11:13 / 14.04.2020
1 958

Tojikistonda o‘tkazayotgan yillari, futbolimiz haqidagi maqtov va Superligamizda ishlash istagidagi serbiyalik Nikola Lazarevich!

Tojikistonda o‘tkazayotgan yillari, futbolimiz haqidagi maqtov va Superligamizda ishlash istagidagi serbiyalik Nikola Lazarevich!
Tojikiston futbolida ko‘zga ko‘ringan murabbiylardan biri – bu serbiyalik Nikola Lazarevich. Uning ushbu yurtda hurmati baland. Boisi Lazarevich bir necha yillardan beri Tojikiston futbolida ishlab kelmoqda va o‘z tajribasi bilan mahalliy chempionatning saviyasini ko‘tarishga harakat qilmoqda.

Shuningdek, u Serbiya hamda Xitoy klublarida ham faoliyat olib borgan. O‘z vaqtida Lazarevich tojiklarning eng kuchli klubi – “Istiqlol”da ham bir necha bor ishlagan. Endilikda esa “Xo‘jand” klubi ham rivojlanish maqsadida ushbu mutaxassis bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Natijada Lazarevich mazkur jamoada bosh murabbiy sifatida ishlab kelmoqda. Qolaversa, uning o‘zbek futboliga bo‘lgan qiziqishi ham chakki emas. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘zi boshqarayotgan jamoada to‘rt nafar hamyurtimiz – Ma’mur Ikromov, Siroj Hamroyev, Sanjar Rixsiboyev va Andrey Sidorov ham to‘p surishmoqda.

Ushbu murabbiy bilan yaqindan tanishish istagida suhbatlashish uchun taklif yuborganimda darhol ijobiy javob qaytardi va ayniqsa, o‘zbekistonlik jurnalist ekanligimni bilganidan so‘ng bundan xursandligini yashirmagan holda savollarga bajonidil javob qaytarishini bildirdi. Aytish joizki, Lazarevich bilan suhbatimiz ancha samimiy ruhda kechdi.

“Tojikistonda o‘zimni uydagidek his qilaman”

- Sizning boshchiligingizdagi “Xo‘jand” klubini va u yerdagi hamyurtlarimizni ham diqqat bilan kuzatib kelyapmiz. Tojikistondagi ishlaringiz qanday ketmoqda?

- Avvalambor O‘zbekistondagi barcha insonlar va futbolsevar ishqibozlarga alangali salom! Ha, bizning ishlarimiz joyida. Jamoada to‘rt oydan beri ishlayapman. Yashirmayman, bu oson bo‘lmagan vaziyat bo‘ldi. Biz ikkita yig‘inni tashkil etdik. Ikkinchi yig‘inimizni esa Toshkentda o‘tkazdik. Oldimizga OFK Kubogining guruh bosqichiga chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Biz ushbu vazifani uddaladik. “Xo‘jand” klubi uchun OFK Kubogi musobaqasida ishtirok etishning o‘zi katta muvaffaqiyatdir. O‘tgan shanba kuni biz Tojikiston Superkubogi uchun “Istiqlol”ga qarshi to‘p surdik. Lekin afsuski, mag‘lubiyatga uchradik. Ammo bugungi kunda biz uchun eng asosiy vazifa mavsumni yuqori uch o‘rindan birida yakunlash va shuning evaziga OFK Kubogi yoki Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichi yo‘llanmasiga ega chiqishdan iborat.

- Ayni paytda butun dunyoda koronavirus tufayli futbol ham deyarli to‘xtagan. Lekin Belorussiya kabi Tojikistonda ham chempionat davom etyapti. Dunyo futbolsiz qolgan paytda futbol o‘ynash sizlar uchun qanday tuyulmoqda?
- Xudoga shukrki, ayni paytda rasman bu yerda koronavirus yo‘q. Odamlar ko‘chalarda bemalol yurishibdi. Ko‘chalarda bir-birlari bilan o‘ynab yurgan bolalarni ko‘rishingiz mumkin. Restoranlar, turli xil oshxonalar ishlamoqda. Ha, butun dunyo tojik futbolini kuzatib borayotganidan xabarimiz bor. Lekin bunga unchalik e’tibor bermayapmiz. Nega deganda, hukumat tomonidan federatsiyaga o‘yinlarni tomoshabinlarsiz o‘tkazish tavsiya qilingan. Eng asosiysi, har bir insonning hayoti himoya qilinmoqda. Shuning o‘zi katta baxt. Futbolni esa istalgan paytda o‘ynash mumkin.

- Siz adashmasam, murabbiylikdagi faoliyatingizning teng yarmini Tojikistonda o‘tkazib kelmoqdasiz. Siz uchun u yerda ishlashning gashti boshqachami?
- Ha, bu mening Tojikistondagi uchinchi ishimdir. Shu bois ushbu zaminda o‘zimni xuddi uydagidek his qilaman. To‘g‘ri, Tojikistondagi shart-sharoitga 100 foiz moslashib olganman deyishim qiyin. Lekin bu yerda hammasini yaxshi bilaman. Mening ishim o‘zimga ishonib topshirilgan jamoani yaxshi boshqarish va shunga mos ravishda natijalar qayd etishdan iborat.

“Chempionlik poygasida “Paxtakor”ga “Lokomotiv” qarshilik ko‘rsatishi mumkin”

- Shuningdek, “Istiqlol”da ham ishlaganingizni bilamiz. Ma’lumki, bu jamoa Tojikistonning eng kuchli klubi va chempionlikni hamda boshqa sovrinlarni o‘ziniki qilib kelmoqda. “Istiqlol”da ishlagan murabbiy sifatida sobiq jamoangizni taxtdan qulatish imkoni bormi?

- Xato qilmadingiz, ilgari men “Istiqlol”da ham ishlaganman. Yanglishmasam, Tojikistondagi eng kuchli jamoa sanaladigan “Istiqlol”da uch marta ishladim. Mazkur klubda barcha ishlar juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va eng asosiysi, jamoaning moliyaviy ahvoli haddan tashqari yaxshi. Shunga hamoxang ravishda “Istiqlol” OFK Kubogi va Osiyo Chempionlar ligasida aytishga arzigulik natijalarni qayd etib kelmoqda. Jamoada ishlash uchun barcha shart-sharoitlar chempionatdagi qolgan ishtirokchilarga taqqoslansa juda a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan. “Xo‘jand” “Istiqlol” bilan solishtirilsa o‘rtamiyona klubdir. Agar mana shunday jamoa bilan chempionatda yaxshi natijalar ko‘rsata olsak, bundan juda xursand bo‘lardim. Biroq voqelikka teran nigoh bilan boqish kerak. Bu yil chempionlik poygasida ishtirok etishimiz ancha qiyin bo‘ladi.

- Hozirda jamoangizda to‘rt nafar hamyurtimiz to‘p surmoqda. Ularni qanday xususiyatlarga ko‘ra taklif qildingiz va har biriga qanaqa ta’rif bera olasiz?
- To‘g‘ri, biz O‘zbekistondan to‘rt nafar legionerni taklif qilganmiz. Siroj Hamroyev esa hammadan birinchi bo‘lib kelgan. Aniqroq aytganda, yanvar oyining avvalida. Qolganlar esa fevralda jamoaga kelishdi. Ularning OFK pley-off doirasidagi o‘yinga bor-yo‘g‘i yetti kun qolganida yetib kelishgani chakki bo‘ldi. Lekin o‘zbek legionerlari “Xo‘jand”da juda yaxshi taassurot qoldirishmoqda. Muhimi, ularda yetarli darajada tajriba bor. Bu “Xo‘jand”ga har tomonlama asqotadi.

