«Real» yangi yilda ketma-ket ikkinchi marta yutqazdi

"Atletiko" jamoasi "Real"ga noqulay raqibga aylanganini yana bir marta isotladi. Ispaniya kubogining nimchorak finalida to‘qnash kelib qolgan ushbu jamoalari o‘rtasidagi dastlabki o‘yin "Visente Kalderon" stadionida bo‘lib o‘tdi. Diego Simeone shogirdlari o‘z oldilariga qo‘yilgan strategiyani to‘la-to‘kis bajarishdi va ilk o‘yinda ishonchli hisobda g‘alaba qozonishdi.
Anchelotti Ronalduni zaxirada qoldirdi. O‘yin boshida mehmonlar "standart"dan hisobni ochishgandi. Biroq to‘p uzatilayotgan paytda Beyl ofsaydda bo‘lgani bois, u bekor qilindi. Oldindan aytish lozim, to‘p burchakdan etkazilganidan keyin Ramos bosh bilan bergan zarbasini (darvozabon qaytardi) inobatga olmaganda, "matraschilar" standart vaziyatlarda juda yaxshi himoyalanishdi.
"Atletiko" ikkinchi bo‘limda hujumga ko‘proq bordi. Ramos jarima maydonchasi ichida Raul Garsiyani sharq yakkakurashlari uslubida kuragini erga tekkazdi. Buning uchun o‘z darvozasiga halol penalti olib keldi. Jabrlanuvchining o‘zi aniq zarba bilan hisobni ochdi. O‘yin tugashiga 15 daqiqa qolganida mezbonlar o‘zlarining xavfli quroli — burchak to‘pidan unumli foydalanishdi: Xose Mariya Ximenes bosh bilan darvozani ishg‘ol qildi.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, yarim soat o‘ynagan Ronaldu ham "Real"ga yordam bera olmadi. "Atletiko" raqib futbolchilariga hech qanday imkoniyat bermadi. "Qirollik klubi" 2014 yildagi ketma-ket 22ta g‘alabadan keyin 2015 yilda ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatini rasmiylashtirdi.
Javob o‘yini bir haftadan keyin "Santyago Bernabeu"da bo‘lib o‘tadi. "Real" keyingi bosqichga chiqishi uchun 3ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etiladi. Eslatib o‘tamiz, ushbu juftli g‘olibi "Barselona" - "Elche" juftligi g‘olibiga qarshi chorak finalda to‘qnash keladi.
Ispaniya kubogi, 1/8 final, dastlabki o‘yin
"ATLETIKO" - "REAL" - 2:0
Gollar: 1:0 – 58, penalti Garsiya, 2:0 – 76 Ximenes.
Atletiko – Oblak, Lyuka, Ximenes, Godin, Games, Saul (Turan, 68), Suares, Gabi, Garsiya, Grizmann (Manjukich, 75), Torres (Koke, 59).
Real Madrid – Navas, Arbeloa (Karvaxal, 83), Ramos, Varan, Marselo, Isko, Xames (Ronaldu, 63), Beyl, Xedira, Kroos, Benzema (Xese, 75).
Ogohlantirishlar: Marselo (27), Xedira (31), Ramos (57), Games (61), Grizmann (65), Gabi (73), Garsiya (75), Godin (87), Karvaxal (89).
Manba: www.stadion.uz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing