Mirjalol Qosimov: «No English, only Uzbek language»

"Sports Seul" muxbiri bugun O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovdan intervyu olishga keldi. Melburndagi "Leyk Sayd stedium" o‘yingohida mashg‘ulotlarni tugatib, sigaret chekib turgan holatida terma jamoamiz bosh murabbiyi koreys nashriga intervyu bergisi kelmagan.
Koreys nashri yozishicha, Mirjalol Qosimov: "No English, only Uzbek language", degan va tarjimon orqali "Ingliz tilini bilmayman. Shuning uchun o‘zbek tilida savol bersangiz mayli", debdi.
"Sports Seul" davom etib shunday yozadi: "O‘z vaqtida Rossiya chempionatida to‘p surgan Mirjalol Qosimov O‘zbekistonning "Xong Myun Bo"si hisoblanadi. Biz uning ingliz tilini bilmasligi haqiqatdan uzoqligini bilamiz. Mirjalol Qosimovning 2013 yil 11 iyun kuni Seulda o‘tgan JCh saralash o‘yiniga kelganidagi holatini yaxshi eslaymiz. O‘shanda u talaffuzi yaxshi bo‘lmasa-da, o‘z fikrlarini ingliz tilida to‘liq bildira olgan edi. Bizningcha, o‘zini kamtar tutib, jimgina mashg‘ulot o‘tkazish uchun shunday degan bo‘lishi mumkin. Shu vaqtgacha Mirjalol Qosimov bizning terma jamoa haqida fikr bildirishdan o‘zini tiyib, "Korea good team " ("Koreya yaxshi jamoa") deya qisqa fikr bildirish bilan cheklanyapti. Biz O‘zbekiston terma jamoasining mashg‘ulotlarini kuzatishga muvaffaq bo‘ldik. Futbolchilar kayfiyatlari yaxshi holatda mashq qilishdi. 6ga 6ga tarzida mini-o‘yin ham qilishdi. 45 yoshli bosh murabbiy ham futbolchilar bilan yugurib, ter to‘kyapti. Hozirda kimgadir "Janubiy Koreya-O‘zbekiston o‘yinida kim g‘alaba qozonadi?", deya savol berilsa, ko‘pchilik "Tabiiyki, Janubiy Koreya", deya javob berishi tayin. Lekin so‘nggi to‘qnashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi bizning terma jamoa bilan tengma-teng o‘ynaganligini e’tibordan soqit qilish yaramaydi".
Otabek Yo‘ldoshev
Janubiy Koreya, Seul
Manba va foto: www.stadion.uz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing