
“Bellator” promousheni janglarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik jangchi Zarruh Adashev yaqin kunlarda UFC bilan shartnoma imzolashi mumkin.
Sports.uz manbalariga ma’lum bo‘lishicha, bu borada Nyu-Yorkning eng mashhur promouteri Lou Neglia shug‘ullanayotgan ekan. Ma’lumki, Lou butunjahon kikboksing hamda MMA olamida juda taniqli shaxs hisoblanadi. O‘zining shaxsiy shoulari bor. Jumladan, “Ring of combat mma” promoushenining asoschisi va ho‘jayini sanaladi. Eng asosiysi u Dana Uayt bilan juda yaxshi aloqada... U UFC ga 300 dan ortiq jangchi yetkazib bergan.

Lou Neglia Adashevning murabbiyi Artyom Saxakyan hamda menejeri Davit Saxakyan bilan yaqin hamkor hamda birgalikda professional kikboksing turnirlari o‘tkazishadi. Bir so‘z bilan aytganda yurtdoshimizning promouteri desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Faqat birgina halal beruvchi jihat bor... Ma’lumki, Zarruh “Bellator” turnirida Tevin Daysni nokautga uchratgan jangda qo‘lidan jarohat olgan edi. Dastlab, havotirsiz ko‘ringan ushbu jarohat keyinchalik biroz jiddiy bo‘lib chiqdi. Natijada, hamyurtimizning dekabr oyida kikboksingning professional yo‘nalishidagi jangi ham qoldirilgandi. Xullas, shunchaki davolanish orqali tuzalib ketsa, “nur ustiga nur”.

Lekin operatsiya qilinadigan bo‘lsa, deyarli olti oy mobaynida jang o‘tkaza olmaydi. Bunday holatda UFC bilan shartnoma biroz so‘roq ostida qolishi mumkin. Vaholanki, UFC mutasaddilari yurtdoshimizga jiddiy qiziqish bildirmoqda va jarohati jiddiy emasliklariga umid qilishmoqda.
Barchasi ko‘ngildagidek bo‘lsa, Zarruh Adashev 2020 yildan 99 % UFC da faoliyatini boshlaydi!

Ma’lumot uchun: UFC ning 56,7 kg vazn toifasida ya’ni, hamyurtimiz ishtirok etishi kutilayotgan dvizion yetakchisi va chempioni Genri Sexudo hisoblanadi. Qolaversa, Jozef Benavides, Jussiyer Formiga, Aleksandr Pantoya, Askar Askarov kabi kuchli jangchilar faoliyat yuritishadi.
Ahmadbek Eshmatov
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar