07:08 / 06.10.2019
2 312

Sharof Muhitdinov: "Hozirgacha faqat darvozada turmaganman xolos"

Sharof Muhitdinov: "Hozirgacha faqat darvozada turmaganman xolos"
"Nasaf" klubi yarim himoyachisi Sharof Muhitdinov so‘nggi yillarda jamoaning asosiy futbolchisiga aylanib oldi.
Chap oyoqda juda kuchli zarba bera oldigan Muhitdinov muntazam ravishda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga chaqirilib kelardi. Sentyabr oyida uni milliy terma jamoaga chaqirishdi. Terma jamoada murabbiylar shtabi o‘zgarganiga qaramay futbolchi oktyabr oyida JCh-2022 saralashi doirasidagi Yaman va Singapur bilan bahslarga ham jalb etildi. Biz terma jamoamiz yig‘inidan avval Sharof Muhitdinov bilan suhbatlashishga qaror qildik.

- Sentyabr oyida Ektor Kuper sizni milliy terma jamoaga chaqirgandi, mana endi Vadim Abramov Yaman va Singapur bilan o‘yinlarga tayyorgarlik uchun terma jamoaga taklif qildi. Bungacha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida o‘ynardingiz...
- Olimpiya va milliy terma jamoa o‘rtasida juda katta farq bor. Milliy terma jamoada o‘ynash har bir futbolchining orzusi bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Sababi millionlab muxlislar sizning g‘alaba qozonishingizni kutadi. Sentyabr oyida Falastin bilan o‘yinda ozgina omad yetishmadi, keyingi uchrashuvlarda g‘alaba qozonishga va xalqimizni xursand qilishga harakat qilamiz.

- To‘g‘ri "Nasaf"da chap qanot himoyasida o‘ynagan davrlaringiz bo‘lgan, biroq bu mavsum asosan chap qanot yarim himoyachisi sifatida to‘p tepayapsiz. Biroq terma jamoa murabbiylari sizdan qanot himoyachisi sifatida foydalanishmoqda. Klubda boshqa joyda, termada boshqa joyda o‘ynash sizga qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- Murabbiylar qo‘ygan joyda o‘ynayveraman. Tan olish kerak, boshida chap qanot himoyasiga qo‘yishganida biroz qiynalganman. Ammo klub yoki terma jamoaga qaysi joyda foydam tegsa to‘p tepaveraman.

- Umuman hozirga qadar qaysi joylarda o‘ynagansiz?
- Faqat darvozada turmaganman xolos (kuladi).

- Futbolchi bo‘lish tarixi va "Nasaf"ga kelishingiz qanday sodir bo‘lgan?
- Jizzax shahrida tug‘ilganman. 7 yoshimda futbolga borganman, birinchi murabbiyim Usmon aka qo‘l ostilarida shug‘ullanganman. Keyinroq Jizzaxdagi futbol maktab internatiga ko‘chib o‘tganman. Biroz muddat shu yerda o‘qib, 2013 yilda Qarshiga musobaqaga borib ko‘rikdan o‘tgandim. Sergey Kucherenko, Umar Rahmatullayev va Jasur aka meni "Nasaf" akademiyasiga qabul qilishgan. Shundan buyon "Nasaf" klubi tizimidaman.

- Asosiy tarkibga o‘tish qanday bo‘lgan?
- Akademiyadan 1997 yilda tug‘ilgan futbolchilar orasidan 9 nafari "Nasaf" o‘rinbosarlari tarkibiga qabul qilingan. Lekin o‘rinbosarlar safida ko‘p o‘ynamaganman. Ro‘ziqul Berdiyev yoshlar jamoasining deyarli barcha o‘yinlariga borib ko‘rardi. O‘yinlarim yoqqanmi bilmadim 4-5ta bahsdan so‘ng asosiy tarkibga jalb qilgan.

- Yoshlikda "Nasaf" o‘yinlarini kuzatganingiz aniq. O‘shanda qaysi futbolchilarga havas qilardingiz?
- Ko‘proq Shohruh Gadoyev va Jasur Hasanovning o‘yinlari yoqardi. Ikkalasi ham chap qanotda juda yaxshi o‘ynashardi.

