17:42 / 27.12.2019
2 872

Ronaldu bilan intervyu: shaxsiy brendi, eng zo‘r goli va eng noqulay himoyachilar haqida

Ronaldu bilan intervyu: shaxsiy brendi, eng zo‘r goli va eng noqulay himoyachilar haqida
Mashhur futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu DAZN telekanalida mehmon bo‘ldi va qiziqarli savollarga javob berdi. Dastlab unga qaysi ismi ko‘proq yoqishi haqida so‘raldi:

— Men uchun ahamiyati yo‘q. Uyda Ronaldu deb chaqirishadi. Onam va singlim. Maktabda Krishtianu deyishardi, futbolda Krish, Ronni va hokazo. Ko‘chada fanatlar ko‘pincha CR7 deyishadi.

— CR7 – bu global brend. Dunyoning eng katta brendlaridan biri ekaningizga munosabatingiz qanday?
— Mening dunyom – futbol, shu bilan birga uning tashqarisidagi hayot ham muhim. Men biznesmenga aylandim. Agar qandaydir boshqa ish bilan shug‘ullanishga kirishsang, buning yomon tomoni yo‘q, fikrimcha. Men bundan xursandman, lekin futbol doim eng muhimi bo‘lib qolaveradi.

— Siz bu brend va shaxsiyatingizni qanday ajratasiz?
— Har ikkisi haqida gapirganda, aslida bir insonning turlicha tomoni ekanini e’tiborga olish kerak. Men futbolchiman va odamlar menga qarab turib, «Bu Krishtianu, mana shunday inson» deb qabul qilishlarini istayman.

— Endi A Seriya haqida savollar. Agar 10 ballik tizimda baholasak, Italiyada gol urish qanchalik qiyin?
— 7.

— Qarshi o‘ynash eng qiyin bo‘lgan himoyachilar kimlar?
— To‘g‘risini aytsam, o‘zim birga shug‘ullanadigan sheriklarimga qarshi o‘ynash qiyinroq. Bonuchchi, Kellini, De Ligt. Avval ham, Chempionlar Ligasida Kelliniga qarshi o‘ynash juda qiyin edi va men buni o‘ziga xos chaqiriq sifatida qabul qilardim, alohida tayyorlanardim. Hozir esa, uchchovini ham tilga olishga majburman, chunki har kuni mashg‘ulotlarda bu to‘siqqa ro‘baru kelyapman.

— A Seriya va Chempionlar Ligasidagi farq nimada?
— Ular hatto fikrlashda ham keskin farq qiladi. Nazarimda, agar jahon chempionati va Yevropa chempionatlarini qo‘shmasak, Chempionlar Ligasi dunyodagi eng zo‘r musobaqa. Har qanday turnirdan ko‘ra, YECHLda o‘ynash menga ko‘proq yoqadi.

— «Yuventus»da sizga nima yoqadi?
— Oldin ham aytganman, avvalo, klub madaniyati, an’analari – Italiyaning ajoyib tarixga ega bo‘lgan eng yaxshi klubi. Men bu yerda baxtliman va «Yuve» bilan yana ko‘p sovrinlarni qo‘lga kiritmoqchiman. Menga nafaqat «Yuventus», umuman Italiyaning madaniyati yoqadi.

— Italiyadagi ilk xotirangiz?
— Turindagi ilk tanishtiruv marosimi ajoyib o‘tgandi, men oilam, do‘stlarim bilan tashrif buyurgandim.

— 16 yil oldin esa «Manchester Yunayted»ga kelgandingiz?
— Men o‘sha «Sporting» va «MYU» o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinini yaxshi eslayman. Biroz hayajonda bo‘lganman, lekin o‘shanda o‘zimni yaxshi ko‘rsata olgandim. O‘yin tugagach, Fergyuson menga «sen bizda o‘ynashing kerak» degandi. O‘shanda 18 yoshda edim va bu gaplardan o‘zimda yo‘q xursand bo‘lganman. Fergyuson tezroq jamoaga qo‘shilishimni istagan va bu transfer darhol sodir bo‘ldi.

— Endichi?
— Hozir boshqacharoq. Professional faoliyatning boshida atrofga, voqealarga boshqacharoq nazar tashlaysan. Mas’uliyat ham ozroq bo‘ladi, lekin hozir ham, ko‘p narsa o‘zgargan bo‘lsa-da, futbol o‘ynashdan zavq olaman. Yaxshi o‘ynash va sovrinlar yutish – bu asosiysi. Bu maqsad hali ham saqlanib qolgan va yana bir necha yil to‘p sura olishimdan xursandman.

— Golni nishonlashingiz – qanday paydo bo‘lgandi?
— «Real»da boshlangan. G‘alaba qozongach, atrofdagi hamma «Siuuu» deb baqira boshladi. Va men ham shunday deya boshladim, sababini bilmayman. Hammasi tabiiy boshlandi. Los-Anjelesdagi «Chelsi»ga qarshi nazorat o‘yinini eslayman, men gol urdim va xuddi shunday nishonladim. Ko‘pchilik nega unday qilganimni so‘ray boshlashdi. Bilmasam. Shunaqa bo‘lib qoldi. Doim aytib kelaman, eng yaxshi narsalar tabiiy ravishda yuzaga keladi.

— Eng zo‘r golingiz qaysi?
— Buffon darvozasiga urganim. Ajoyib stadionda, ajoyib jamoaga qarshi o‘yinda. Hatto raqib muxlislari ham meni olqishlashgandi, o‘ziga xos kecha bo‘lgandi. Buffon nima degan? Men avvaldan, qachondir Buffon bilan uchrashish, u bilan gaplashish imkoni tug‘ilsa, u juda yaxshi inson ekaniga amin bo‘laman, deb o‘ylardim. U rostan ham juda yaxshi va quvnoq yigit. Goldan so‘ng, u shunchaki, meni tabriklab qo‘ydi. O‘sha ilk uchrashuvimizdan yorqin xotiralar qolgan va hech qachon unutmasam kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronaldu bilan intervyu: shaxsiy brendi, eng zo‘r goli va eng noqulay himoyachilar haqida