23:13 / 03.09.2019
2 231

Davron Hoshimov: Kuper xotirjamlikka berilmasligimizni tayinlayapti

Davron Hoshimov: Kuper xotirjamlikka berilmasligimizni tayinlayapti
5 sentyabr kuni terma jamoamiz JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichining dastlabki turida safarda Falastinga qarshi maydonga tushadi. Ayni paytda esa vakillarimiz mazkur bellashuv uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Terma jamoamizning himoya chizig‘ida o‘zining mustahkam o‘yinlari bilan murabbiylarning ishonchini qozonib kelayotgan Davron Hoshimov ham saralash bahslari davomida bosh murabbiyning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Shu bois kuni kecha ushbu o‘yinchidan bo‘lajak bahs oldidan bir qator savollarga javob oldik.

- Terma jamoamizdagi muhit va kayfiyat qanday? Tayyorgarliklar qay tarzda olib borilmoqda?
- Avvalambor, xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Endi yig‘inga to‘xtaladigan bo‘lsam, biz 28 avgustdan boshlab mashg‘ulotlarga kirishganmiz. Bungacha Eldor Shomurodov bilan Ikrom Aliboyevdan tashqari hamma yig‘inga qo‘shilgandi. Ular esa o‘z chempionatlaridagi o‘yinlarini o‘tkazgach, terma jamoaga yetib kelishdi. Bizda ichki muhit juda yaxshi. Yaqinda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati bilan ham uchrashdik. Ulardan kerakli maslahatlarni oldik va bizni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlashdi.

Ular ham siz bergan savollarni berishdi, ichki muhit haqida so‘rashdi. Ko‘z tegmasin, bizda hammasi a’lo darajada. 28 avgust kuni to‘plangan bo‘lsak, hammamiz bir joyga yig‘ilganmiz, bor e’tiborimiz o‘yinga qaratilgan. Hamma futbolchining bir joyda bo‘lishi jamoani yanada mustahkamlaydi va bir-birimizni yanada yaxshi tushunishimizga xizmat qiladi. To‘g‘risi, o‘yin uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapiz. Falastindagi o‘yin sun’iy qoplamali maydonda bo‘lib o‘tishini inobatga olgan holda biz ham Chig‘atoydagi sun’iy maydonda mashg‘ulotlarni o‘tkazdik.

- To‘g‘ri, Falastinning asosiy o‘yin o‘tkazadigan stadioni sun’iy maydon hisoblanadi. O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, bunday jarayonga moslashish uchun sizlar ham mana shunday maydonda shug‘ullanyapsizlar. Ayting-chi, sun’iy qoplamali maydonda o‘ynash sizlarga qaysi tomonlama noqulaylik tug‘dirishi mumkin?
- Yig‘inga kirishganimizdan beri Ektor Kuper bizga hamma narsani tushuntirib boryapti. Ya’ni, biz barchasiga ko‘nikishimiz kerak, yomg‘irmi, qormi, sovuqmi yo issiqmi, bizga yoqmasa ham bu holatga moslashishimiz lozim deb tinmasdan uqtirib bormoqda. Shu sababli 28 avgustdan buyon atayin sun’iy maydonda mashg‘ulot o‘tkazib kelyapmiz. Boshida Kuper bizdan kim sun’iy maydonda o‘ynamagan deb so‘radi.

Lekin biz bunday maydonlarda ham futbol o‘ynaganimiz uchun hammamiz Kuperning savoliga o‘ynaganmiz deb javob berdik. Shuning uchun umid qilamanki, Falastinda maydon bilan bog‘liq unchalik qiyinchilik bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Bir so‘z bilan aytganda, har taraflama moslashishimiz darkor. Bosh murabbiy hech qanday bahona qilish bizga yarashmasligini, qanday maydonda o‘ynashimizdan qat’iy nazar faqat g‘alaba bilan qaytib kelishimizni tayinlayapti.