- Chet elda kimning o‘yini ko‘proq yoqadi?
- Xorijda esa Lionel Messi, Garet Beyl va De Bryuynening o‘yinlarini kuzataman.

- Ko‘pchilikni bir savol qiynaydi. Sharof Muhitdinovning chap oyog‘i kuchlimi yoki Aziz G‘aniyevning o‘ng oyog‘i?
- Bilmadim (kuladi).

- O‘zi bahslashib turasizlarmi?
- Mashg‘ulotlarda ba’zida zarbalar berib turamiz. Ammo hozirgacha kim kuchli ekanligini aniqlaganmiz yo‘q.

- "Nasaf"da ko‘p yillardan buyon ishlab kelayotgan Ro‘ziqul Berdiyev haqida qanday fikrdasiz?
- Ro‘ziqul Berdiyevni butun O‘zbekiston yaxshi biladi. Qaysi viloyat yoki shaharga borsak Berdiyev haqida iliq so‘zlar eshitamiz. Yosh futbolchilarga juda ham katta ahamiyat beradilar, ularga imkoniyat berishdan cho‘chimaydilar. "Nasaf"ning barcha yutuqlarida aynan bosh murabbiyimizning hissasi beqiyos.

- Har bir futbolchi baribir qaysidir klub yoki qaysidir chempionatda o‘ynashni orzu qiladi. Xo‘sh, Sharof Muhitdinovning orzusi qaysi chempionat?
- Ispaniya chempionatida o‘ynashni orzu qilaman. Sababi o‘zim "Barselona" muxlisiman. Tiki-taka uslubida o‘ynash ko‘proq yoqadi. Xudo xohlasa bir kun kelib Ispaniyada o‘ynayman.

- Bugungi kunda milliy terma jamoa safidasiz. Ammo yoshingiz olimpiya terma jamoasiga to‘g‘ri keladi. Yanvar oyida Tailandda U-23 Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Yaqinda ushbu musobaqaning final bosqichiga qur’a tashlandi. Guruhimiz haqida qanday fikrdasiz? Olimpiadaga chiqa olamizmi?
- Eron, Xitoy va Janubiy Koreya juda ham kuchli jamoalar hisoblanadi. Guruhda to‘rtta jamoa ham keyingi bosqchiga chiqishi mumkin. Ammo bizning maqsadimiz guruhdan chiqishgina emas balki Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olish. Shunday ekan istalgan jamoaga qarshi o‘yinda g‘alaba uchun harakat qilamiz. Kerak bo‘lsa boshqa jamoalar bizdan cho‘chishsin, sababi tarkibimiz juda ham kuchli.

- 2018 yil Xitoyda o‘tgan U-23 Osiyo chempionatida O‘zbekiston chempion bo‘lgandi. Biroq o‘sha musobaqaga siz olib ketilmagansiz. Bu sizga qanchalik alam qilgan?
- O‘shanda musobaqaga ketishda oldingi eng so‘nggi yig‘inga chaqirilmagandim. Ochiqchasiga aytaman o‘sha paytdagi bosh murabbiy Ravshan Haydarovdan xafa emasman. Aybni o‘zimdan qidirganman. Balki o‘shanda jismoniy holatim terma jamoada o‘ynashga javob bermagandir. Istalgan murabbiy yaxshiroq tayyor bo‘lgan futbolchini musobaqaga olib ketadi. Shu bois bu vaziyatda hech kimdan xafa bo‘lmaganman. Nasib qilsa Tailanddagi musobaqaga boraman.

- "Nasaf" safida qaysi sovrinni qo‘lga kiritishni orzu qilasiz?
- "Nasaf" bilan O‘zbekiston Kubogi va O‘zbekiston Superligasini qo‘lga kiritganman. Ammo mamlakat chempioni bo‘lmaganman, orzuim aynan O‘zbekiston chempioni bo‘lish.
Narzulla Saydullayev suhbatlashdi

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sharof Muhitdinov: "Hozirgacha faqat darvozada turmaganman xolos"