08:21 / 25.06.2020
3 303

Legionerimizni “o‘zbek Messi”si deb atay boshlashdi

Legionerimizni “o‘zbek Messi”si deb atay boshlashdi
Bugun xorijda o‘ynayotgan o‘zbekistonlik legionerlar orasida Eldor Shomurodovning mashhurligi ortib borayotgan bo‘lsa-da, Rossiya premer-ligasiga endigina ko‘chib o‘tgan Oston O‘runov ham muxlislar mehri va hurmatini, mutaxassislar e’tibori va e’tirofini qozona boshladi.

Premer-liga restartidagi ilk uchrashuvini o‘z maydonida “Tambov” futbolchilariga qarshi o‘tkazgan “Ufa” jamoasi 2:1 hisobida zafar quchdi. Yevrokuboklarga yo‘llanma olish maqsadida o‘zgacha ishtiyoq bilan harakat qilayotgan ufaliklar uchun bu muhim g‘alabada o‘zbekistonlik Oston O‘runovning xizmati katta bo‘ldi.

Rossiya va jahon futbolini yoritishga ixtisoslashgan “Futbol na kulichkax” portali uchrashuvga bag‘ishlangan sharhida hamyurtimizning o‘yiniga yuqori baho berdi.

- “Ufa” uchrashuvning boshidan o‘yinga hozirlab qo‘ygan kreativ g‘oyalarini O‘runov orqali amalga oshirishga kirishdi. O‘zbekistonlik yosh futbolchi markazdan hujumga o‘tib, jamoadoshlariga aniq paslar uzatdi, chiroyli dribling va kuchli zarbalari bilan uchrashuvni bezadi. Ostonning o‘zi ham raqib darvozasini ishg‘ol qilish uchun yaxshi qulay vaziyatlar yaratib, turli masofadan zarba berdi. Aksariyat vaziyatlar darvozabon o‘zini ko‘rsatdi. Butun uchrashuv davomida Oston hujum tashkil qiluvchi kuchli markaz vazifasini mahorat bilan uddaladi, - deb yozadi “Futbol na kulichkax” portali.

Ushbu portal jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shgan Oston O‘runovni “Ufa” va “Tambov” uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etdi.

Sports.ru sayti bloggeri Ivan Uralskiy mazkur uchrashuvni stadiondan kuzatdi. Taniqli ijodkor o‘yinga bag‘ishlangan blogida Oston O‘runovga qisqa, lo‘nda lekin antiqa ta’rif berdi: “Oston O‘runov zo‘r taassurot qoldirdi. “O‘zbek Messi”si. “Ufa” skautlarining haqiqiy topilmasi”.

“Ufa” bosh murabbiyi Vadim Yevseyev ham O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinchisining g‘alabaga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi.

- Futbolda kichkina detallar ham ko‘p narsani hal qiladi. Masalan, biz raqibning tajribali futbolchisi Adesoye Oyevolega qarshi Oston O‘runovni o‘ynatdik. Chunki Oston tezkor va harakatchan. Uning bu sifatlari o‘yinda ish berdi. U raqibini ojiz qoldirdi, undan o‘zib ketdi, o‘tkir va keskin vaziyatlar yaratdi, - dedi “Ufa” bosh murabbiyi.

Joriy yilning fevral oyida “Ufa” tarkibiga qo‘shilgan Oston O‘runov yangi jamoasi safida endigina to‘rtta uchrashuvda maydonga tushganiga qaramay, o‘z salohiyati va mahoratini namoyish eta oldi.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerimizni “o‘zbek Messi”si deb atay boshlashdi