23:00 / 30.12.2019
2 397

San’at Shixov: "So‘g‘diyona"ning oldiga katta maqsadlar qo‘yilayotgani meni qiziqtirib qo‘ydi

San’at Shixov: "So‘g‘diyona"ning oldiga katta maqsadlar qo‘yilayotgani meni qiziqtirib qo‘ydi
«Mavsum-2019»ni Olmaliqning AGMK klubida o‘tkazgan iqtidorli futbolchi San’at Shixov jamoasini o‘zgartirishga qaror qildi. Aslida uning AGMKdan ketishini ancha avval eshitgandik. Ammo o‘sha paytda futbolchi bu borada biroz sukut saqlab turishimizni iltimos qilgandi. Nihoyat, kuni kecha uning rasman AGMKni tark etgani ma’lum qilindi.

Aytish joizki, Shixov AGMK tarkibida Superligada 18 ta uchrashuvda maydonga tushib bitta gol urdi va ikki marta golli pas oshirdi. Shuningdek, u jarohatlar tufayli bir qancha o‘yinlarni ham o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgandi. Ayni paytda esa San’at yana hammasini boshidan boshlamoqchi. O‘zining aytishiga qaraganda, yangi mavsumni Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubida boshlamoqchi.

- San’at, rasman AGMK klubidan ketganingiz aniq bo‘ldi. Bunday tashabbus o‘zingizdan chiqdimi yoki boshqa sabab bo‘ldimi?
- Albatta, AGMKdan ketish fikri o‘zimdan chiqdi. «So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev bilan oldin «Buxoro»da ham birga ishlagandim. U esa meni «So‘g‘diyona»ga taklif qildi. Shu munosabat bilan yana bir bor Baqoyev bilan birga ishlashni xohladim. AGMKning oxirgi yig‘inidan keyin rasman ketganimni e’lon qildim. Yangi yil bayramidan keyin jizzaxliklar tarkibiga qo‘shilaman.

- Demak, Ulug‘bek Baqoyev sizning qaroringizga ta’sir ko‘rsatgan. Umuman, «So‘g‘diyona» jamoasi haqida fikringiz qanday?
- Yaqinda yig‘in boshlanishidan oldin Ulug‘bek aka bilan uchrashib hammasini gaplashib oldik. Baribir u mening foydali jihatlarimni yaxshi biladi. Bu yil AGMKning ham maqsadlari yomon emasdi. Baribir «So‘g‘diyona»ga o‘tishimda asosiy rolni Baqoyev bajardi deb o‘ylayman. Yangi mavsumda «So‘g‘diyona»ning oldiga katta maqsadlar qo‘yilayotgani meni qiziqtirdi. Shu bois AGMKdan ketishga ahd qildim va bu men uchun to‘g‘ri qaror deb hisobladim.

Shu o‘rinda Mirjalol Qosimovga ham minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, murabbiylar shtabiga hamda men bilan birga o‘ynagan futbolchilarga ham rahmat aytmoqchiman. Olmaliqda chindan ham yaxshi jamoa bor edi. Garchi jamoaning oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishish o‘zimiz kutganchalik bo‘lmagan bo‘lsa-da, yaxshi futbolchilar yig‘ilgandi. Keyingi mavsumda AGMKga omad tilab qolaman. Bir tomondan qaraganda, u yerdan ketishim ham noqulay, ham qiyin bo‘ldi. Lekin mening hozirgi vaziyatimda jamoadan ketishim eng to‘g‘ri qaror bo‘lgandi. Olmaliqliklardan minnatdorman.

Agar AGMK klubi rahbarlari kabi insonlar futbolimizda ko‘paysa, ishonamanki, o‘zbek futboli yanada kuchayadi. AGMK rahbarlari ham mening qarorimni to‘g‘ri tushunishadi. Klubdagilardan aslo xafa emasman. O‘z navbatida ular ham mendan ranjishmagan degan umiddaman. Chunki klubdagilarni xafa qiladigan ish qilganim yo‘q. Futbolchining hayoti shundayki, bugun bu jamoada bo‘lsa, ertaga boshqasida bo‘ladi. Shuningdek, AGMKning muxlislariga ham rahmat aytaman. Garchi klubning ishqibozlari kam bo‘lsa-da, ular bizni chin dildan qo‘llab-quvvatlashdi.