- Har doim musobaqaning birinchi o‘yini juda muhim hisoblanadi. Ayniqsa, g‘alaba bilan boshlab olish katta ahamiyatga ega. To‘g‘ri, raqib bizning saviyamiz bilan tenglasha olmaydi. Lekin har qanday holatda ham raqibga hurmat bilan yondashish lozim. Shunday ekan, bo‘lajak raqibni o‘rganish qanday davom etyapti va Falastin haqida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- To‘g‘ri aytyapsiz, birinchi uchrashuvni g‘alaba bilan boshlab olishimiz muhim. Shu bilan birga doimo ilk o‘yin qiyin bo‘lishini ham bilamiz. Odatda dastlabki bellashuv go‘yoki olti ochkolik o‘yin maqomiga teng bo‘ladi. Boz ustiga biz mehmonda ularning muxlislari qarshisida o‘ynaymiz. Baribir biz bu bellashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Murabbiylarimiz ham hech qachon raqibdan kuchlimiz deya, bo‘shashib qolmaslikni va raqiblarni hurmat qilishimizni tayinlashyapti. Kuchli bo‘lsang, maydonga chiqib buni isbotla va g‘alaba qozon, degan gaplarni bizga uqtirishyapti. Falastin ham yaxshi raqib. Hozirda kuchsiz raqiblarning o‘zi qolmayapti. Shunday ekan, har qanday jamoa ham ochko olish ilinjida bo‘ladi. Lekin biz bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bizning maqsadlarimiz yuqori darajada. Biz futbolchilar u yerga nima maqsadda borib o‘ynashimizni juda yaxshi tushunib turibmiz.

- Bungacha oxirgi bor terma jamoamiz yozda yig‘in o‘tkazgandi. O‘shanda Kuper tayyorgarlikdan ko‘nglim to‘ldi degandi. Endi esa hal qiluvchi bosqich boshlanmoqda. Ayting-chi, hozirgi paytga kelib bosh murabbiy boshchiligida qanday uslub va taktika asosida shug‘ullanyapsizlar?
- Murabbiylarimiz ikkita reja asosida ishlashyapti. Aniqrog‘i, «A» va «V» rejalari asosidagi taktikalar ustida ish olib boryapmiz. Hammasini 5 sentyabr kuni bo‘ladigan o‘yinda ko‘rasizlar. Lekin oldindan hammasini oshkor qilmoqchi emasman. Muhimi, o‘sha kuni hujumkor futbol ko‘rsatamiz. Kuper ham mashg‘ulotlardan qoniqyapti va qayerda qanday kamchiligimiz borligini bilgan holda ularni ham bartaraf etish ustida ishlayapmiz. Xohlaymizmi-yo‘qmi, Falastinga qarshi birinchi raqamli jamoa bo‘lib maydonga chiqamiz.

- «Lokomotiv»da Samvel Babayan boshchiligida boshqacha o‘yin uslubida o‘ynayapsizlar. Terma jamoada esa Kuper qo‘l ostida undan farq qiladigan taktik sxema bo‘yicha ishlayapsizlar. Bunday jarayonga ko‘nikish qiyin kechmayaptimi?
- Kuper bilan anchadan beri ishlayapmiz. Shu sababli uni bizdan nimani talab qilayotganini bilamiz. Doim bizga klubga borganda murabbiylaringizning ko‘rsatmalariga amal qilinglar, terma jamoada esa bizning aytganlarimizni bajarasizlar deb uqtirib kelishadi. Masalan, terma jamoaga yangi kelgan Sharof Muhitdinov bilan Aziz G‘aniyevga ham shu haqida tushuntirish berishdi. Shuning uchun terma jamoada shubhasiz murabbiylarning ko‘rsatmalari asosida o‘ynaymiz. Doim qaysi murabbiy bilan ishlamaylik, uning uslubini bajaramiz. Professional futbolchi har qanday murabbiy bilan ishlab keta olishi kerak.

- Umuman aytganda, guruhimiz haqidagi fikringizni bilmoqchiman.
- Guruhimizni yomon deb o‘ylamayman. Raqiblarimizni futboli endi rivojlanayotgan mamlakatlar deb hisoblayman. Bunday jamoalarga qarshi o‘yinlar esa aksincha og‘ir bo‘lishi mumkin. Rivojlanishni istayotgan jamoalar ko‘proq o‘zlarini ko‘rsatgisi keladi. Bu bosqichda bizga oson bo‘ladi deb o‘ylamayman. Kuper ham bizni aslo xotirjamlikka berilmasligimizni aytib o‘tyapti.

- Oldindan bashorat qilish to‘g‘ri emas-ku, lekin Falastin bilan uchrashuvda ko‘proq qanday hisob qayd etilishi mumkin deb o‘ylaysiz?
- Kuper bizga yutishning siri yo‘q deb aytyapti. G‘alaba uchun ko‘proq mehnat qilish kerak va shunda omad ham siz tomonda bo‘ladi. Maydonga tushganda borimizni beramiz. Asosiy hujumchimiz Eldor Shomurodov esa hozir ajoyib formada. Umid qilamizki, uning ham jamoamizga katta yordami tegadi. Bu birinchi o‘yin bo‘lgani uchun ahamiyati katta. Muhimi, uch ochkoni qo‘lga kiritib ortga qaytamiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Davron Hoshimov: Kuper xotirjamlikka berilmasligimizni tayinlayapti