonlarni tanlashda darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov bilan maslahatlashishi ham tabiiy.
Mudofaa chizig‘i uchun esa 8 nafar himoyachilar jalb etildi. Bugungi kunda o‘zidan yaxshi taassurot qoldirayotgan futbolchilar – Yegor Krimets, Farruh Sayfiyev, Hojiakbar Alijonov (uchalasi – «Paxtakor»), Anzur Ismoilov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Oleg Zoteyev va Davron Hoshimov (barchasi – «Lokomotiv»), shuningdek, Yaponiyada to‘p surayotgan Doston Tursunov ham yana Kuperning ro‘yxatidan joy oldi. O‘ylaymizki, himoya chizig‘i masalasida ham bosh murabbiyda ortiqcha muammolar bo‘lmasa kerak. Masalan, Krimets, Ismoilov, To‘xtaxo‘jayev va Tursunov markaziy himoyada asosiy ustunlarimiz bo‘la olishadi. Qanotlarda esa chindan ham hozirgi paytda Zoteyev, Hoshimov, Alijonov hamda Sayfiyev eng yaxshilari desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Shu bois bemalol ayta olamizki, Kuper bu pozitsiyaga o‘zi istagan futbolchilarni jalb eta oldi.
Bizning eng kuchli chizig‘imiz hisoblangan yarim himoyada doimgidek katta raqobat vujudga kelgan. Bundan tashqari, boshqa chiziqlarga qaraganda, aynan yarim himoyaga ko‘proq nomzodlar chaqirilgan. Ya’ni, 10 nafar futbolchi kuchli raqobatni hosil qilishgan. Kutilganidek, Odil Ahmedov o‘z jamoasida faol o‘yinlari bilan bizni xursand qilmoqda va xuddi shu fikrni «Seul» a’zosi Ikrom Aliboyevga nisbatan ham aytishimiz mumkin.
Shu bilan birga Kuper ilk bor Malayziya chempionatida to‘p surayotgan hamyurtimiz Sanjar Shoahmedovni ham sinab ko‘rishga qaror qildi. Yodingizda bo‘lsa, yaqinda Shoahmedov haqida maqola yozgandik va unda futbolchi Ektor Kuper Malayziya chempionatini kuzatib borishiga ishonayotgani haqida alohida gapirgandi. Chindan ham uning bu fikrlari haqiqatga aylandi va argentinalik mutaxassis oxirgi paytlarda Malayziyada o‘zini ko‘rsatib, asosan chiroyli gollar muallifi bo‘layotgan Sanjarni ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, sinovdan o‘tkazishga qaror qildi.
Yarim himoya chizig‘imizdagi qolgan nomzodlar esa asosan o‘zimizning chempionat ishtirokchilaridir. Bu borada gap ketganda «Paxtakor»dagi trio - Odil Hamrobekov, Doston Hamdamov va Jaloliddin Masharipov allaqachon bosh murabbiyning ishonchini qozonishgan va ular murabbiyning asosiy rejalariga kirishi ham oydek rashvan. Shuningdek, jarohatidan qutulib yana avvalgi formasiga qayta olgan «Nasaf» vakili Aziz G‘aniyev ham o‘yinlari bilan Kuperning e’tiborini qozonayotgani ko‘rinib turibdi.
Qolaversa, «Lokomotiv» vakili Oston O‘runovning ham taklif etilishi kutilgan holat edi. Shu bilan birga oxirgi yig‘inga jalb etilgan Quvondiq Ro‘ziyev bilan Doston Ibragimovlarda ham qandaydir xususiyat borligini Kuper ko‘rgan shekilli, ularni yana yig‘inga jalb etishga qaror qildi. Chunki ushbu debyutant futbolchilar haqida bosh murabbiy ijobiy fikrlar bildirgani yodimizda.
Hujumda esa so‘zsiz Eldor Shomurodov asosiy figuraga aylanadi. «Rostov»da o‘zining yorqin mavsumini o‘tkazayotgan hamyurtimiz 5 ta gol bilan to‘purarlar orasida ikkinchi o‘rinda va u yevropalik skautlarning kuzatuvida ekanligini ham aytish joiz. Kuperga esa bunday o‘yinchi suv va havodek zarur. Shuningdek, «Paxtakor»dagi kuchli raqobatga qaramay, gollar urishni davom ettirayotgan Igor Sergeyev ham asta-sekin Kuperning ishonchiga kirib borayotgani quvonarli. Ko‘plab tanqidlar ostida qolib ketgan Sergeyev ruhiy qiyinchiliklarni yengib o‘tgan holda oldingidan-da kuchli hujumchiga aylanib borayotgani biz uchun faqat plyus. Buni esa Kuper ham yaxshi tushunib turibdi. Shuningdek, «Lokomotiv»dagi Temurxo‘ja Abduholiqov ham bosh murabbiyning e’tiboriga tushgani ko‘rinib turibdi.
Umuman olganda, eng ko‘p o‘yinchi «Paxtakor»dan chaqirilgan. Bu borada gap ketganda, «Sherlar»ning 9 nafar futbolchisi terma jamoa tarkibidan joy olgan. «Lokomotiv»dan esa 6 ta o‘yinchi ro‘yxatga kiritilgan. «Dinamo», «Nasaf», «Qizilqum» va «Qo‘qon-1912»dan esa bittadan vakillar bor. Qolgan besh nafarini esa legionerlarimiz tashkil etadi. Ammo shuni ham aytish kerakki, bu hali bizning to‘liq, optimal tarkibimiz emas. Yaxshi bilsangiz kerak, BAAning «Sharja» klubida chempionga aylangan Otabek Shukurov jarohatidan endi forig‘ bo‘ldi va u hali terma jamoada o‘ynashga tayyor emas.
«Paxtakor» a’zosi Javohir Sidiqov esa jarohat olgan. Yaqinda «Qatar SK»ga ko‘chib o‘tgan Sardor Rashidovni bu safar ham yig‘inga chaqirishni lozim topmadi. Shuningdek, «Rubin» vakili Vitaliy Denisovni ham yana bir bor yig‘inga taklif qilib, uning imkoniyatlarini ko‘rib olsa yaxshi bo‘lardi, degan fikrlarni ham eshityapmiz. Lekin ko‘rinib turibdiki, hozirgi paytda Kuperga ixtiyoridagi mavjud o‘yinchilarning harakatlari ma’qul kelmoqda. Shu sababli, balki hozircha Denisovga ehtiyoj sezmayotgandir. Shu fikrni Janubiy Koreyada faoliyat olib borayotgan himoyachimiz Rustam Ashurmatovga nisbatan ham ishlatishimiz mumkindir.
Bu yoqda esa birinchi raqamli darvozabonimiz hisoblangan Ignatiy Nesterov asta-sekin «Lokomotiv» mashg‘ulotlariga qo‘shilmoqda va unga hali o‘zini tiklab olish uchun vaqt kerak. Nima bo‘lgan taqdirda ham bosh murabbiyning ishiga aralashmaymiz, shunday ekan, u tarkibga kimni va nima uchun chaqirishni faqat o‘zi biladi. Boisi natijaga bosh murabbiy javob beradi. Hozircha 24 nafar futbolchini chaqirdi. Ammo 18 nafar o‘yinchi yakuniy ro‘yxatga kiritilishini inobatga olsak, demak tarkibdan yana ayrim futbolchilar tushib qolishi aniq. Biz esa Falastindan g‘alaba bilan qaytishimiz shart. Terma jamoamiz a’zolari esa hozir juda muhim palla boshlanayotganini juda yaxshi tushunib turishibdi deb o‘ylaymiz. Demak, voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin