11:30 / 11.05.2020
2 133

Doston Ibragimov: “Maqsadim Osiyoda eng yaxshi futbolchi bo‘lish”

Doston Ibragimov: “Maqsadim Osiyoda eng yaxshi futbolchi bo‘lish”
"Qizilqum" klubi yarim himoyachisi Doston Ibragimov bilan turli mavzularda suhbatlashdik.
- Doston yaxshimisiz, karantin vaqti bo‘lishiga qaramasdan bugungi intervyumizga yo‘q demaganingiz uchun katta rahmat. Avvalo karantin vaqtida nimalar bilan mashg‘ulsiz. Uy sharoitida mashg‘ulotlar qanday kechmoqda?
- Albatta karantin vaqtida xamma qatori qoidalarga rioya qilgan holda uyda iloji boricha sport formamni yo‘qotmaslik uchun doimiy uy sharoitidan kelib chiqib mashg‘ulotlar olib bormoqdaman. Menimcha xar bir professional futbolchi sport formasini yo‘qotmaslik uchun uyda shug‘ullanib turishi lozim.

- Futbolga qanday qiziqqansiz va dastlabki saboqlarni qayerda olgansiz. Futboldagi birinchi murabbiyingiz kim?
- Futbolga qiziqmaydigan bola bo‘lmasa kerak deb o‘ylayman. Men ham hamma bolalar kabi ko‘chada futbol o‘ynab yurardim. Futbolchi bo‘lishimga esa asosiy sababchi onam deb bilaman. Chunki bir kuni yozgi ta’til vaqtida bekor yurma bezori bo‘lib, birorta sport bilan shug‘ullangin bolam deb tavsiya bergandilar. Lekin futbolni juda yaxshi ko‘rishimni bilar edilar.
Shunda futbolga qo‘yaymi borasanmi deganlarida, mayli agar qo‘yolsangiz juda zo‘r bulardi deb xursand bo‘lgan edim va bo‘ldi bolam boraver gaplashib qo‘ydim deganlarida ishonmagandim. Ertasiga o‘zim xam ishonmay maydonga borganimda murabbiy Vladimir Petrovich Gavrilovga onam yubordilar desam, bo‘ldi qo‘shil mashg‘ulotga dedilar. Shu bilan futboldagi faoliyatim mana shu yerdan boshlangan.

- Eshitishimcha 2010 yilda Navoiy shahrida o‘tkazilgan “Zarapetyan” xotira turniridan so‘ng muborakning “Mash’al” akademiyasi tarbiyalanuvchisiga aylangansiz. Undan so‘ng “Mash’al” akademiyasidan “Paxtakor” akademiyasiga o‘tdingiz. Mana shu “Mash’al” akademiyasi tarbiyalanuvchisiga aylanish xamda “Paxtakor” akademiyasi sari yo‘l olish voqealari xaqida biroz gapirib bersangiz. Xo‘sh bular qanday bo‘lgan edi?
- Ha shu yili Navoiyga musobaqada ishtirok etish uchun Muborakning “Mash’al” akademiyasi 2ta yosh toifasi 1996 yil va 1997 yilda tug‘ilgan jamoalari tashrif buyurishdi. Musobaqa esa 1995-1996 yillarda tug‘ilganlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan edi. Biz bilan bir guruhdan Mash’al-1996 jamoasi ham o‘rin olgandi. Aynan musobaqa doirasida shu jamoaga qarshi o‘yindan so‘ng Mash’al-1997 jamoasi murabbiyi Bahodir Shaymardonov o‘z jamoasiga meni taklif qildi.

Shu bahona “Mash’al”ga borib qolganman. U yerga borganimda o‘sha vaqtlar xaqiqatdan xam “Mash’al” akademiyasini O‘zbekistonda birinchi raqamli akademiya ekanligini tushunib yetdim. Sekin-asta o‘sha yildan boshlab “Nasaf” va “Bunyodkor” xam o‘z akademiyasini yarata boshladi. Hozirgi kunda barcha biladi ushbu akademiyalar sharoiti qay darajada ekanligini. “Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisiga aylanishimga kelsak, Buxoroda o‘tkazilgan Respublika chempionati sabab bo‘lgan.

Musobaqa pley-offida biz Paxtakor-1997 jamoasi bilan to‘qnash kelganmiz. O‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlanib, penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchraganmiz. Shu bahsda gol urib uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘lgandim. “Paxtakor” jamoasi murabbiyi Jasur aka Abduraimov bir yildan so‘ng menga qo‘ng‘iroq qildilar. Musobaqani menga eslatdilar va “Paxtakor”ga taklif qildilar. Shunda albatta deb juda xursand bo‘lganman. Shunday qilib 2013 yil bahorida “Paxtakor”ga borib qo‘shilganman.

- “Paxtakor”dagi yillar qanday kechdi umuman u yerdagi qiyinchiliklar va xursandchiliklar haqida o‘rtoqlashsangiz. Sizni shu darajaga yetishingizda qaysi murabbiyingizni sababchi deb o‘ylaysiz?
- “Paxtakor”dagi qiyinchiliklar buni har bir futbolchi xam boshidan o‘tkaza olmaydi. “Paxtakor”ning asosiy jamoasida esa o‘ynash bu menimcha har bir futbolchiga ham nasib etavermaydi. Chunki “Paxtakor”da faqat kuchli futbolchilargina to‘p tepgan va o‘ylaymanki bundan keyin ham shunday bo‘ladi. “Paxtakor”dagi xursandchiliklarimni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Bu davrlar futboldagi eng yorkin davrlarim deb bilaman. Bu darajaga yetishimga kelsak albatta birinchi murabbiyim Vladimir Petrovich sababchi deb bilaman. Bu inson bo‘lmaganida men futbolchi bo‘lolmasdim deb hisoblayman!

- “Buxoro” jamoasiga ijaraga berilganingiz xaqida nima deya olasiz. O‘sha vaqtda “Buxoro” jamoasi variantidan ham boshqa variantlar bormidi? Nega aynan mazkur jamoani tanladingiz?
- “Buxoro” jamoasiga kelsak aytsam ishonmaysiz, o‘sha vaqtlar futboldagi faoliyatim uchun qiyin davrlar bo‘lgan. “Buxoro” jamoasini o‘zim tanlaganman. Oldimda boshqa variantlar ham bo‘lgan. Ammo bu variant menga dalda bo‘lgan. Chunki u yerda Baxtiyor aka Ashurmatov murabbiy edi va aynan shu murabbiy sabab men yana futbolga qaytdim. Albatta murabbiylar va muxlislarni ham ko‘magi menga juda katta dalda bo‘ldi. Men “Buxoro” jamoasini hech qachon unutmayman. “Buxoro”ga rahmat aytib qolmoqchiman va bu jamoa yuragimda yashaydi.

- “Qizilqum”da “Buxoro” yoki “Paxtakor”dagidek o‘yiningiz chiqmayotganiga nima sabab bo‘lmoqda?
- “Qizilqum” jamoasida o‘yinim chiqmayotganiga kelsak, bunga sabab faqat o‘zim deb o‘ylayman. Boshqa hech qanaqa sabab bo‘lishi mumkin emas.

- Umuman sizga xorij klublaridan ham takliflar bo‘lganmi? Agarda Yevropada to‘p tep imkoniyati bo‘lsa qaysi chempionat yoki jamoani tanlagan bo‘lar edingiz kamida?
- Yevropa klublaridan xozircha takliflar bo‘lganicha yo‘q. Lekin xudo xohlasa bo‘ladi. Niyatim ham shu Yevropada o‘ynash. Tanlash kerak bo‘lsa Rossiya chempionatini tanlagan bo‘lardim.

- Agarda futbolchi bo‘lmaganingizda qaysi sohada o‘zingizni tasavvur qilasiz?
- To‘g‘risi futboldan boshqa sohada o‘zimni tasavvur qilmaganman va boshqa sohada tasavvur ham qilolmayman.

- Futboldagi kumringiz?
- Futboldagi kumirim Krishtianu Ronaldu va David Vilya.

- Siz uchun eng kuchli jamoa, murabbiy hamda futbolchi?
- Eng kuchli jamoa men uchun "Real Madrid" va O‘zbekistonda “Paxtakor”. Eng kuchli murabbiy esa Gvardiola hamda O‘zbekistonda Jasur Abduraimov. Eng kuchli futbolchi Krishtianu Ronaldu va bizda Jaloliddin Masharipov.

- Nima uchun Ronalduni Messidan ustun qo‘yasiz?
- Chunki Messida qobiliyat bo‘lsa, Ronalduda qobiliyat bilan birgalikda mehnat ham bor.

- Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
- Kelajakda rejalarim O‘zbekistonni Jahon chempionatiga chiqishiga xissa qo‘shish va Osiyoda eng yaxshi futbolchi bo‘lish.

Shahboz G‘ulomov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Doston Ibragimov: “Maqsadim Osiyoda eng yaxshi futbolchi bo‘lish”