13:53 / 04.10.2019
2 968

Denis Ivankov: "Abramov O‘zbekistonni mundialga olib chiqa oladi"

Denis Ivankov: "Abramov O‘zbekistonni mundialga olib chiqa oladi"
O‘zbekiston milliy terma jamoasining darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov Ektor Kuperning iste’fosi hamda Vadim Abramovning tayinlanuviga munosabat bildirdi. Shuningdek, darvozabonlar xususida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ma’lum tanaffusdan so‘ng milliy terma jamoamizda yana o‘zgarishlar kuzatildi. Hammaning xabari bor, endilikda «Bunyodkor»ga ustozlik qilayotgan Vadim Abramov parallel ravishda milliy terma jamoamizni ham boshqaradi. Undan oldin ishlagan Ektor Kuper va uning murabbiylar shtabi to‘laligicha iste’foga chiqarildi. Faqatgina Denis Ivankov bundan mustasno. O‘zimizning mutaxassis Kuperning shtabida darvozabonlar murabbiyi bo‘lib ishlab kelayotgandi. Aynan u terma jamoadagi faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi. Endi u Vadim Abramovning shtabida darvozabonlar murabbiyi bo‘lib ishlaydi.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Denis Aleksandrovich yurtimizda ko‘zga ko‘ringan mutaxassislardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, u o‘z sohasi bo‘yicha ishining ustasi desak mubolag‘a qilmaymiz. Ko‘pchilik aynan Ivankovni yurtimizdagi darvozabonlar murabbiylari orasida eng yaxshisi deb hisobalashadi. Shuning uchun ham Denis Aleksandrovich terma jamoamizning yangilangan murabbiylar shtabiga kiritildi. U yaqinda Italiyada xordiq chiqarib qaytdi. Biz esa Denis Aleksandrovich bilan aloqaga chiqdik. Boisi, Ektor Kuperning ketishi, Vadim Abramov hamda darvozabonlar haqidagi bir qator savollarimizga javob olishni maqsad qilgandik. Taklifimizga ijobiy rozilik bergach, o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Denis Aleksandrovich, terma jamoamizda bosh murabbiy ham o‘zgardi. Ektor Kuper ketdi va o‘rniga Vadim Abramov tayinlandi. Siz ushbu o‘zgarish haqida nima deya olasiz?
- Nima ham deyishim mumkin? Uni terma jamoaga ustoz etib tayinlashibdimi, demak ayni paytda Abramov O‘zbekistondagi eng yaxshi mutaxassis hisoblanadi. Men shunday o‘ylayman.

- Sizningcha, argentinalik sobiq murabbiyning taktikasi nima sababdan bizga mos tushmadi deb o‘ylaysiz?
- Ektor Kuper o‘yinni himoyaga tayangan holda tashkil etishni ma’qul ko‘radi. Bizda esa hujumkor futbolni tomosha qilishga o‘rganib qolishgan. Uning iste’fosiga aynan himoyaviy futbolga urg‘u berish asosiy sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman.

- Siz argentinalik mutaxassis bilan bir yil davomida birga ishladingiz. Xo‘sh, u qanday inson va murabbiy?
- O‘ta yuqori darajadagi murabbiy! Inson sifatida ham Kuper juda samimiy va eng asosiysi, adolatli! Aytishim mumkinki, bunday mutaxassisga faqat hurmat bilan munosabatda bo‘lishim mumkin.

- Kuper bilan birga terma jamoamizni uning butun murabbiylar shtabi ham tark etdi. Ammo siz qoldingiz. Ayting-chi, ular iste’foga chiqishayotganida terma jamoadagi o‘rningiz uchun qayg‘urdingizmi?
- Yo‘q, qayg‘urmadim.

- Vadim Abramov terma jamoaga jalb etilgan o‘yinchilar ro‘yxatini e’lon qilganida unda bir qator yangi nomlarga ham guvoh bo‘ldik. Ularning orasida yangi darvozabonlar ham yo‘q emasdi. Bu masalada bosh murabbiy siz bilan maslahatlashdimi?
- Nafaqat Abramov, balki shtabidagi boshqa biror-bir murabbiy men bilan bu mavzuda maslahatlashgani yo‘q.

- Ya’ni, termamiz ustozi «Bunyodkor»dan darvozabon Abdumavlon Abdujalilovni ham yig‘inlarga chorladi. Bu masalada yuzasidan qanday fikr bildirgan bo‘lardingiz?
- Hammasi murabbiyning xohishiga va qarashiga ko‘ra amalga oshdi. Axir Abramov nima qilish kerakligini o‘zi yaxshi biladi.

- Shunday deysiz-ku, lekin terma jamoamizning darvozabonlar ustozi sifatida sizning ham o‘z qarashlaringiz bor bo‘lsa kerak?
- Ha, mening ro‘yxatimda terma jamoamiz uchun olti nafar darvozabon bor.

- Qiziq, kimlarni tanlaganingiz masalasi bilan o‘rtoqlasha olasizmi? Ro‘yxatingizdan aynan qaysi darvozabonlar joy olishgandi, o‘zi?
- Ignatiy Nesterov, Eldor Suyunov, Sanjar Quvvatov, O‘tkir Yusupov, Javohir Ilyosov hamda Botirali Ergashev. Aynan ushbu darvozabonlarni ro‘yxatimga joylagandim.

- Nima deb o‘ylaysiz, Ignatiy Nesterovsiz terma jamoamizga qiyin bo‘lmayaptimi? Agar u diskvalifikatsiya qilinmagan taqdirda hozir ham termada o‘ynayotgan bo‘lardi, shunday emasmi?
- Albatta, gaplaringiz o‘rinli. Diskvalifikatsiya qo‘llanilmagan taqdirda Nesterov hozir ham terma jamoa darvozasini qo‘riqlayotgan bo‘lardi. Qolaversa, uning oxirgi Osiyo Kubogida qanday yaxshi o‘yin ko‘rsatganiga o‘zingiz ham guvoh bo‘ldingiz.

- Ayting-chi, Ektor Kuper iste’foga chiqarilganidan so‘ng u bilan gaplashdingizmi?
- Bo‘lmasam-chi! Men u bilan Toshkentdan vataniga uchib ketishi oldidan gaplashdim.

- Aftidan, u iste’fosi tufayli o‘shanda juda yomon kayfiyatda bo‘lgan bo‘lsa kerak?
- Ha, siz mutlaqo haqsiz.

- Nima deb o‘ylaysiz, Vadim Abramov bilan terma jamoamiz azaliy orzuni amalga oshirishi mumkinmi?
- O‘ylaymanki, amalga oshira oladi. Vadim Karlenovich juda tajribali murabbiy. U ixtiyoridagi jamoani muayyan o‘yinga qanday tayyorlash kerakligini juda yaxshi biladi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Denis Ivankov: "Abramov O‘zbekistonni mundialga olib chiqa oladi"