08:39 / 14.05.2020
2 137

Jamoadoshini Cherandan ustun qo‘ygan Grigalashvili xususida

Jamoadoshini Cherandan ustun qo‘ygan Grigalashvili xususida
Hamma vaqt legionerlar masalasi alohida mavzu bo‘lib kelgan. Negaki, chempionatimizda ularning orasida maqtovga sazovor bo‘layotganlari bilan bir qatorda o‘zimizning qora ko‘zlarga o‘rnak bo‘lishni eplay olmayotgan legionerlar ham bor. Shuning uchun ham ko‘pincha xorijlik futbolchilarning o‘yini va klubga qanchalik foyda keltirayotganliklari muhokama qilinadi.

Hech kimga sir emaski, Superligamizda oxirgi paytlarda serbiyalik Dragan Cheranning o‘yinlari barchaga manzur bo‘lmoqda. Natijada ushbu o‘yinchi eng yaxshi legioner deya e’tirof etilmoqda. Biroq chempionatimizda u bilan bir qatorda tilga olinishga loyiq bo‘lgan yana ayrim xorijlik o‘yinchilar ham bor desak, adolatdan bo‘ladi.

O‘z o‘yinlari bilan muxlislar mehrini qozongan legionerlardan AGMKda to‘p surayotgan gruziyalik Elguja Grigalashvilini e’tirof etsak arziydi.

Yurtimizdagi faoliyatini “Qizilqum” klubida boshlagan futbolchi qisqa fursat ichida qanday saviyadagi o‘yinchi ekanligini ko‘rsata oldi. Buning evaziga unga ko‘plab klublarimiz “sovchi” jo‘natishni boshladilar. Guja esa faoliyatida o‘zgarishga qo‘l urish maqsadida o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmidan AGMK jamoasiga o‘tdi.

O‘zidan iliq taassurot qoldirishining asosiy sababi nima?
Shubhasiz, Grigalashvili Superligamizda faoliyat olib borayotgan gruziyalik futbolchilar orasida eng yaxshisi bo‘lib turibdi. To‘g‘ri, uning maydondagi harakatlari biroz og‘ir bo‘lsa-da, ammo zimmasidagi vazifalarni uddalab kelmoqda. Xo‘sh, u bunga qanday erishmoqda?

- Rostini aytsam, buning hech qanday siri yo‘q. Qolaversa, o‘zimni oddiy futbolchi, deb hisoblayman. Shunchaki, o‘z ishimni juda yoqtiraman. Maydonda esa hammasi o‘z-o‘zidan yuz beraveradi, - deydi Elguja.

Guja AGMKda qanchalik baxtiyor?
Legioner futbolchining yangi jamoasida o‘zini qanchalik qulay his qilishi va o‘sha yerga qay darajada moslashib ketishiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Bunday omillar esa yakunda futbolchining o‘yini qanday ko‘rinish olishini belgilab beradi. Biz undan AGMKda o‘zii qanday his qilayotganini so‘raganimizda javobi aniq va lo‘nda bo‘ldi:

- Bilasizmi, agar o‘zimni baxtiyor his qilmasam, allaqachon ketgan bo‘lardim.

Karantin paytida ortiqcha vaznga ega bo‘lishdan xavotirdami yoki...
15 martdan buyon chempionatimiz to‘xtatib qo‘yilganini yaxshi bilasiz. Bundan holatda esa futbolchilar o‘z uylarida individual tarzda shug‘ullanib kelishmoqda. Lekin, baribir, maydonda jamoa bilan shug‘ullanishning gashti boshqacha bo‘ladi. Karantin chog‘ida esa futbolchi o‘z ishiga professional tomondan yondashar ekan, unda ortiqcha vazn kuzatilmasligi tabiiy. Bu borada Grigalashvilining holati qanday? Ortiqcha vazn uni bezovta qilmas ekan:

- Aksincha, o‘tgan vaqt davomida naqd 4 kilogramga ozdim. Ochig‘i, buning sababini o‘zim ham bilmayapman.

Uning uchun chempionatimizdagi qaysi legioner kuchli?
Maqolamiz boshida Superligadagi eng yaxshi legioner sifatida “Paxtakor” futbolchisi Dragan Cheranga to‘xtalib o‘tgandik. Yurtimizdagi xorijlik o‘yinchilar ham bir-birlarining o‘yinlari hamda natijalarini diqqat bilan kuzatib borishlariga shubha yo‘q. Qolaversa, har kimning didi har xil bo‘ladi. Ko‘pchilikka Cheranning o‘yinlari yoqayotganligi sababli hamma uni maqtovlarga “ko‘mib” yuborayotgani ham sir emas. Shu masalada AGMK legioneri Guja bilan gaplashganimizda, uning bu boradagi munosabati boshqalarnikidan biroz farq qilgan holda jamoadoshini ustun qo‘ydi.

- Natija bo‘yicha Dragan Cheranni aytish mumkin, lekin menga Mate Vatsadze ko‘proq yoqadi.

Arveladze bilan “Paxtakor”da ishlashni xohlaydimi?
Cheranga “Paxtakor”da ustozlik qilayotgan Shota Arveladze Grigalashvilining hamyurti. Ular bir-birlarini tanishlariga shubha bo‘lmasa kerak. Bizni qiziqtirgani shuki, Guja ham Arveladze qo‘li ostida “Paxtakor”da to‘p surishni xohlaydimi? Lekin bu masalada ushbu futbolchi ehtiyotkorlik bilan qisqacha shunday dedi:

- Ha, biz Arveladze bilan tanishmiz. O‘ylaymanki, O‘zbekistondagi har bir futbolchi “Paxtakor”da to‘p sursam, deydi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jamoadoshini Cherandan ustun qo‘ygan Grigalashvili xususida