21:00 / 28.12.2019
3 308

Otabek G‘ulomxo‘jayev "Navbahor"ning seleksiya ishlarida faol

Otabek G‘ulomxo‘jayev "Navbahor"ning seleksiya ishlarida faol
Yakunlangan mavsumning 2-davrasidan boshlab, Namanganning “Navbahor” klubida o‘sha paytda O‘zbekiston U-19 yoshlar bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borayotgan yosh va mahoratli mutaxassis Otabek G‘ulomxo‘jayev seleksioner murabbiy sifatida ish boshlagandi.
Ushbu mutaxassis borasida to‘liqroq to‘xtaladigan bo‘lsak, Otabek G‘ulomxo‘jayev 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

O‘z paytida futbolchi sifatida faoliyat yuritib, Toshkentning “Mirobod” (2-liga, 1999 yil), shuningdek, o‘sha paytda O‘zbekiston chempionatining oliy ligasida ishtirok etgan “Traktor” (Toshkent) klubining o‘rinbosarlar (2000 yil), bundan tashqari, Andijonning “Andijon” (2001 - 2002 yillar) jamoalarida to‘p surgan.

Afsuski, jiddiy jarohat sababli, G‘ulomxo‘jayev 2002 yili, ya’ni, ayni kuchga to‘lgan, navqiron 20 yoshidayoq futbolchilik faoliyatini yakunlashga majbur bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Otabek G‘ulomxo‘jayev murabbiylik faoliyaini boshlab, 2003 – 2007 yillar davomida “Paxtakor” futbol akademiyasi, 2008-2019 yillar mobaynida esa “Bunyodkor” futbol akademiyasida faoliyat olib bordi.

Shuningdek, G‘ulomxo‘jayev 2015-2016 yillarda O‘zbekiston U-16 o‘smirlar terma jamoasida bosh murabbiy Temur Olimxo‘jayevga yordamchi sifatida faoliyat olib borib, Olimxo‘jayev bilan birgalikda mazkur terma jamoani 2016 yili Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tgan U-16 terma jamoalari o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga olib borgan.

2018-2019 yillarda esa O‘zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimida ishlagan.
Otabek G‘ulomxo‘jayev yaqinda O‘zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyligidan iste’foga chiqarildi va endi butun e’tiborini “Navbahor”ga qaratmoqda.

Buning samarasi o‘laroq, yosh hamda kelajagi porloq mutaxassis jamoamizning seleksiya ishlarida ancha faol. Boisi, u “Paxtakor” va “Bunyodkor” klublarining futbol akademiyalari, shuningdek, O‘zbekiston o‘smirlar hamda yoshlar terma jamoalaridagi faoliyati davomida mamlakatimizning ko‘plab iqtidorli va mahoratli futbolchilarini shug‘ullantirgan hamda ularning imkoniyatlarini juda yaxshi biladi. Shu bois, Otabek G‘ulomxo‘jayev ayni paytda yurtimizdagi ko‘plab yosh va mahoratli futbolchilar bilan muzokara olib bormoqda.

Aynan Otabek G‘ulomxo‘jayevning seleksiya borasidagi sa’y-harakatlari bilan “Navbahor”ning 2020 yilning 7 yanvaridan boshlanadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga O‘zbekistonning 30 nafarga yaqin eng iqtidorli hamda mahoratli futbolchilari jalb etilishgan.

Ulardan qaysinilari murabbiylar shtabida yaxshi taassurot qoldirsa, o‘sha futbolchi bilan shartnoma imzolanadi.
O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, aynan Otabek G‘ulomxo‘jayevning faol harakatlari bois, jamoamizning tarkibi yangi mavsumda ancha yosharishi ehtimoli yuqori.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek G‘ulomxo‘jayev "Navbahor"ning seleksiya ishlarida faol