13:06 / 15.06.2020
2 098

Shota Arveladze hayotidan: Qamoq, o‘lim xavfi va haqiqatga berilgan jazo! “Barsa” yulduzidan futbolka so‘rab, pushaymon bo‘lganman (1-qism)

Shota Arveladze hayotidan: Qamoq, o‘lim xavfi va haqiqatga berilgan jazo! “Barsa” yulduzidan futbolka so‘rab, pushaymon bo‘lganman (1-qism)
“Paxtakor”ni muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan Gruziya futboli afsonasi Shota Arveladze jurnalistlarga katta intervyu berib, Shon Konneri, Lui van Gal, Vaxtan Kikabidze kabi mashhurlar bilan munosabati, hayotidagi quvonchli lahzalar, qamoqda o‘tirgani, tergovga tortilgani, o‘lim tahdidi va boshqa ko‘plab qiziq voqealar haqida gapirib berdi.

Shuningdek, Gruziya, Gollandiya va Shotlandiya chempioni, “Paxtakor”ni chempionlik sari yetaklagan Shota Arveladze quyidagi qiziqarli ma’lumotlar haqida ham muxlislarga hech kim bilmagan faktlarni oshkor qildi:

Shota nega 23 yoshligida Ispaniyaning top klubi taklifini rad etgan?
Ronald de Bur uni “Ayaks”dagi ilk mashg‘ulotida qanday qutqarib qolgan?
Nega van Galni darvozabonsiz o‘ynashga undagan?


- Ota-onangiz shifokor. Uchta o‘g‘ilning futbolchi bo‘lishiga qanday qarashgan?
- Otamning o‘zi 18 yoshgacha futbol o‘ynagan. Texnikasi zo‘r bo‘lgan. Tizzasidagi jarohat tufayli futbolni tashlagan. Hozir akademik. Onam, buvim va bobom “Futbol – kasb emas, o‘qish kerak”, deb takrorlashardi. Ko‘p tortishganmiz. Natijada Revaz kimyo fakultetida, men va Archil iqtisodiyotda o‘qib, diplomlarni stolga qo‘yganmizda, keyin bor e’tiborimizni futbolga qaratganmiz.

- Trabzonda siz va Archilni Maradoni Neapolda kutib olinganidek qarshilashgani rostmi?
- Ikkinchi marotaba borganimizda shunday bo‘lgan. Yarim yildan keyin ijaradan “Dinamo”ga qaytganmiz va mustaqil Gruziya tarixida ilk bor Yevropa Chempionlar ligasida o‘ynaganmiz. Keyin jamoamizni chetlatishdi va biz butunlay “Trabzonspor”ga o‘tib ketdik. Ana o‘shanda minglab muxlislar bizni aeroportda kutib olgan va qo‘lda ko‘tarib ketmoqchi bo‘lishgan.

- Turkiyada ikki marta ikkinchi o‘rinni egallagansiz. Qay birida chempionlikka yaqin edingiz?
- 1995-1996 yilgi mavsumda 15 ta o‘yinda yutqazmadik va peshqadamlik qilayotgan edik. So‘nggi turlardan birida “Fenerbaxche” bilan durang ham qoniqtirardi. Bu jamoani jahon chempioni Perreyra boshqarardi. Tanaffusgacha 1:0 hisobida oldinda edik. Lekin 1:2 hisobida yutqazdik. Muxlislarimiz quyushqondan chiqib ketdi va bizni bazaga olib kelishdi. O‘yinchilarni uyga qo‘yib yuborish xavfli edi.

Ertasiga terma jamoa ixtiyoriga uchib ketish uchun bilet olgani bordim. Odamlar menga qotib qarab turardi. Bungacha mamlakat kubogida g‘olib chiqqandik, men to‘purarlar bahsida zafar quchgandim. Ular uchun chempionlik muhim edi, biz esa uni boy berdik.