- AGMKda o‘tkazgan bir yillik mavsumingiz haqida so‘ramoqchiman. Jamoa bir tekisda ishtirok eta olmadi. Chempionatni 8-o‘rinda tugatdi, ammo O‘zbekiston Kubogi bilan Liga Kubogi finaligacha yetib keldi. Umuman, AGMK bilan biror nimaga erisha olmaganingiz ham sizni u yerdan ketishingizga sabab bo‘ldimi?
- Ha, bu gapingizda ham jon bor. Birinchi davrada o‘yinimiz u qadar qovushmaganida yigitlar hali bir-birlari bilan to‘liq tushunib olishmagandi. Bu esa bizga qiyinchilik tug‘dirdi. Ikkinchi davraga kelib esa ancha o‘zimizga kelib oldik. Endi Kubok finallariga kelsak, albatta futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Tan olish kerak, «Paxtakor» hammadan bir bosh emas, balki ikki bosh kuchli edi. Rostini aytsam, O‘zbekiston Kubogi finalidan so‘ng jamoadan ketish fikriga kelgandim. Baribir hal qiluvchi bahsda yutqazganimiz alamli bo‘lgandi. «Paxtakor» kuchli bo‘lgani bilan bunday o‘yin ko‘rsatib yirik hisobda yutqazmasligimiz kerak edi. O‘shanda «Paxtakor» bizning xatolarimizdan foydalangandi. Mavsum oxirlariga kelib AGMK yana o‘ziga kelib, yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishni boshlagandi.

- Sizga «So‘g‘diyona»dan tashqari yana boshqa klublardan ham takliflar bo‘ldimi?
- Jizzaxliklardan tashqari menga yana ikkita klubdan taklif bo‘ldi. Ulug‘bek aka Baqoyev bilan bir-birimizni yaxshi bilganimiz uchun ham men jizzaxliklarni tanladim. Yuqorida aytganimdek,» So‘g‘diyona» o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ymoqda. Nasib qilsa, hammamiz birgalashib oldimizga qo‘yiladigan maqsadlarni bajarishga harakat qilamiz.

- Umuman olganda, yakuniga yetgan mavsum sizga qanchalik darajada yoqdi?
- Bu mavsumda saviya biroz tushdi. Chempionat boshida «Dinamo» bilan «Surxon»ning qo‘shilishi ham o‘zini oqlamadi deb o‘ylayman. To‘g‘ri, «Surxon» o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi va 6-o‘rinni oldi. «Dinamo» esa birinchi davrada yaxshi taassurot qoldirgandi. Lekin oxirida «Dinamo»ning Superligaga tayyor emasligi bilinib qoldi. Bundan tashqari, 1997 yildan kichik bo‘lgan bir futbolchining asosiy tarkibda maydonga tushish majburiyatini jamoalarga yuklashdi. Ochig‘i, shu narsani tushunmadim. Murabbiylar baribir yoshlarni kuzatishadi va o‘zini ko‘rsatayotgan yosh futbolchilarga shundoq ham imkoniyat berishadi. Chunki murabbiy o‘ziga-o‘zi dushman emas. Biroq doimiy ravishda yosh o‘yinchining maydonga tushish majburiyati ko‘p narsani buzib qo‘ydi.

Bu esa saviyaga ham ta’sir ko‘rsatdi. Axir bir yosh futbolchining raqobatsiz doimiy ravishda maydonga tushishini qanday tushunish mumkin? Bundan yomoni bo‘lmasa kerak. Agar yosh o‘yinchining iqtidori chindan ham katta bo‘lsa, uni hech kim zaxirada ushlab o‘tirmaydi. Afsuski, 1997 yildan kichik yoshda bo‘lgan o‘yinchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lgani yo‘q. Doimiy ravishda maydonga tushishini bilgan yosh o‘yinchida qanday o‘sish bo‘lishi mumkin? Lekin futbolimiz rahbarlari imkoni qadar saviyani kuchaytirish harakatida yuribdilar. Umid qilamanki, yangi mavsumda hammasi yaxshi bo‘ladi.

- Umuman olganda, «So‘g‘diyona» «Mavsum-2019»ning kashfiyotiga aylandi. Bunda esa Baqoyevning hissasi katta bo‘ldi. Sizningcha, ular yangi mavsumda bundan-da yuqorisiga qodir bo‘la oladimi?
- Haqiqatan Baqoyev juda talabchan murabbiy. Futbolchilardan esa doim ko‘p narsalarni kutadi. Shuning uchun yangi mavsumda ham katta maqsadlar qo‘yilyapti.

- Sizga xorijdan ham qiziqarli takliflar bo‘ldimi?
- Yaxshi taklif bo‘lsa ketaman, ammo hozircha unaqasi bo‘lmadi.

- «So‘g‘diyona» bilan qachon shartnoma imzolaysiz?
- Xudo xohlasa, yaqin kunlar ichida.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » San’at Shixov: "So‘g‘diyona"ning oldiga katta maqsadlar qo‘yilayotgani meni qiziqtirib qo‘ydi