13:49 / 11.01.2020
3 036

Jahon professional boks olamidagi muhim janglar bilan tanishing! (Anons)

Jahon professional boks olamidagi muhim janglar bilan tanishing! (Anons)
2020 yilning dastlabki ikki oyida jahon professional boks olamida bir qator muhim janglar bo‘lib o‘tadi. Bu to‘qnashuvlar barchani birdek qiziqtirsa ajab emas. Quyida, ushbu janglarni anons tarzida e’tiboringizga havola etamiz.

25 yanvar, AQSH, Bruklin
Denni Garsiya (36-34-2-0- 20 KO) – Ivan Redkach (28-23-4-1-18 KO)


Yana ikki haftadan so‘ng, yarimo‘rta vazn toifasida (66.678 kg) jahonning eng sara bokschilari qatorida e’tirof etiladigan AQSHlik Denni Garsiya ukrainalik raqibiga qarshi ringga ko‘tariladi. Denni faoliyati mobaynida Amir Xon, Erik Morales, Zab Judda kabi o‘z vaqtining afsonalarini mag‘lubiyatga uchrata olgan. Faoliyatidagi ikki mag‘lubiyatni esa sobiq WBC chempioni Shon Porter hamda Kit Turmandan qabul qilib olgan. Ivan Derkach esa faoliyatidagi eng muhim janglardan birini 2019 yil 1 iyunda AQSHlik Aleksandr Devonga qarshi o‘tkazib, uni nokautga uchrata oldi va jiddiy janglarda ringga ko‘tarilish imkoniyatini qo‘lga kiritgandi. Xullas, qiziqarli jang bo‘lishi kutilmoqda.

1 fevral, Xitoy, Xaykou
Xose Karlos Ramires ( 25-25-0-0-17 KO) - Viktor Postol (33-31-2-0-12 KO)


Bu jang yarimo‘rta vazn toifasida (63.503 kg) WBC hamda WBO chempionlik kamari uchun bo‘lib o‘tadi. Ramires ushbu kamarlarning amaldagi sohibi sanaladi. Ukrainalik tajribali bokschi esa da’vogar sifatida ushbu titullarni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega. Lekin bu juda qiyin bo‘ladi. Sababi, AQSH lik Xose Karlos Ramires har jabhada ukrainalik raqibidan ayni vaqtda ustun. Lekin boksda doimo sensatsiyalar yuz berib turadi. Garchi Viktor raqibiga nisbatan anchagina tajribali bo‘lsada, uning imkoniyatlarini o‘zbek boks muxlislari yaxshi bilishadi.

Ayniqsa, yurtdoshimiz Jamshidbek Najmiddinov uning ojiz nuqtalarini yaqqol ko‘rsatib bergan edi. To‘g‘ri, oradan anchagina vaqt o‘tgan, hamyurtimizdan keyin u uch marotaba jang o‘tkazib, ularning ikkitasida g‘alaba qozondi. Bir marotaba esa, o‘sha ayni kunda tillarda doston bo‘layotgan Josh Teylordan mag‘lubiyatga uchragandi...

Postol uchun ajoyib imkoniyat! Keyin uning faoliyatida bunday qulaylik bo‘lmaydi desak yanglishmagan bo‘lamiz. 35 yoshni qarshilagan ukrainalik charmqo‘lqop ustasiga bunday holat o‘ziga xos motivatsiya ham berishi mumkin. Ramires esa bunga yo‘l qo‘yadimi yoki yo‘q, bunga tez orada guvoh bo‘lamiz.

22 fevral, AQSH, Las-Vegas
Deontey Uaylder (42-41-0-1-41 KO) – Tayson Fyuri (30-29-0-1-20 KO)


Shubhasiz, boks ixlosmandlari tomonidan orziqib kutilayotgan, superog‘ir vaz toifasida (+90.719 kg) WBC chempionlik kamari uchun o‘tkaziladigan “dahshatli” to‘qnashuv deb bemalol ayta olamiz. Ularning birinchi jangi durang bilan yakunlangan edi. Bu ikki bokschi haqida uzoq so‘z yuritish mumkin. Lekin bu borada to‘xtalib o‘tishni lozim topmadim. Chunki, professional boks olamining ayni vaqtdagi yulduzlari haqida barcha batafsil ma’lumotga ega ekanliklari bor gap...

Ahmadbek Eshmatov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahon professional boks olamidagi muhim janglar bilan tanishing! (Anons)