07:16 / 28.06.2020
2 156

Yaxshiboyev faoliyatida qizg‘in davr boshlandi yoxud u qaysi jamoani tanlaydi?

Yaxshiboyev faoliyatida qizg‘in davr boshlandi yoxud u qaysi jamoani tanlaydi?
Yevropada yozgi transferlar vaqti yaqinlashgani sari aksariyat jamoalar o‘zlari uchun kerak bo‘lgan futbolchilarni qo‘lga kiritish bo‘yicha harakatlarini boshlab yubordi. Transferlar oynasi vaqtida har bir chempionatda o‘ziga xos yangiliklar va o‘zgarishlar ko‘p bo‘ladi.

O‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yib, mahorat va salohiyatini namoyon etayotgan futbolchilar ham o‘z mehnatining samarasini aynan transferlar bozorida ko‘radi. Mutaxassis va murabbiylar nazariga tushgan o‘yinchilarga, albatta, xaridor chiqadi.

Katta umidlar bilan Belarus chempionatiga yo‘l olgan Jasur Yaxshiboyevning ham bozori qaynay boshladi. Chempionat ayni qizg‘in pallasiga kirgan bir paytda o‘zbekistonlik legionerlarga Belarusning eng qudratli klublari – BATE va Minskning “Dinamo”sidan chorlov bo‘lyapti.

Xo‘sh, bu klublar qanday mavqega ega?

Aytish joizki, BATE ham, “Dinamo” ham Belarusning qolgan klublariga qaraganda milliy chempionatda eng ko‘p sovrinlarni qo‘lga kiritgan va Yevropa Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasida eng ko‘p ishtirok etgan jamoa hisoblanadi.

BATE tashkil etilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Bu klubga 1996 yilda asos solingan. Shunday bo‘lsa-da, BATE 15 karra mamlakat chempionati g‘olibi bo‘lgan, to‘rt marotaba mamlakat kubogi va yetti marotaba Superkubokni qo‘lga kiritgan. BATE Yevropa Chempionlar ligasining guruh bahslariga yo‘llanma olgan Belarusning yagona jamoasi.

“Dinamo” (Minsk) Belarus futbolining bayroqdori. Sobiq Ittifoq davrida 1982 yilda mamlakat chempioni bo‘lgan. Mustaqil Belarus tarixida yetti bor chempionlikni nishonlagan va to‘rt karra mamlakat kubogi sohibi bo‘lgan. “Dinamo” ikki marotaba Yevropa ligasi guruh bahslarida to‘p surgan. Chempionlar ligasi saralash bahslarida qatnashgan.

Jasur Yaxshiboyevni “Paxtakor”dan ijaraga olgan “Energetik-BGU” hamyurtimiz uchun Yevropa futboliga pillapoya vazifasini o‘tab bermoqda. Jamoasining va Belarus chempionatining eng kuchli futbolchilaridan biriga aylana olgan Jasur intervyularidan birida hali oldinda kuchliroq jamoalar va chempionatlardan taklif bo‘lishini ta’kidlagan edi. Shuningdek, yosh futbolchimiz “Paxtakor”ga qaytish niyati yo‘qligini ham ochiq-oydin aytgandi.

Garchi ilk marotaba legioner maqomida to‘p surayotgan futbolchimizning o‘yinida keyingi paytda biroz susayish kuzatayotgan bo‘lsa-da, Jasurning o‘zi ko‘plab mutaxassis va murabbiylar e’tiborini qozonib ulgurgan. Albatta, uning o‘yinidagi pasayishni yoshligi va birinchi marta xorij chempionatida to‘p surayotgani bilan izohlash mumkin. Shu o‘rinda, hali o‘zini o‘nglab olishi uchun oldida yetarlicha vaqt va imkoniyat boriligi ham bor gap.

Xullas, Jasur Yaxshiboyev faoliyatida eng qizg‘in davrlar endi boshlandi. O‘zbekistonlik futbol muxlislari Jasurdan Belarus chempionati orqali kuchli ligalarga o‘tishi va Yevropa maydonlarida to‘p surishini kutadi. Ayni paytda Jasurni o‘z safiga taklif qilayotgan BATE ham “Dinamo” ham Yevropa miqyosidagi musobaqalarda suyagi qotgan jamoalar sifatida Jasurni “Ko‘hna qit’a” yashil maydonlariga olib chiqishi mumkin.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yaxshiboyev faoliyatida qizg‘in davr boshlandi yoxud u qaysi jamoani tanlaydi?