- O‘zbekiston futboli va uning chempionatini qanchalik kuzatib borasiz?
- Ha, men o‘zbek futbolini ham kuzatib boraman. O‘zbek futbolining saviyasi ancha yuqoriligidan xabarim bor. Sizlarda moliyaviy ahvoli yaxshi klublar talaygina. Chempionat ishtirokchilarining stadionlari va maydonlari yaxshi holatda. Yana shuni bilamanki, sizlarda mahalliydan tashqari legioner maqomidagi o‘yinchilar ham yetarlicha topiladi. Imkon tug‘ilgan zahoti chempionatingizni kuzatib boraman. O‘ylaymanki, xuddi o‘tgan mavsumdagi kabi bu yil ham “Paxtakor” faqat yuqori natija uchun da’vogarlik qila oladi. Chempionlik poygasida “Paxtakor”ga “Lokomotiv” raqobat hosil qilishi mumkin. Bundan tashqari, Superligangizda kutilmagan syurprizlarni taqdim etadigan jamoalar ham yo‘q emas. Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichi birinchi tur doirasida “Paxtakor”ning o‘yinini stadionda kuzatdim. O‘sha uchrashuv menda yaxshi taassurot qoldirdi. Biroq, o‘ylaymanki, o‘sha kuni yomg‘ir yog‘maganida o‘yin yanada qizg‘in kechgan bo‘lardi.

“O‘zbek futbolida omadimni sinab ko‘rishga tayyorman”

- Adashmasam, siz ham o‘z vaqtida Serbiyaning qaysidir yoshdagi terma jamoasida ishlagandingiz. O‘zbekiston olimpiya termasida esa hamyurtingiz Lyubinko Drulovich faoliyat olib bordi. Ammo u jamoamizni Olimpiadaga olib chiqa olmadi. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?

- Serbiya futbol federatsiyasi yoki turli yoshlardagi terma jamoalarda ishlamaganman. Tojikistonda ikki bor – 2013 va 2015 yillarda meni mahalliy terma jamoada ishlashga taklif qilishgan. Drulovichni esa yaxshi murabbiy deb hisoblayman. Buni uning natijalari ham tasdiqlaydi. O‘z vaqtida Drulovich Serbiya yoshlari bilan Yevropa chempioni bo‘lgan. Lekin uning O‘zbekiston olimpiya terma jamoasidagi ishlarini kuzata olganim yo‘q. To‘g‘risi, buning uchun menda bo‘sh vaqt bo‘lmadi. Faqat Osiyo chempionatida termangizning yarim finaldagi o‘yinini tomosha qildim xolos. Afsuski, so‘nggi pallada hammasi barbod bo‘ldi. Futbolda barchasi o‘zingiz istagandek yakunlanavermaydi. Asosiysi, futbolchilaringizda potensial bor. Shuning evaziga bundan keyin ularning ishlari yurishib ketishiga shubha qilmayman.

- Chempionatimizda ham serbiyaliklar bor. Ularning qaysilari bilan yaqin munosabatdasiz?
- Ha, chempionatingizda serbiyalik qator futbolchilar to‘p surishayotganidan xabarim bor. Ularning orasida Dragan Cheran hamda Vladimir Bubanya bilan shaxsan tanishman. Ikkalasi juda yaxshi inson va o‘yinchidir. Biz tez-tez gaplashib turamiz. Ularning o‘zbek futbolida o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymay to‘p surayotganidan xursandman. Qolaversa, Cheran endilikda o‘zbek futbolidagi eng mashhur ijrochilardan biriga ko‘tarilgan.

- Qachondir sizga ham O‘zbekiston klublaridan taklif bo‘lganmi? Umuman, o‘zingizni chempionatimizda sinab ko‘rishga qiziqishingiz bormi?
- Savolingiz uchun rahmat. O‘zbek futbolining saviyasi ancha yuqori. Men futbolingizni Osiyodagi eng yaxshilaridan biri deb hisoblayman. O‘ylaymanki, o‘zbek klublaridan biri tez orada Osiyo Chempionlar ligasini yutishi mumkin. Agar menga o‘zimni chempionatingizda sinab ko‘rish haqidagi taklif bilan chiqsalar, bundan quvongan bo‘lardim. Shu zahoti bunday taklifga rozilik berib, o‘zbek futbolida omadimni sinashga tayyorman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tojikistonda o‘tkazayotgan yillari, futbolimiz haqidagi maqtov va Superligamizda ishlash istagidagi serbiyalik Nikola Lazarevich!