00:25 / 30.12.2019
3 768

Nega "Barsa" qimmatbaho futbolchisi bilan xayrlashishga tayyor?

Nega "Barsa" qimmatbaho futbolchisi bilan xayrlashishga tayyor?
“U hamma kategoriyalar bo‘yicha fantastik futbolchi. U maydon markazining o‘ng qismida turib himoyachilar ishini ancha yengillashtiradi, bu borada Messiga ham yordam beradi. U to‘p bilan yaxshi muomala qiladi, texnik jihatdan ham kuchli” – degan edi Joze Mourino Rakitich haqida. Portugaliyalik murabbiy o‘z gaplariga qo‘shimcha sifatida Ivan dunyoning eng qimmatbaho futbolchilaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tgan.

Lekin “Barsa” murabbiyi Ernesto Valverdening qarashlari Joze Mourinonikidan farq qilyapti. Valverde qo‘l ostidagi jamoada Rakitichga o‘rin yo‘qdek, go‘yo. Dekabr oyigacha bo‘lgan o‘yinlarning bor-yo‘g‘i bittasida asosiy tarkibda tushdi xorvat futbolchisi. Oxirgi haftada esa 2 marta asosiy tarkibda maydonga tushganini hisobga olsak, mavsum boshidan buyon Ivan Rakitich 3 marta asosiy tarkibda o‘yinni boshlagan. Bu mavsumda futbolchi maydonda 392 daqiqa o‘tkazdi va 15 ta o‘yinning 10 tasida ishtirok etdi. Rakitich darajasi uchun bu vaqt juda kam hisoblanadi.

Ha, Rakitich endi yosh emas, kelasi mart oyida 32 yoshni qarshi oladi. Lekin u yuqori darajada o‘yin ko‘rsata oladi, jamoaga foydasi tegadi. Lekin jamoa uni hisobdan chiqarishni istaydi. Yoz oyida uni Neymar transferining bir qismi sifatida qo‘shib berilishi haqida mish-mishlar tarqagan edi.

Zahira o‘rindig‘ida ko‘proq vaqt o‘tkazayotgan futbolchi jamoani tark etishi fantastik ketish hisoblanmasa kerak. Ivanning jamoa bilan shartnomasi 2021 yil yoz oyida yakunlanadi. Lekin futbolchi undan oldinroq, yanvardagi transfer oynasida yoki 2020 yil yoz oyida jamoani tark etish ehtimoli bor.

Afsuski, “Barselona” Rakitichga maydonda kerakli pozitsiya tanlab berolmayapti. Nashrlar xabariga ko‘ra, futbolchiga Angliya, Ispaniya va Italiya klublari jiddiy qiziqish bildiryapti. Yanayam ochiqroq aytadigan bo‘lsak, futbolchi uchun “Manchester Yunayted”, “Milan”, “Inter” va “Atletiko” kurash olib boryapti. Agarda transfer amalga oshadigan bo‘lsa, Rakitich variantlar ichidan eng mosini tanlashi kerak. Masalan, “MYU” futbolchi uchun yaxshi variant. Moliyaviy tomondan ham, jamoaning hozirgi holatidan ham. Rakitichning o‘tishi jamoa o‘yinini kuchaytirishi mumkin va xorvatiyalik futbolchi o‘z statusini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hozir Rakitich qanday ahvolda? U jamoaga o‘zini keraksizdek his qiladigan holatgacha qanday yetib keldi? Axir 5 yil davomida jamoaning asosiy tarkib futbolchilaridan biri ediku?!

Qanchalik istamaylik, vaqt baribir o‘z so‘zini aytadi. Bir paytlar ajralmas uchlik hisoblangan, Xavi, Inesta va Buskets uchligidan faqat oxirgi sanalgan futbolchi jamoada qoldi. Artur, Frenk De Yong kabi yosh futbolchilar ularning o‘rniga kelishgan va jamoaning kelajagi deya atalmoqda. Rakitichda esa bu uchun vaqt ham yosh ham yetarli emas.

Bir intervyusida Rakitich: “Nima deb o‘ylaysiz, bolakaydan sevimli o‘yinchog‘ini tortib olishsa, nima qiladi? U judayam qattiq xafa bo‘ladi. Meni holatimni tushundingiz deb o‘ylayman.”

Valverde ham Rakitich haqida savollarni e’tiborsiz qoldirishga urinmoqda. Noyabr oyidagi konferensiyalardan birida Valverdedan Rakitichning kelajagi borasida biror nima deyishni so‘rashganida “Rakitich haqida hech narsa demayman” deb, bunday savollar unga yoqmayotganini ochiq ayon qilib qo‘ygan edi.

O‘tgan mavsumda aynan Rakitich to‘p uzatishlar borasida La Liga yetakchisi bo‘lgan edi. Uning hisobida 2480 ta pas bor edi, uning 92%i aniq uzatmalar edi. Nega shunday ko‘rsatkichga ega bo‘lgan futbolchi bir necha oy o‘tib zahira o‘rindig‘iga mixlanib qoldi? Yosh borasida gapiradigan bo‘lsak, tushunarli, lekin juda qisqa muddat ichida u keraksiz futbolchiga aylanib qolmadimi? Balki, De Yongning jamoaga olib kelinishi ham bunga sababdir. Axir jamoa futbolchi uchun 75 mln yevro to‘ladi.

Aynan u mavsum boshidan buyon Rakitich o‘ynagan pozitsiya, o‘ng qanot, markazda maydonga tushyapti. Bunday paytda Rakitichga maydondan joy topib berish mushkul, albatta. Lekin oxirgi paytlarda nashrlar yozishicha, jamoa futbolchini shartnoma muddati yakunlanguniga qadar saqlab qolishga urinadi. APLning qaysidir jamoasi futbolchi uchun 13 mln yevro taklif qilgan. Ammo “Barselona” bu taklifni rad etgan. Chunki futbolchini 30 mlndan kamiga sotmoqchi emas.

Futbolchi “Inter”ga o‘tib ketishi ham mumkin. Konte anchadan buyon xorvatiyalik futbolchi xizmatlariga qiziqish bildiryapti. Italiya jamoasi markazida muammolar yuzaga kelgan va Konte tezroq Rakitichni jamoaga olib kelishni istamoqda. Hamma gap “Barselona”da qolgan. U futbolchini sotadimi yoki yo‘q?! Axir, u jamoa uchun qadrli futbolchi.

Erkinjon G‘aybullayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nega "Barsa" qimmatbaho futbolchisi bilan xayrlashishga tayyor?