13:10 / 14.07.2020
2 766

O‘zbek legionerining mahoratini xorijlik ekspertlar tan olmoqda

O‘zbek legionerining mahoratini xorijlik ekspertlar tan olmoqda
“Ufa”ning o‘zbekistonlik yarim himoyachisi Oston O‘runov qisqa fursat ichida Rossiya premer-ligasi o‘yinlarini kuzatib borayotgan mutaxassislar va muxlislar e’tibori va e’tirofini qozondi.

Xususan, Rossiya premer-ligasining 28-turida Oston O‘runov "Lokomotiv" - "Ufa" uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.

Hamyurtimizning o‘yinini yuqori baholagan nufuzli sport nashrlari uni turning ramziy terma jamoasiga kiritdi, taniqli mutaxassislar esa Ostonning mahorati haqida o‘z munosabatlarini bildira boshladi.

“Futbol na kulichkax” sayti ilk marotaba Oston O‘runovni ramziy terma jamoaga munosib ko‘rdi.
Mazkur manba mutaxassislar O‘runovning o‘yinini yuqori baholadi.

- “Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi bilan uchrashuvda ufaliklar avvaldan himoyaviy o‘yin namoyish etishga qaror qilgan edi. Bunday holatda ko‘p narsa O‘runovning mahoratiga bog‘liq bo‘ladi. Ostonga tezkorligi evaziga raqibdan qochib ketish va driblingiga tayanib, hujumga o‘tish vazifasi yuklatilgan edi. O‘zbekistonlik yarim himoyachi moslashuvchan, egiluvchan va qomatiga nisbatan tezligi katta. Atletik imkoniyatlari yakkakurashlarda va pressingda o‘zini erkin his qilishini ta’minlamoqda. O‘runov bir necha marotaba hujumlarni yakunlashga harakat qildi. Lekin raqib posboni Kochenkov ishonchli o‘ynadi. Fakt shuki, O‘runov olti marta raqib bilan yuzma-yuz keldi va barcha urinishda “Lokomotiv” futbolchilarini aldab o‘tdi”, - deb yozadi “Futbol na kulichkax”.

Otaxon gazeta – “Sovetskiy sport” tur yakunlariga bag‘ishlangan tahlilida Oston O‘runovni eng yaxshi 11 futbolchi qatorida e’tirof etdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining 19 yoshli futbolchisi Oston O‘runov Vadim Yevseyev yaratgan tizimning ajralmas qismiga aylanib bo‘ldi. Ufaliklar “Lokomotiv”dek qudratli jamoaga qarshi optimal tarkibni maydonga tushira olmagan bir pallada O‘runov yetakchilik mas’uliyatini o‘z zimmasiga oldi. O‘yin davomida raqiblarini aldab o‘tdi, darvozaga zarbalar berdi va o‘tkir paslar orqali xavfli hujumlar yaratdi. Aynan Ostonning Artyom Golubevga bergan pasi natijasida ufaliklar penalti tepish huquqini qo‘lga kiritdi va hisobni ochdi”, - deb ma’lumot berdi sovsport.ru.

O‘z vaqtida Rossiya terma jamoasi va “Spartak”dagi faoliyati bilan mashhur bo‘lgan futbol eksperti Yevgeniy Lovchev ham o‘zbekistonlik legionerning mahoratini alohida tilga oldi.

- “Ufa” tarkibida o‘zbekistonlik yosh yarim himoyachi Oston O‘runov qator uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsatib kelmoqda. Menda shunday tasavvur uyg‘onyapti: bizning barcha futbolchilarimiz bitta inkubatordan chiqqanga o‘xshaydi – ular bir xil yuguradi, kurashadi, pas beradi. Lekin bir biridan ajralib turadigan jihati yo‘q. O‘runov paydo bo‘lishi bilan darrov raqiblarni aldab o‘tishga, nostandart qarorlarini amalga oshirishga, vaziyatlarga kreativ yondashishga kirishadi va bu darrov e’tiborni tortadi. Endi murabbiylar uning boshqa kuchli jihatlarini ham rivojlantirishlari kerak bo‘ladi, - deydi Yevgeniy Lovchev.

Oston O‘runovning o‘zi kelajakda Rossiya premer-ligasi bilan cheklanib qolmoqchi emas. Iste’dodli futbolchimiz “Manchester Yunayted”, “Real” va “Yuventus” kabi jamoalarda o‘ynashni orzu qilmoqda. Ostonning o‘zi aytganidek, “Ufa” Yevropa chempionatlariga o‘tishda futbolchimizga tramplin vositasini o‘tashi darkor.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek legionerining mahoratini xorijlik ekspertlar tan olmoqda