2 637
«Bunyodkor»ning moliyaviy holati, jamoaning vazifasi, koronavirusning o‘zbek klublariga ta’siri haqida
«Bunyodkor» bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan intervyu e’lon qilingandi. Unda murabbiy jamoa o‘yinchilari 3 oydan beri maosh olishmayotgani haqida aytib o‘tgandi. Vaziyat o‘zgargan yoki o‘zgarmaganligini bilish uchun klub bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev bilan suhbat uyushtirdik.
– Ulug‘bek aka, jamoaning moliyaviy holati qanday? Avvalroq klub o‘yinchilari 2020 yilda umuman maosh olishmagani haqida xabarlar tarqalgandi.
– Jamoaning moliyaviy holati yaxshilanmoqda. Futbolchi, murabbiy va xodimlarga yanvar oyi maoshlari berildi. Homiylarimiz shu haftada fevral oyligini berishni ham ma’lum qilishgan.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi, umuman, butun dunyodagi homiylik hisobiga yashaydigan klublar koronavirus pandemiyasi davrida yuzaga kelgan moliyaviy inqiroz tufayli og‘ir vaziyatni boshdan kechirmoqda. Lekin bunday holat «Bunyodkor» tarixida birinchi bor sodir bo‘layotgani yo‘q. Esingizda bo‘lsa, 2010-2011 yillarda ham klubda inqiroz yuz bergan.
Shuni aytishim kerakki, klubga 9 yil davomida UzTransGaz homiylik qildi. 2020 yildan esa Uzbekneftegaz homiyligi ostiga o‘tganmiz. Avvalgi intervyuda bosh murabbiyimiz Vadim Abramov biroz yanglishgan. Jamoaning hozirgi homiysi UzTransGaz emas, Uzbekneftegaz`dir.
– Jamoaga biriktirilgan homiylar aslida pul berishga majburmi yoki bu ularning ixtiyoridami?
– Hukumat qarori bilan klublarga homiylar biriktirilgan. Lekin qancha mablag‘ berish, yillik smeta miqdorini belgilash homiy tashkilotlar ixtiyorida.
– Klub boqimandalikdan xalos bo‘lish uchun nimalar qilmoqda?
– «Bunyodkor» – o‘zini-o‘zi boqish uchun yangiliklar qilishga urinayotgan klublardan biri. Mana, o‘tgan mavsumdan beri bir qancha kompaniyalar bilan ularning brendlarini uy o‘yinlarimizda, liboslarimizda, saytimizda reklama qilish bo‘yicha shartnomalar imzoladik. Akademiyamizda tijorat yo‘nalishini yo‘lga qo‘ydik, ya’ni badal puli evaziga mashg‘ulotlarimizga qatnaydigan yosh futbolchilar guruhlarini tashkil etdik. Bundan tashqari o‘yinchilarimiz transferi va ijarasidan ham daromad topyapmiz. Ammo tan olishimiz kerakki, bular yetarli emas. Biz ko‘proq pul topishga majburmiz, chunki yutuqlar ortida katta sarf-xarajatlar turadi.
Pandemiya tugaganidan so‘ng stadionimizda konsertlar, yilda 1-2 bor xorij klublari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etmoqchimiz. O‘rtoqlik bahslariga eng kamida Turkiya jamoalarini taklif etishni maqsad qilganmiz. Bu yo‘l orqali chiptalar savdosidan, teletranslyatsiyalardan yaxshigina mablag‘ topsak bo‘ladi.
– PFL klublarning boqimandalikdan qutulishi uchun ularga erkinlik yaratib beryaptimi?
– Butun dunyodagi klublar asosan 2 xil yo‘l bilan daromad topadi: teletranslyatsiyalar va reklamalar. Lekin bizning klublar uchun bu yo‘llar yopilgan desam ham bo‘ladi. Chunki teletranslyatsiyalar to‘lig‘icha PFL qo‘lida. Ammo bizda translyatsiyalardan ko‘p pul tushadi, deb ham bo‘lmaydi. Maydon chetidagi reklama bannerlarining esa 50 foizi klublarga berilgan. Bu borada ham cheklovlar mavjud. Masalan, PFL Coca Cola bilan shartnoma imzolagani uchun klublar boshqa gazlangan ichimliklar kompaniyalariga reklama xizmatini taqdim eta olmayapti.
Bizga Pepsi'dan taklif bo‘ldi, lekin Superliga rasmiy titul homiysining cheklovi tufayli moliyaviy jihatdan foydali bo‘lgan shartnomadan quruq qoldik. Bu bilan PFL va O‘FAni qoralamoqchi emasman. Ammo pandemiyadan so‘ng yuzaga keladigan inqiroz tufayli shunday jihatlarni o‘ylashga majburmiz. Yaqin kunlarda mana shu masalalar va taqiqlar bo‘yicha PFLga taklif, iltimoslar bilan chiqmoqchimiz.
– Jamoa reklamalar orqali daromad ko‘ryaptimi?
– Ha, lekin yetarli emas. «Bunyorkor» tarixida birinchi marta futbolchilar libosining orqa tomonidagi raqamlar ostida reklama brendi paydo bo‘ldi. Bundan hisobimizga yaxshigina mablag‘ kelib tushdi. Bundan tashqari o‘tgan yili 20ga yaqin kompaniyalar bilan reklama shartnomalarini imzoladik. Yildan yilga bu borada rivojlanishga erishmoqchimiz.
Qo‘shimcha qilib shuni aytishim mumkinki, koronavirusga qadar ko‘plab potensial reklama beruvchilar bilan muzokaralar olib borayotgandik. Ammo pandemiya tufayli muzokaralar to‘xtab qoldi.
– Butun dunyoda klublar karantin davrida murabbiy va futbolchilar maoshini qisqartirmoqda. Xo‘sh, «Bunyodkor»da ham shunday bo‘ladimi?
– Bunday holatlar asosan yuqori maosh to‘laydigan top-klublarda kuzatilmoqda. Bizning futbolchi va murabbiylar o‘zi shundoq ham kam oylik olishadi. Futbolchilardan qarzimiz bo‘lib turgan davrda ulardan maoshlari qisqarishini so‘rash to‘g‘ri bo‘lmasa kerak.
– Koronavirusdan keyingi moliyaviy inqiroz o‘zbek klublariga, xususan, «Bunyodkor»ga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?
– Jamoalar endi ko‘rpasiga qarab oyoq uzatishiga to‘g‘ri keladi. Nafaqat bizda, 90 foiz o‘zbek jamoalarida muammolar yuzaga kelishi mumkin. Hali o‘z-o‘zini ta’minlaydigan klub emasmiz. Ammo og‘ir vaziyatga qaramay, bizni moliyalashtirishda davom etayotgan «O‘zbekneftegaz» aksionerlik kompaniyasiga minnatdorchilik bildiramiz.
– Inqiroz tufayli «Bunyodkor» yetakchi o‘yinchilarini sotishga majbur bo‘lmaydimi?
– Har yili kamida 1-2 akademiya o‘yinchilarini xorij jamoalariga sotish va bundan daromad olish – klubning ustuvor vazifasi. Majburlikdan emas, reja asosida o‘yinchilarni transfer qilamiz. Prezidentimizning 2019 yil 4 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlarida ham mahalliy o‘yinchilarni xorij klublariga transfer qilish kerakligi aytilgan. Mahalliy futbolchilarning xorijga yo‘l olishi nafaqat bizning, O‘zbekiston milliy jamoasining manfaatlariga ham xizmat qiladi.
A’zamjon Izzatillayev suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...