23:48 / 14.07.2020
1 819

Ro‘ziqul Berdiyev: "Bugungi jangovar o‘yindan muxlislar zavq olishdi"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Bugungi jangovar o‘yindan muxlislar zavq olishdi"
Coca Cola Superliganing 9-turidan o‘rin olgan "Qo‘qon-1912" - "Nasaf" (2:2) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirdi.
"O‘ylamanki, bugun har ikki jamoa ham o‘z saviyasiga yarasha o‘yin namoyish etishdi. Ikki jamoa ham yaxshi o‘ynadi. Ikki marta hisobda oldinda borib, g‘alabani qo‘ldan chiqarish alamli bo‘ldi. O‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Uchrashuv oxirida mezbonlar ham g‘alabani ilib ketishlari mumkin edi. G‘alabani ushlab qola olmaganimiz biz uchun muvaffaqiyatsizlik bo‘lishi mumkin. Lekin, yuqorida ta’kidlaganimdek o‘yinlar teng kurashlar ostida o‘tdi. Bu yil Qo‘qonda juda yaxshi jamoa shakllangan. O‘yinlarini kuzatganimizda shunga amin bo‘ldikki jamoa jangovar ruhda o‘yin ko‘rsatmoqda.

Aytishimiz kerakki, har ikki golda ham darvozabonlarimiz xato qilishdi. Biz bunday xatolarni kutmagan edik. Birinchi goldan keyin Mashhurni almashtirdim. Lekin, uni o‘rniga tushgan Abduvohid ham to‘pga otilishda xato qildi.

Bugun boshlang‘ich tarkibda uchta o‘zgarish qilishimizning asosiy sababi ayrim futbolchilarimizning jarohati bor edi. Qolaversa, yoshlarga imkon berishga harakat qilyapmiz. Aliqulov biroz betob edi, o‘zini yomon his qildi. Rahmatullayevni o‘rniga esa Akmal Mozgovoyni tushirdik, Akmal bugun yomon o‘ynamadi va uchinchi o‘zgarish Bobur Abduxoliqov bilan bog‘liq. Bobur barcha o‘yinlarda maydonga tushib kelmoqda va unda charchoq alomatlari sezilmoqda, yana uni natijalari ham qoniqarli emas. Ohirgi o‘yinlarda yoshlarga ishonch bildirishda davom etyapmiz. Akmal "Metallurg" bilan o‘yinda g‘alaba to‘pini kiritdi.

Mashg‘ulotlarni salqin paytda o‘tkazish mumkin. Lekin rasmiy o‘yinlarda bunday qilib bo‘lmaydi. Yoz oyida o‘ynash oson emas. Issiqda o‘ynash futbolni tempini pasaytiradi. Ammo bu vaqtinchalik holat deb o‘ylayman. Hozir vaziyat shunaqa. Qolaversa o‘yinlar muxlislarsiz ham bo‘lmoqda. Ammo o‘yinlarning televizor orqali jonli namoyish etilayotgani ham muxlislarga manzur bo‘lmoqda. Bugungi jangovar o‘yindan muxlislar zavq olishmoqda, deb o‘ylayman.

Ha, bizda har yili ikkita yoki uchta Ostonga o‘xshagan futbolchilar chiqyapti. Oston Rossiyada, Jasur Belorus chempionatida o‘zini ko‘rsatmoqda. Aziz ham hali amirliklarda o‘zini ko‘rsata oladi. Uni imkoniyatlarini bilaman. Yoshlarga ishonish kerak. Bo‘lmasa qolib ketaveradi. Masalan, kecha "Paxtakor" bilan o‘yinda AGMK safida maydonga tushgan yosh futbolchi yomon taassurot qoldirmadi. Bundan qo‘rqish kerak emas.

Yoshlarga ko‘proq imkoniyat berish kerak, deb hisoblayman. Bu ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttiradi.

Markazlashgan bahslar haqida shuni aytishim lozimki, vaziyat og‘irlashsa, o‘yinlarni to‘xtatib turish kerak. Insonlarni sog‘lig‘i birinchi o‘ringa chiqishi kerak. Men shunaqa fikr bildirdim. Lekin o‘yinlar qanday reglamentda bo‘lsa shu holatda davom ettirish tarafdoriman. Markazlashgan holatda o‘tkazish qaysidir jamoaga qulay yoki noqulay bo‘lishi mumkin", - deydi Ro‘ziqul Berdiyev.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Bugungi jangovar o‘yindan muxlislar zavq olishdi"