- O‘shanda sizni “Deportivo” chorlagandi. Nega rad etgansiz?
- Kubok egalari kubogidagi o‘yinimizdan keyin “Depor” Archil ikkimizni olishni istagandi. Archil jarohatini operatsiya qildirib, yarim yilga safdan chiqdi. Ispanlar 1996 yil may oyning oxirida keldi. Shu kuni Chempionlar ligasida finalida “Ayaks” va “Yuventus” o‘ynashi kerak edi. Biz kunduzi uchrashib, kechqurun futbol tomosha qilmoqchi edik. Lekin ispanlar bilan 10 soat gaplashib ham kelisha olmadik.

- Nega?
- Ular bir o‘zimni olmoqchi bo‘lishdi, men esa hassatayoqdagi Archilni yolg‘izlatib qo‘ya olmasdim. “Trabzonspor” bilan shartnomamiz yakunlangan edi, agar men “Deportivo”ga o‘tsam, Archil Gruziyaga qaytib ketardi. U paytlar Gruziyada sifatli muolaja olish qiyin edi. Men ispanlarga Archilni ham olib, tuzalib maydonga qaytganidan keyin pul to‘lashni taklif qildim. Ular rad etishdi. Men ularga “Archilni olmas ekansizlar men ham bormayman”, - dedim. Ular hayron bo‘ldi. Chunki “Depor” u paytlar primera yetakchilaridan biri edi.

- Qanday qilib Nemsadzeni “Manchester Siti”dan turk klubiga jalb qildingiz?
- Men jalb qilganim yo‘q. U “Siti”ga Kinkladze va Kavelashvilining oldiga borgan. Shartnomani ham kelishib bo‘lishgan. Lekin yakunda transfer amalga oshmay qolgan. Giya xafa tarzda Frankfurtga keldi. “Trabzonspor” shu yerda yig‘inda edi. Mendan bosh murabbiyimiz Shenol Guneshga tavsiya qilishni so‘radi. Murabbiy Nemsadzeni bilarkan va darrov jamoaga qo‘shib oldi. Keyin Gocha Jamarauli keldi, Archil ham safga qaytdi. Biz uchta legioner limitiga sig‘may qoldik. Kimdir doim zaxirada qoladigan bo‘ldi. Yaxshiyamki, termada bunaqa cheklov yo‘q.

- Terma jamoadagi eng ta’sirli g‘alabalar qaysi?
“Yevro-1996” saralashida Giggz boshchiligidagi Uelsni va jahon chempionati yarim finalida o‘ynagan Bolgariyani mag‘lub etganmiz. Bizni tanqid qilganlar g‘alabamizdan hayratlangan. Bolgarlar bilan o‘yinda 2:1 yutayotganimizda “Barsa” yulduzi Xristo Stoichkovdan futbolkasini so‘raganman. U meni qo‘li bilan turtib o‘tib ketgan. Noqulay vaziyat. Shundan buyon hech kimdan futbolka so‘ramayman. Keyin biz Xristo bilan ko‘p uchrashdik. Lekin qilig‘ini eslatmadim.

- Angliya bilan o‘yinda “Uembli”da muhit qanday edi?
- Hamma tarixiy stadionga borishni istardi. Stadion rekonstruksiyaga yopilishi kerak edi. Londonga o‘yinchilarning qarindoshlari ham kelgan. Biz 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin shahar aylanganmiz. Kinkladze bilan odamlar kimni birinchi tanishi bo‘yicha garov bog‘laganmiz. Unga ko‘ra, yutqazgan 15 kishini kechki ovqatga olib borishi kerak edi. Kinkladze Angliyada yulduz edi. Men Archilga orqaroqqa o‘tib, meni baland ovozda chaqirishini tayinladim. Londonda turklar ko‘p. Ular meni tanib, rasmga tushish uchun kelishdi. Shunday qilib, Kinkladzeni ovqatga tushirganmiz.

Davomi bor...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shota Arveladze hayotidan: Qamoq, o‘lim xavfi va haqiqatga berilgan jazo! “Barsa” yulduzidan futbolka so‘rab, pushaymon bo‘lganman (1-qism)