Amaldagi chempion “Paxtakor”ning Jizzaxda qoqilishini balki ko‘pchilik kutmagan bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda aytganda, “So‘g‘diyona”ning g‘alabasidan biroz ajablanganlar ham topiladi.
Lekin tan olish kerakki, maydon egalari g‘alaba uchun qattiq mehnat qilishdi va haqli ravishda uch ochkoni qo‘lga kiritishdi.
“Paxtakor”ga qarshi o‘yinda jonbozlik ko‘rsatib, ter to‘kkan futbolchilardan biri – San’at Shixov Sports.uz muxbiri bilan muloqotda avvalo g‘alaba nimaning evaziga qo‘lga kiritilgani xususida gapirdi.
- Jamoaviy o‘yin hisobiga g‘alaba qozondik. Mashg‘ulotlarimizda ham astoydil ishladik. “Paxtakor”ga qarshi o‘zgacha taktika qo‘llagandik. Ulug‘bek Baqoyev jamoaviy o‘yinga ko‘proq urg‘u berdi. Shuning samarasi bilindi. “Paxtakor”ga qarshi hamma jabhada ustunlik qildik deb o‘ylayman. Raqib jamoada golli imkoniyatlar unchalik ko‘p ham bo‘lmadi. Buning ustiga birinchi bo‘limda penaltidan gol ura olmadik. Bundan tashqari, yana boshqa golli vaziyatlarni ham yarata oldik. Shu bois bemalol aytishim kerakki, bizning g‘alabamiz aslo kutilmagan natija emas. Aksincha, 1:0 hisobidagi natija o‘yinga biroz mos bo‘lmadi. Chunki o‘z imkoniyatlarimizdan foydalanganimizda hisob 2:0 yoki 3:0 ham bo‘lishi mumkin edi.
Ma’lumki, “So‘g‘diyona” chempionatni qoniqarsiz boshlagan holda ikkita mag‘lubiyat va bir durang qayd etgandi. Balki pandemiya bo‘lmasdan hammasi oldingidek davom etganida, jizzaxliklar omadsiz o‘yinlardan so‘ng 4-turda “Paxtakor”ni yuta olgan bo‘larmidi? Bu masalada Shixovning javobi quyidagicha bo‘ldi:
- Bilmadim, bo‘ladigan ish bo‘ldi. Pandemiya bo‘lmasa yoki boshqa narsa bo‘lmasa, degan savollar noo‘rin. Mana, o‘yin bugun bo‘lishi kerak ekan, shunday ham bo‘ldi. Bu o‘yin oldin, kechami yoki ertaga bo‘lganidami, men bashorat qilmayman. Muhimi, biz “Paxtakor”ni yutdik. To‘g‘ri, pandemiya hammaga og‘ir keldi. Baribir bu vaziyatdan chiqib ketish kerak, axir shu bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Biz shu kunni kutib yashadik. Futbolchilar uchun maydondan tashqarida qolib ketish juda og‘ir edi. Xudoga shukrki, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi va shuncha kutganimizga yarasha g‘alaba biz tomonda bo‘ldi.
“So‘g‘diyona” “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchrata oldimi, demak, chempionning ham kuchsiz jihatlari bor va buni jizzaxliklar amalda ko‘rsatib bera olishdi. San’at bilan uchrashuvni muhokama qilish jarayonida “Paxtakor”ning ojiz nuqtasi haqida gap ketdi va bu borada futbolchi o‘z fikrini bildirdi.
- Har bir jamoaning o‘ziga yarasha muammoli taraflari bo‘ladi. To‘g‘ri, “Paxtakor” yaxshi shakllangan jamoa. Ularni hurmat qilamiz, o‘tgan yilgi chempion! Ammo “Paxtakor” ham bizni hurmat qilishi kerakligini bugun ko‘rsatib qo‘ydik. Raqib chempion ekan, deb maydonga qo‘rqib tushish ham noo‘rin. Biz ham futbolda ko‘p yillardan beri yuribmiz. Aytmoqchimanki, futbolga kecha kelib qolib, bugun “Paxtakor”ni yutganimiz yo‘q. Bu – futbol. Unda esa barcha klublarning kuchli va kuchsiz tomonlari bo‘ladi. O‘yindan avval murabbiylarimiz raqibni o‘rganishdi, izlanishdi va bizga muammoli taraflarini o‘rgatishdi.
“Paxtakor”ning ham kamchiliklarini bilamiz. Ular ham bizga o‘xshagan oddiy inson va futbolchi. To‘g‘risi, bugun g‘alaba qozonishimizga aksariyat jamoadoshlarim ham ishonishgandi. Asosiysi, murabbiylarimiz bizni g‘alaba qozonishimizga ishontira olishdi. To‘g‘ri, “Paxtakor”ning boshqa klublarga qaraganda kamchiligi kamroq. Lekin meni ularning ojiz nuqtalari haqida gapirish niyatim yo‘q. Shuni aytmoqchimanki, ko‘proq yugurgan va g‘alabani xohlagan jamoa g‘alaba qozondi.
- “So‘g‘diyona” jamoasining hech kimga biror nimani isbotlash niyati yo‘q. Klubga biz kelgunimizga qadar ham “So‘g‘diyona” o‘tgan yili o‘zini ko‘rsatib qo‘ygan. Har bir jamoaning o‘ziga yarasha g‘ururi bor. Baribir hech kim maydonga yutqazaman, deb tushmaydi. Shunday ekan, biz ham faqat g‘alaba qozonish ilinjida maydonga tushdik. Ko‘proq jamoamizga ochko kerak edi.
Shuningdek, birinchi bo‘limda mezbonlar penaltidan gol ura olishmadi. “Paxtakor”dek bilan bahsda bunday o‘ta qulay imkoniyatdan foydalana olmaslik yakunda juda qimmatga tushishi mumkin edi. Biroq “So‘g‘diyona” futbolchilari baribir o‘z irodalarini ko‘rsatishdi. Shixov esa 11 metrli jarimadan foydalana olishmaganida ham bundan tushkunlikka tushishmaganini aytdi.
- Penalti – bu lotereya. Agar o‘shanda Shoxruz Norxonov gol urganida balki o‘yin yanada boshqacha kechardi. Shunga qaramay, baribir yutishimizga ishongandik. Ishonchga yarasha o‘zimiz ham harakat qildik. Buning uchun barcha jamoadoshlarimga rahmat aytaman. Baribir qanday o‘ynaganimiz endi hech kimni qiziqtirmaydi. Agar ikki haftadan so‘ng “So‘g‘diyona” – “Paxtakor” o‘yini qanday bo‘lgandi desa, ko‘pchilik eslay olmaydi, ammo hisob 1:0 bo‘lganini hamma biladi. Jizzaxlik muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar